--

Aytmasam bo‘lmas...

Aytmasam bo‘lmas...
Chop etilgan 25 August, 2026

Bugungi islohotlarning barchasi – Vatan uchun, Millat uchun, Xalq uchun Jurnalist – davlat va jamiyatning xolis vijdoni. U har qanday o‘zgarishlarga oddiy kuzatuvchi emas, balki teran va sinchkov nigoh bilan razm soladi​. Haqiqiy ijodkor el boshiga tushgan sinov va quvonchni o‘z xonadonida kechayotgandek qalbidan o‘tkazadi.
Ravon manzillarga aylangan 1000 kilometrga yaqin ichki va magistral yo‘llar, zamonaviy jamoat transporti, foydalanishga topshirilgan 80 ta yangi ko‘p qavatli uylar va energiya tejamkor bazalt texnologiyalari... Bu shunchaki raqamlar emas, balki aholining yillar davomida kutgan orzulari amalga oshganining ifodasidir. Qarovsiz qamishzorlardan so‘lim alleyalarga aylangan “Do‘stlik” kanali atrofi, Gulistondagi yangi piyodalar tunneli va foydalanishga topshirilgan viloyat qo‘g‘irchoq teatri, madaniy maskanlar bugun yurtimiz husniga husn qo‘shmoqda.
Sirdaryo qanday qilib tanib bo‘lmas, zamonaviy va shinam qiyofa kasb etdi? El xizmatidagi xayrli islohotlar va ularning amaliy natijalari haqida nega biz, sirdaryoliklar, o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rib turgan obodlikni, aholimiz erishayotgan farovonlikni barchaga baralla aytmasligimiz kerak?
Loy ko‘chalardan ravon manzillar sari
Viloyatimizning so‘nggi yillardagi qiyofasini avvalgi
davrlar bilan taqqosda ko‘rmaslik mumkin emas. Eng avvalo, shahar va qishloqlarda atrof-muhit obodonlashtirildi, magistral va ichki yo‘llar tubdan yangilandi.
Tahlillarga nazar tashlasak, raqam-lar ortida insonlarning ushalishi qiyin bo‘lgan orzulari turganiga guvoh bo‘lamiz.
2025-yilning o‘zida  jami 798 kilometr yo‘l qayta qurilib, shundan 353 kilometri aynan aholi eng ko‘p qiynalgan ichki yo‘llar hissasiga to‘g‘ri keladi. Mazkur ishlarga 525 milliard so ‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltirilganining o‘ziyoq xayrli maqsadlar ko‘lamini ko‘rsatadi.
2024-2026-yillar oralig‘ida 300 kilometr  yo‘l sozlandi, 10 ta yirik ko‘prik qayta rekonstruksiya qilindi.
Mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida aytish joizki, ichki yo‘llar-ning sozlanishi xalqimiz uchun eng katta yengilliklardan biri bo‘ldi. Guliston, Yangiyer va Shirin shaharlari, shuningdek, Boyovut, Mirzaobod, Sayxunobod, Sirdaryo va Xovos tumanlarida ichki yo‘llarni yangilash ishlari bugun ham jadal davom etmoqda.
Misol uchun, Sirdaryo tumanidagi “Bahor” mahallasini olaylik. Kuni kechaga qadar yomg‘ir-qorli kunlarda loy, yozning chillasida chang-to‘zon bo‘lib, aholiga qanchadan-qancha noqulayliklar tug‘dirayotgan edi. Bugun esa bu ko‘chalar zamonaviy, ravon manzillarga aylandi. Aholi deyarli 35 yil davomida orziqib kutgan yo‘llar endi el uzog‘ini yaqin qilishga xizmat qiladi.
Zamonaviy transport va komfort hayot aholining turmush tarzini yaxshilash, yo‘lovchilarga zamonaviy qulayliklar yaratish borasidagi islohotlar jamoat transporti tizimini ham chetlab o‘tmadi.
2025-yilda viloyatimizdagi mun-tazam yo‘nalishlarga 67 ta yangi avtobus va 11 ta mikroavtobus xarid qilinib, yo‘nalishlarga chiqarildi.
2026-yilning birinchi yarim yilligida esa yana 15 ta avtobus va 8 ta mikroavtobus aholi xizmatiga topshirildi.
Eski va noqulay transport vositalari o‘rnini shinam va zamo-naviy avtobuslar egallashi, shubhasiz, inson qadrini ulug‘lanishining amaliy ifodasidir.
Bunyodkorlik va yangi uy-joylar bugungi islohotlardan chetda qoladigan “chekka” hududning o‘zi qolmadi. Aholini uy-joy bilan ta’minlash masalasi Sirdaryoda yangi bosqichga ko‘tarildi. 2026- yilda aholini uy-joy bilan ta’minlash dasturi doirasida viloyatda jami 82 ta ko‘p qavatli uy, 3210 ta xonadon barpo etish va ularni foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.  Joriy yilning 21-avgust holatiga  10 ta ko‘p qavatli uy, 569 ta xonadon foydalanishga topshirilgan. Natijada yuzlab oilalar o‘z uyiga ega bo‘ldi.

Endilikda qurilishda faqat miqdor emas, balki sifat va energiya tejamkorlik birinchi o‘ringa qo‘yilmoqda. Energotejamkorlik va bazalt izolyasiyasi asosida qurilish, loyiha bosqichidayoq barcha yangi uylarni bazalt plitalari bilan izolyasiya qilish majburiy etib belgilandi. ​2026-yilgi muhim yangilik bu ekologik va shaharsozlik talablariga ko‘ra, shahrimizdagi hamda “Yangi O‘zbekiston” massivlaridagi uylarning fasad qismi to‘liq bazalt qoplamasi bilan qoplanmoqda. Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik doirasida eski panelli uylarning devorlari ham shu asosda modernizatsiya qilinmoqda.
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi tahlillariga ko‘ra, bazalt qoplamasi quyidagi uchta afzallikni beradi. Ya’ni, issiq-sovuq muvozanati, qishda uydagi issiqlikni saqlaydi, yozda esa tashqaridagi jazirama o‘tmaydi. Bu aholining konditsioner va isitish xarajatlarini sezilarli darajada kamaytiradi. Bazalt tabiiy tosh tolasidan tayyorlangani bois mutlaqo yonmaydi. Shovqin izolyatsiyasi esa ko‘chadagi shovqinni deyarli 2 baravarga (15-20 detsibelgacha) kamaytirib, xonadonda tinchlikni ta’minlaydi. Ushbu masalalar xalq foydasiga emasmi?
Dehqonning mehnatini qadrlaydigan yangi agrar tizim
Bugun hududda faqatgina paxta va g‘alla bilan cheklanib qolinmayapti. Meva-sabzavotchilik, bog‘dorchilik  hamda chorvachilik yo‘nalishida xomashyodan tayyor mahsulotgacha bo‘lgan to‘liq qayta ishlash zanjiriga ega klasterlar soni kun sayin ortmoqda.
Viloyatimizning iqlim va suv sharoitidan kelib chiqib, suv tejovchi – tomchilatib va yomg‘irlatib sug‘o-rish tizimlari keng joriy etilmoqda. Bu esa har qarich yerdan samarali foydalanish, suv resurslarini asrash va eng muhimi, yosh oilalarga tomorqalar ajratish orqali aholi daromadini oshirish imkonini bermoqda. Shuning bilan birga eksport hajmi ham oshib bormoqda.
Kelajakka qo‘yilgan mustahkam poydevor islohotlar faqatgina infratuzilma bilan cheklanib qolmayapti. Jamiyatning ma’naviy va intellek-tual salohiyatini oshirishga ham jiddiy e’tibor qaratilmoqda. Maktab-gacha va maktab ta’limida, oliy ta’limda  mutlaqo yangi va ilg‘or yondashuvlar joriy etilmoqda. Universitet va maktablarga dual ta’lim yo‘nalishlarining joriy etilishi, ham o‘qib ham hunarli bo‘lishlariga imkon yaratadi. Viloyatimizdagi ta’lim borasida quvonarli xolatlardan biri Sirdaryo kasb-hunar maktabi joriy o‘quv yilidan texnikum maqomini olishidir. Texnikum Buyuk Britaniyaning “Pearson” kompaniyasi dasturiga qo‘shilishidir. Endilikda texnikumni bitiruvchilar 70 ta rivojlangan davlatlarda tan olinadi. Bundan tashqari, aniq fanlarga asoslangan xususiy maktablar faoliyati ham muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda. Shuningdek, bolalarning  ma’naviy hordiq chiqarishi, eng avvalo farzandlarimizning dunyoqarashini boyitish maqsadida viloyat qo‘g‘ir-choq teatri kabi muhim ijtimoiy va madaniy obyektlarni rivojlantirishga katta e’tibor qaratilayotir. Bu jajji sirdaryoliklar uchun katta san’at bayramiga va estetik tarbiya maskaniga aylanmoqda.
Ijtimoiy xavfsizlik va “yashil” shahar muhiti Guliston shahri timsolida viloyatimizning zamonaviy urbanizatsiya jarayonini yaqqol ko‘rish mumkin.  Guliston shahrining “Toshkent” mahallasi hududi bozorga o‘tish joyi hamda  magistral yo‘ldan 3-mavzedagi Viloyat shifoxonasiga o‘tish yo‘lida temir yo‘l ostidan piyodalar uchun mo‘ljallangan yangi yerosti o‘tish yo‘lagi (tunnel) barpo etildi. Ushbu bunyodkorlik ishlari  yillar davomida ko‘prik yaqinidagi xavfli poyezd yo‘lidan o‘tishga majbur bo‘lgan minglab aholining hayotini muhofaza qilish, ularga to‘liq xavfsiz va qulay sharoit yaratish demakdir. Guliston shahri, I.Karimov ko‘chasidagi  ko‘p qavatli uylarning pastiga alleyalar qilindi. Bu esa, ushbu xonadonlarda yashaydigan aholining diqqinafas bo‘lmasligi, madaniy hordiq olishlari uchun yaratilgan qulay sharoit hisoblanadi.
Qamishzordan xushmanzara alleyalarga 

Bir paytlar “Do‘stlik” kanalining 2-, 3- va 4-mav-zelariga tegishli qismi tashlandiq va qarovsiz qamishzorlardan iborat bo‘lib, aholiga faqat noqulaylik tug‘dirar edi. Bugun-chi? Bugun bu hududlar to‘liq tozalanib, zamonaviy “yashil hudud”ga aylantirildi. Kanal atrofida aholining mazmunli hordiq chiqarishi, oilaviy sayr qilishi uchun xushmanzara alleyalar, futbol o‘yinlari uchun stadionlar barpo etildi. Hozirgi kunda ham “Do‘stlik” kanalining 3-mavzega tutash bo‘lgan qismi tekislanib, aholiga qulayliklar yaratilmoqda. Guliston shahrining “Mevazor” MFY hududida joylashgan viloyat tibbiy reablitatsiya markazi hamda tug‘ruqxona atrofi “Xavfsiz yo‘l” dasturlari doirasida piyodalar uchun trotuar qilindi. Bu ishlar bemorlar, homilador ayollar va piyodalarning xavfsiz hamda qulay harakatlanishini ta’minlashga qaratilgan. Ayniqsa, M-34 magistral yo‘lining Mirzaobod tumaniga tegishli qismi aholi hordig‘i uchun yashil hudud, o‘rindiqlar, chiroqlar o‘rnatilib go‘zal maskanga aylantirilmoqda. Avvalgi holatini bir ko‘z oldimizga keltiraylik qanday edi...      
Bugungi Sirdaryoni kechagi Sirdaryo bilan taqqoslaydigan bo‘lsak, amalga oshirilgan xayrli va ulkan ishlar natijasida viloyatimiz tanib bo‘lmas, yangi va zamonaviy qiyofa kasb etganiga guvoh bo‘lamiz. Qilingan bunyodkorlik ishlarining aslida sanog‘i yo‘q. Bu tilga olinganlari amaliy ishlarning bir qismi xolos.   
Bir jurnalist, shu yurtning farzandi sifatida ayta olamanki, bularning barchasi shunchaki raqamlar yoki odatdagi qurilishlar emas. Bularning ortida inson qadrini ulug‘lash, sirdaryoliklarning farovon, xavfsiz va munosib turmush kechirishini ta’minlashga qaratilgan ezgu maqsadlar mujassam. Bu islohotlar shiddati esa hayotimizda va yuraklarimizda aks etishda davom etaveradi.
Xurshida NISHONOVA

Xurshida NISHONOVA
Xurshida NISHONOVA
BO‘LIM MUHARRIRI
Тегlar::