“Toshkent–Frankfurt” yo‘nalishi-dagi havo layneri parvozga shay. Yo‘lovchilarning salondan o‘rinlarini egallashlarini so‘raymiz!”
Aeroport radiokarnayidan taralgan ovozdan Ashir Xo‘janov hushyor tortdi. Bugun u o‘g‘li Ravshanning chorlovi bilan Germaniyaning Drez-den shahriga otlanmoqda. Farzandi arjumandi mana shu shahardagi Texnika universiteti aspiranturasida tahsil oladi. Muhim ilmiy ish ustida izlanmoqda. Bir necha yildirki, oilasi bilan Drezdenda yashaydi. Ashir ota nabiralarini juda sog‘ingandi.
Samolyot beton yo‘lakdan tezlik olib, samoga ko‘tarildi. O‘rindiqqa yaxshilab joylashib olgan Xo‘janov besh yarim soatlik parvozni o‘tgan umrini sarhisob qilish bilan o‘tkazdi. Kechagidek esida: 1972-yil Toshkent politexnika institutining Energetika fakultetini xatm qilib, nurchilar shahri
Shiringa kelganida Sirdaryo issiqlik elektr stansiyasining birinchi bloki ishga tushish arafasida edi. Yosh xodim qozon-turbina sexining energoblok mashinisti yordamchisi vazifasida ish boshladi. Mamlakatimiz energetika siyosatidagi ulkan voqea — birinchi energoblokning ishga tushirilish marosimida bevosita xodim sifatida qatnashdi. Shirindan butun mamlakatimizga nur oqimi tarala boshlanda. O‘sha kezlarda IESda asosan o‘ris va boshqa millat vakillari ishlar edi. O‘zbek ishchilar sinfi endi shakllana boshlagandi.
Ashir IESda 14 yil ishladi. Amal pillapoyalaridan asta-sekin sex boshlig‘i darajasigacha ko‘tarildi. Samarali mehnati evaziga 1978-yil “Mehnatda o‘rnak ko‘rsatganligi uchun” medali bilan taqdirlandi. Biroq salomatligiga putur yetib, mas’uliyatli vazifani ado etishda qiynala boshladi...
Havo layneri bepoyon samoda shovqin solib uchib borardi. Ashir lyukdan samoni kuzatdi. Fazo shishadek tiniq edi.
Xo‘janov keyingi hayotini energetika inshootlariga kadr yetishtirishga bag‘ishladi. Shirin energetika texnikumida bo‘lajak nurchilarga saboq bera boshladi. Harakatchanligi, kasbiga sadoqati, amaliy ko‘nikmalarni puxta egalla-ganligi tufayli direktor o‘rinbosari lavozimigacha ko‘tarildi. Texnikum nomi ketma-ket bir necha marta o‘zgardi. Ashir 2002-2004-yillar miyonasida Shirin maishiy xizmat hamda 2005-2011-yillarda Shirin energetika va maishiy xizmat ko‘rsa-tish kasb-hunar kollejida direktor lavozimlarida ishladi. Energetika sohasiga malakali kadrlar yetishtirib berganligi hisobga olinib, 2011-yil “O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi a’lochisi” ko‘krak nishoni bilan siylandi. O‘sha yili pensiyaga chiq-qach, Shirin shahridagi eng katta mahalla “Farhod” MFYga rais etib saylandi. 2025-yil esa Xo‘janov
I darajali “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoniga noil bo‘ldi.
Salonda layner qo‘nishga chog‘la-nayotgani haqidagi e’lon yangragach, Xo‘jamov xayollarini yig‘ishtirib oldi. Uchoq trapidan tushayotganda yuragi hapriqib ketdi. Uni kutib olishga o‘g‘li Ravshanbek chiqqan edi. Ota-bola achomlashgan ko‘yi ancha turishdi. Ota o‘g‘lini juda sog‘ingan edi-da. Shirin diydordan keyin ko‘ngli yorishib ketdi. Yo‘l yurib, yo‘l yursa ham mo‘l yurib Drezdenga yetib kelishdi. Ko‘pqavatli uyning xonadonida nabiralari Rahmatulloh, Xayrulloh, Abdurahmon va Solihalar bobolarini qo‘shiqlar kuylab, raqslarga tushib kutib oldilar. Ikki katta nabirasi nemis maktabining 4- va 3-sinflarida tahsil olarkan. Nemis tilida bulbuligo‘yo bo‘lib gaplashisharkan. Kichik nabiralari esa bog‘chaga qatnarkan.
— Dastlabki kunlari yurt sog‘inchi uncha bilinmadi, — deydi Ashir Xo‘jamov. — Shahar aylanish, nabiralarim bilan to‘yib-to‘yib suhbatlashish ko‘nglimni ko‘tarib yuborgan edi. Biroq hafta o‘tmay otamakonim Shirinni, ona yurtim
O‘zbekistonni sog‘ina boshladim. Tilimga hassos shoirimiz Muhammad
Yusufning: “Rimni alishmasman bedapoyangga” degan satri kelaveradi, deng. (Ashir Xo‘jamovning jurnalis-tika va adabiyotga ham mehri o‘zga-cha. Bir muddat “Shirin sadosi” gazetasi bilan hamkorlik ham qilgan. Xonadonida binoyidek kutubxonasi bor). Nabiralarim: “Endi doim biz bilan birga yashaysiz-a, bobo?” degan savollariga ko‘ngillari uchun zo‘rg‘a “Ha!” deb javob beraman.
Yurtning qadri mana shunday g‘ayri ellarni kezganda bilinarkan. Bejiz mashoyixlar, musofir bo‘lmay musulmon bo‘lmas, degan naqlni to‘qimaganlar-da. Qahramonimiz Drezden ko‘chalarini sayr qilganda doimo boshda do‘ppi bilan g‘oz yuribdi. Nemislar notanish mehmonni ko‘rib “O‘zbekiston” “Toshkent” deb bir-birlariga gap otishibdi.
— Germaniyada O‘zbekistonga, o‘zbeklarga katta hurmat bilan qara-
sharkan, — deydi Ashir Xo‘jamov. — Chunki ular yurtimizdagi olamshumul islohotlardan xabardor. Ayniqsa, nemislarni xalqimizning milliy qadriyatlar va an’analarni e’zozlashi, mehmondo‘stligi va bag‘rikengligi hayratga solarkan. Xorijdagilarning O‘zbekiston va uning xalqiga hurmati qalbimda faxr-iftixor tuyg‘ularini jo‘shtirib yubordi.
Bir kuni Ashir Xo‘jamov nabiralari Abdurahmon va Solihani o‘zi bog‘-chaga olib boribdi. Mazkur ta’lim muassasasi o‘zga millat vakillarining farzandlari uchun ixtisoslashgan ekan. Bog‘chaga kiraverishdagi oynavand qutiga turli mamlakatlarning bayroq-lari joylashtirilgan ekan. 19 ta bayroq.
Demak, ushbu ta’lim muassasasida 19 ta davlatdan kelgan vakillarning farzandlari ta’lim-tarbiya olishadi. Ular orasida Xo‘jamovning ikki nabirasi hurmatiga O‘zbekiston bayrog‘i ham qo‘yilgan. “Yurtimiz bayrog‘ini ko‘rib, ko‘zlarimga yosh keldi”, deydi qahramonimiz.
Ikki oylik sayohat Ashir Xo‘ja-movga ikki yildek tuyuldi. Oxirgi kunlar toshbaqaning yurishidek sekin o‘tdi. Va nihoyat, u kutgan kun keldi. Farzandi va nabiralari bilan xayrlashib, uchoqqa chiqqach, yurtga tezroq yetishni Yaratgandan o‘tinib so‘radi. Layner Toshkent xalqaro aeroportiga qo‘ngach, muqaddas yurt tuprog‘ini mehribon onasiga mengzab o‘pdi, o‘pkasini to‘ldirib yurt havo-sidan to‘yib-to‘yib nafas oldi. Musta-qillikka erishganimizning 35 yili mobaynida erishilgan yutuqlardan boshi osmonga yetdi.
Ha, ha, ishonavering. Ko‘nglidan shunday shoirona so‘zlar otilib chiqdi. “Vatan aziz, Vatan muqaddas! Uning bir kaft tuprog‘ini ko‘zga to‘tiyo qilib surtishga arzigay. Darhaqiqat, Vatan haqidagi kalomlar o‘zgacha jaranglaydi, shu so‘zlarni aytsak, qalbimizda faxr, g‘urur tuyg‘ulari paydo bo‘ladi. Bu aytimlarim kimlar uchundir balandparvoz gaplar bo‘lib tuyulishi mumkin. Negaki, qachonlardir kaminaga ham shunday tuyulardi. Vatan tushunchasini, ona yurt qadrini Vatanda yashayotgan hamma ham anglab yetavermaydi. Bu his-tuyg‘ularni kindik qoni to‘kilgan tuproqdan, Vatandan yiroqda, musofirlikdagi inson teran his etarkan”.
Shoir bo‘lib keting-e, o‘rtoq Xo‘janov!
Muhammadali AHMAD
Tasvirlarda: faxriy energetik Ashir Xo‘jamov; qahramonimiz anorzorida; oila davrasida.