--

ODAMIYLIK VA ORIFIYLIK

ODAMIYLIK VA ORIFIYLIK
Chop etilgan 3 September, 2026

Sirdaryo viloyati oz bo‘lsa-da 63 yillik shonli tarixi mobaynida ko‘plab yetuk ma’rifatli shaxslarni yetkazib bergan va yetkazib bermoqda. Shunday zabardast, hamon el xizmatida bo‘lgan, odamiylikni ham, orifiylikni ham o‘rniga qo‘ya bilgan shaxs Orif Ayupovdir. U kishi jamiyat hayotiga o‘zining zalvorli qarashlari bilan ma’naviy ta’sir ko‘rsata olgan ustoz olimdir. O. Ayupov Guliston davlat universiteti professori, “Turon” fanlar akademiyasining faxriy akademigidir.

Insonning kimligini uning jamiyat va insoniyat uchun qo‘shgan hissalariga qarab bilish mumkin. Shunday insonlar borki, ular ismi bilan tug‘ilib, nafaqat jamiyat hayoti uchun balki umuminsoniyat uchun ham sezilarli hissa qo‘shadi. Bunday yuksak jasorat, matonat ko‘rsatish, pirovardida ma’naviy yetuk va aqliy barkamol bo‘lish barcha davrlarda ham har kimning qo‘lidan kelgan vazifa bo‘lgan emas.
“Onam menga “harbiy bo‘lsang, general bo‘lasan, rohib bo‘lsang, Rim papasi bo‘lasan”, derdi. Men esa rassom bo‘ldim va Pikasso bo‘ldim”, degan edi mashhur Pablo Pikasso.
Orif Ayupov xalqlar tarixi, dini, san’ati, madaniyati, ma’naviyati bilan ularning o‘z ona tilida tanishish uchun ham ko‘plab sharq va g‘arb tillarini o‘rgandi. Bu o‘rganishlarni o‘zining qariyb 60 yillik oliy ta’limdagi pedagoglik sohasida 200 dan ortiq ilmiy-uslubiy ishlarida yoritib berdi.
Har bir odamning shaxs bo‘lib kamolga yetishi jamiyat va insoniyat hayoti uchun munosib hissa qo‘shishi murakkab bo‘lganidek, har bir o‘qituvchining ustozlik maqomiga yetishishi o‘ta mashaqqatli, yuki ham zalvorlidir. Negaki, ustoz maqomi juda ulug‘ maqomdir. Bu darajaga yetishish har kimning ham qo‘lidan kelavermaydi.
Inson – shaxsning o‘rnini bosa olmaganidek, har bir o‘qituvchi ham ustoz bo‘la olmaydi. Biroq ham o‘qituvchi ham ustoz bo‘lish har kimga ham nasib emas. Ham o‘qituvchi ham ustoz bo‘lishning ko‘p karra baxt ekanligini bunday sharafga ega bo‘lganlargina his qila oladilar. “Avvalo odam bo‘lishga harakat qil, ortiqcha vaqt topsang, olim bo‘laverasan” – degan edi faylasuf Pifagor. Orif Ayupov esa ham odamiylikni, ham olimlikni o‘rniga qo‘ya olgan ibratli zamondoshlarimizdan biridir.
Inson uchun ikki dunyo saodatini baxsh etuvchi omillardan biri u yetishtirgan shogirdlar va yaratgan kitoblaridir. Agarki, bu kitoblardan jamiyat foyda ko‘rsa, naf topsa. Olimlar bor yozgan asarlari davr silsilasiga dosh bera olmay javonlarda chang bosib, na o‘zi uchun na jamiyat uchun na kelajak avlod uchun biror nafi bo‘lmay qolib ketishi mumkin. Orif Ayupov tomonidan 2000-yilda “Siz bularni bilishingiz lozim” , hozirda “Dunyo. Siyosat. Jamiyat” nomli to‘plamlari nashr etila boshlandi. Bu qo‘llanma nafaqat kitob javonlarini bezash uchun balki insonning ham diniy, ham dunyoviy ilmini yuksaltirish uchun xizmat qilib kelmoqda. Shu sababdan ustozning dunyoning ko‘plab davlatlarida shogirdlari bor.
“Dunyo. Siyosat. Jamiyat” qo‘llanmasi nafaqat hozirgi davr uchun, balki kelajakda ham o‘z ahamiyati yo‘qolmasligi va yo‘qotmasligini quyidagi o‘ziga xos jihatlarda ko‘rish mumkin.
— Qo‘llanmada inson aqliy qobiliyatini, ma’naviy salohiyatini, ruhiy sog‘lomligini, ijtimoiy-siyosiy yetukligi, axloqiy go‘zalligi, estetik didini yuksaltiradigan tushuncha va tamoyillar qisqa, lo‘nda va aniq bayon etilgan;
— Hayotda muntazam qo‘llaniladigan, kim va qaysi soha vakili bo‘lishidan qat’iy nazar barcha uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlar bazasi shakllantirilib berilgan;
— Qo‘llanma yaratilgan vaqtdan beri yurtimizda faoliyat olib borgan va faoliyat yurita-yotgan davlat arboblari zanjiri ketma-ketlikda berilganligi bilan ham ahamiyatlidir;
— Qo‘llanma bugungi kun uchun dolzarb bo‘lishi asno, o‘tgan davr va kelajak o‘rtasida muhim ko‘prik vazifasini o‘tash uchun ham xizmat qiladi;
— Yillar silsilasida qo‘llanmaga yangiliklar kiritilishi kitobning ahamiyatini oshirsa-oshiradiki, aslo tushirmaydi;
— Qo‘llanmadan nafaqat biz balki umuminsoniyat ham bemalol foydalanishi mumkin. Undagi ma’lumotlar milliy, mintaqaviy, umuminsoniy ko‘lamni ham qamrab olgan.
Yana shuni ta’kidlash joizki, qo‘llanma juda ko‘p ma’lumotlarni qisqa holda jamlagan kamdan-kam kundalik yoki ma’lumotlar bazasi sifatida barcha insonlar hayotiy zarurat sifatida hamisha yonida olib yurishga, yodida saqlab yurishga arziydi. Shu sababdan “Dunyo. Siyosat. Jamiyat” nomini eshitgan insonda kitob muallifi Orif Ayupov siymosi, Orif Ayupov deganda esa inson ko‘z oldiga muhim ma’lumotlarga boy bo‘lgan “Dunyo. Siyosat. Jamiyat” qo‘llanmasi gavdalanadi.

— O‘tgan yillarning birida Farg‘ona tomonga yo‘l olishimizga to‘g‘ri keldi. “Qamchiq” dovoniga yetganimizda endi tong yorisha boshlagan payt edi.
Chegara o‘tkazish punktida pasport nazoratidan o‘tayotgan vaqtimizda biz bilan hamroh bo‘lib ketayotgan ayolning pasporti uyda qolib, o‘rniga
pasport nusxasini olib kelayotgan ekan. Harbiylar-dan qayta-qayta iltimos qilishimizga qaramay sherigimizdan tushib qolishni talab qilishdi. Men
post komandiriga iltimos qila boshladim. Suhbati-miz davomida Guliston davlat universitetida ishlashimni aytib o‘tdim. U Orifjon akaning kitobi haqida so‘z yuritib, “Mening davlat attestatsiyasidan o‘tishimda domlaning kitobi juda qo‘l kelgan” deb qoldi. Vaziyatdan foydalanib Orifjon aka bilan yosh komandirni telefon orqali bog‘ladim. Komandir shu zahoti bizga ruxsat berdi, —deydi GulDU professori Habibullo Abdukarimov.
— “Dunyo. Siyosat. Jamiyat”. Ushbu to‘plam respublikamizda eng nodir kitoblar qatorida turadi. Hozirda to‘plamning o‘n oltinchi nashri dunyo yuzini ko‘rdi. Umumiy nashrlar adadi 300 mingdan ortdi. Sirdaryo viloyati tarixida hech kim bu natijaga erisha olmagan. Bu bilan Orif Ayupov hayotlik chog‘idayoq o‘ziga haykal qo‘ya olgan sanoqli ustozlardan biri hisoblanadi. Ustoz nomi taniqli olim sifatida AQSHning Garvard universiteti qoshidagi Markaziy Osiyo bo‘yicha tadqiqot markazining katalogidan o‘rin olgan. O‘zbekistonda chop etilgan “Vostokovedi Uzbekistana” (“O‘zbekiston sharqshunoslari”) nomli kitobda ilmiy faoliyatiga alohida sahifalar bag‘ishlanganligi diqqatga sazovor, deydi falsafa fanlari nomzodi, dotsent Sobirjon Ismoilov.
Mustaqilligimizning 35 yillik bayrami arafasida o‘zining qutlug‘ 85 yoshi ostonasida ustoz Orif Ayupov muhtaram Yurtboshimiz tomonidan “Shuhrat” medali hamda “O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 35 yilligi” esdalik nishoni bilan taqdirlandi. Bu mukofot – ustozning yillar davomidagi halol va fidokorona mehnati, ilm-fan va ijod yo‘lidagi izlanishlari, milliy ma’naviyatimiz rivojiga qo‘shgan munosib hissasiga berilgan yuksak bahodir. Zero, Orif Ayupov uchun ilm va ijod shunchaki kasb emas, balki umr mazmuni, e’tiqod va elga xizmat qilishning sharafli yo‘lidir. Odamiylikni fazilat, oriflikni kamolot mezoni deb bilgan, hayoti va ibrati bilan ko‘plab shogirdlarga yo‘l ko‘rsatib kelayotgan muhtaram ustozga ushbu yuksak e’tirof muborak bo‘lsin deymiz.
Shogird sifatida ustozimiz Orif Ayupovga mustahkam sog‘lik, xotirjamlik, uzoq va barakali umr, ilmiy-ijodiy izlanishlarida yangi yuksak cho‘qqilar tilaymiz. Umrining 85-bahori fayzi yana ko‘p yillar davomida el-yurtga nur, shogirdlarga ibrat, ilm ahliga madad bo‘lib xizmat qilsin!
Bahrom BOYMURODOV

Тегlar::