--

Yutuqlar ortida— matonat va  tadbirkorlik

Yutuqlar  ortida— matonat va  tadbirkorlik
Chop etilgan 19 сентября, 2026

Bundan 7–8 yillar avval Ro‘zixon Parmonovani eski bozor hududida qo‘lida go‘dagi bilan qovun-tarvuz sotib o‘tirgan holda ko‘rardim. Gohida yuk mashinasidan qovun-tarvuzlarni tushirayotganiga ko‘zim tushardi. Oradan 

biroz vaqt o‘tib, uning qovun-tarvuz savdosiga qo‘shimcha ravishda gul do‘koni ochganidan xabar topdim. Shunda ichim-da: “Ha, bu ayol ishbilarmon ekan”, deb qo‘ygandim.

Bugun esa o‘sha Ro‘zixon – katta gul do‘koniga ega tadbirkor ayol.

O‘ttiz besh yoshida o‘z mehnati, izlanishi va tadbirkorlik qobiliyati bilan salmoqli natijalarga erishgan. Uning bugungi yutug‘i oddiygina tasodif emas. Bu  yillar davomidagi izlanish va mehnatdan qochmaslik mevasi.

 — Dastlab qovun-tarvuz sotib o‘tirardim, — deydi Ro‘zixon.— Yonimdagi gul sotuvchilarni kuzatar, xaridorlar qaysi gullarni ko‘proq olayotganiga e’tibor berardim. Gullarga qiziqishim bor edi. Keyin katta havas bilan yaqin dugonam Shahlo Xolmurodova bilan  gul sotishni qo‘shimcha ish sifatida boshladik. Dastlab ko‘chada gul sotdik. Keyin kichkinagina do‘konga ko‘chib o‘tdik.

Bugun uning do‘konida 100 turdan ortiq gul bor. Narxi ham turlicha — 10 ming so‘mdan tortib, 2–3 million so‘mgacha bo‘lgan gul kompozitsiyalarini uchratish mumkin.

Ammo Ro‘zixonning ishi faqat do‘konda gul sotish bilan cheklanmaydi. U tashkilotlar va xonadonlarga gul ekib berish, hududlarni obodonlashtirish bilan ham shug‘ullanadi. Ayni paytda lavanda, xrizantema kabi gullarni olib kelib, buyurtma asosida ekib bermoqda.

Biz borganda Ro‘zixon Xovos tumanidagi bir tashkilot hududiga gul ekish uchun yo‘lga otlanayotgan ekan. Yuk mashinasini  bir chetga burib, yashiklardagi gullarni ishchilar bilan birga mashinaga joylashtirar ekan:

— Sanab-sanab beringlar, adashib ketma-sin, — deya ikki ishchi ayolga ora-sirada gapirib qo‘yardi. – Gulchilik  mehr talab qiladigan kasb. Ayrimlar gulni xo‘jako‘rsinga ekishadi, — deydi u.— Aslida esa avvalo yerni yumshatib, tayyorlab, keyin gul ekish kerak. U bilan gaplashish kerak. Bu gaplarni aytayotganida uning ko‘zlarida haqiqatan ham o‘z ishiga bo‘lgan mehr sezildi.

Balki gullarning  yaxshi o‘sib, ochilib, odamlarga quvonch ulashishining siri ham shundadir.

 Suhbatimiz davomida Ro‘zixon yuk mashinasiga gullarni ortish bilan birga ishchilarining ishini ham nazorat qilib turdi.

Shunda undan:

Ijtimoiy tarmoqlarda yuk mashinasidan otilgan qovunlarni ildamlik bilan ilib olib, chaqqonlik bilan terayotganingizni ko‘rib hayron qolganman. Ayol kishi uchun bunday mehnat og‘ir emasmi? — deb so‘radim.

— Menga Olloh kuch bergan.

Keyin bilsam, uning kundalik hayoti ham oson emas ekan.

— Ishonasizmi, har kuni tungi soat bir-ikkilarda turib, yuk mashinamni boshqarib, Toshkent shahridagi lavandazorlarga, gulchi tadbirkorlarning issiqxonalariga boraman. Tongda qaytib kelaman. Kuni bilan gul sotaman, gul ekaman. Qolaversa, qovun-tarvuz sotishni ham tashlaganim yo‘q. Yangi bozorda hali ham o‘z nuqtam bor, — deydi u.

Davlat va jamiyat o‘rtasidagi jarayonlarni yoritib kelayotgan jurnalist sifatida tur-li insonlarni uchratganman. Ammo Ro‘zixonning suhbat davomida biror marta nolimagani menda alohida taassurot qoldirdi. O‘zimni juda ojiz xis qildim.

“Qo‘limdan kelmaydi”, “sharoit yo‘q”, “ish topilmaydi” degan bahonalardan ko‘ra, harakat qilishni tanlagan ayolning hayoti boshqacha bo‘lar ekan, degan fikr o‘tdi xayolimdan.

    — O‘z oldimga oliy maqsad qo‘ygan-man. Gul do‘konimni xorijiy davlatlardagi kabi juda katta qilishni, ko‘plab ishchilar olib, ularga o‘z bilimlarimni o‘rgatishni istayman. Hozircha qo‘ldan qo‘lga o‘tgan gullarni olaman. Endi esa Xitoy va boshqa davlatlardan gullarni o‘zim olib kelishni rejalashtiryapman, — deydi u.

    Orzusi u do‘konini “Ikki dugona” deb nomlamoqchi. Bu nomni  shunchaki chiroyli eshitilgani uchun tanlanmagan. Uning ortida yillar davomida yelkadosh bo‘lib kelgan ikki dugonaning mehnati, ishonchi va halolligi bor.

— Dugonam Shahlo men yo‘q paytda ham do‘konda savdo-sotiq, hisob-kitob ishlarini olib boradi. Savdoda halollik baraka bera-di. Balki uning tufayli kasodga uchramayot-gandirman. Ikkovimizning mehnatimiz tufayli bugun rohat ko‘ryapmiz. Shuning uchun do‘konimizni “Ikki dugona” deb atagim keladi, — deydi Ro‘zixon.

Darhaqiqat, ba’zan katta bizneslar katta

sarmoyadan emas, katta ishonchdan boshla-nadi.

Ro‘zixon va Shahloning hikoyasi ham shunday. Biri harakat qilsa, ikkinchisi ishni ushlab turadi. Biri yo‘lda bo‘lsa, ikkinchisi do‘konda. Birining mehnati ikkinchisining ishonchi bilan to‘ldiriladi.

 —Bugun qaysidir ma’noda o‘z orzulari-mizga erishdik,—deydi u. —Mehnatlarimiz tufayli ikki dugona ham yangi qurilgan ko‘p qaqvatli uylardan hamda yangi mashinalar sotib oldik.

Kechagina bozorda qo‘lida go‘dagi bilan qovun sotayotgan ayol bugun katta gul do‘ko-niga ega. Jamiyatimizda Ro‘zixon, Shahlo kabi o‘z mehnati bilan rizqini topayotgan, oilasiga tayanch bo‘layotgan, tadbirkorlik qilib yangi ish o‘rinlari yaratayotgan ayollar ko‘payib borayotgani quvonarli.

Zero, ayolning kuch-qudrati faqat uning nozikligida emas. Uning haqiqiy qudrati  qiyinchilik oldida sinmasligi, mehnatdan qochmasligi va orzusiga ishonib yashay bilishida.

Ro‘zixonning gullari hali yana ko‘p manzillarga yetib boradi. Uning orzusi ham shu gullardek.  Bir kun kelib u  katta gul do‘konlari ochishiga  ishonamiz. Chunki mehnat qilgan inson, albatta, maqsadiga erishadi.

Xurshida NISHONOVA

Xurshida NISHONOVA
Xurshida NISHONOVA
BO‘LIM MUHARRIRI
Теги::