--

CHAROGʻBON

CHAROGʻBON
Chop etilgan 2 September, 2026

Gavhar oxirgi para leksiyasidan chiqarkan Sherali akasi bilan uchrashuvi borligini eslab shirin xayollarga toldi. Hademay universitet sabog‘i yakunlanadi: Guliston davlat universitetining diplomini oladi. Maktabda yosh avlodga ona tili va adabiyot fanlaridan saboq beradi. Sherali akasi esa tarix fakultetini bitirayapti. So‘nggi paytlarda gavharlarning xonadonidan sovchilarning oyog‘i uzulmay qolgan. Uning esa Sherali akasida ko‘ngli bor.
— Bugun o‘z shartimni dangal aytaman! — o‘zini dadil tutishga harakat qildi Gavhar.
Sherali akasi xiyobonda kutib turgan ekan. Ikkovlon “suhbat u yoq bu yoqdan, goh boshdan goh tuyoqdan” deganlaridek, uzoq gaplashishdi. Xayrlashuv chog‘i Gavhar iymanibgina o‘z shartini aytdi.
— Sherali aka, mening katta bir orzum bor. Bilasiz, kitob shaydosiman. Bir yostiqqa bosh qo‘ysak, men uchun kutubxona qurib berasizmi?
Biroz jimlikdan keyin Sherali akasi tilga kirdi.
—Albatta! Kitobdan yaxshiroq do‘st yo‘q jahonda, degan ekan allomalardan biri. Bu kabi xayrli ishga bosh qo‘shsak, borib turgan savob ish bo‘ladi-ku!
Shu kuni akasining gapi-dan Gavhar tilla topgan darvishdek xursand bo‘lib ketdi.
2005-yil ikki yoshning nikoh to‘yi bo‘ldi. Gavhar yangi oilaga 400 jild kitob bilan keldi. “O‘zbekiston” mahallasidagilar bunday antiqa sepni ilgari ko‘rishmagan edi.  Qaynonasi Gulbahor Husanova ham maktabda ona tili va adabiyot fanlaridan saboq berar ekan. U kishining ham kattagina kutubxonasi bor ekan. Qaynona-kelin-ning kitoblari jamlanganda 1 yarim ming jildga yetdi. Ular uylaridagi shaxsiy kutubxonalarini mahallaga ochib qo‘ydilar. Qo‘ni-qo‘shnilari, hamqishloqlari, maktab o‘quvchilari Husanovlar xonadoniga kitob so‘rab kela boshlashdi.  
Ajoyib kunlarning birida Gavhar turmush o‘rtog‘i Sherali Husanovga universitetda o‘qib yurgan kezlarda bergan va’dasini eslatdi. Bu paytga kelib u Sayxunobod tumanida tanilib qolgan tadbirkor, ya’ni “Sayxun nurli uchquni” fermer xo‘jaligi rahbari edi.
— Yigit so‘zidan, arslon izidan qaytmas, degan naql bor. Qani, ota-onamizning oldidan o‘taylik-chi? — dedi Sh. Husanov.
Kechki payt oila davrasida jiddiy maslahat bo‘ldi. Oila boshliqlari Xayrulla Hatamov va Gulbahor Husanovalar farzandlariga oq fotiha berdilar.
2018-yil “Har bir oila —tadbirkor” dasturi doirasida Husanovlar oilasi tijorat bankidan 1 milliard so‘m
kredit ko‘tardi. Oila jamg‘armasidan yana shuncha mablag‘ yo‘naltirilib, mahalladagi bo‘sh joyda quling o‘rgilsin qo‘sh qavatli  madaniy-maishiy xizmat ko‘rsatish majmui rostladi. Markaz o‘z ichiga kutubxona, go‘zallik saloni, chevarxona, kom-pyuter xizmati bo‘limi hamda sport maydonchasini qamrab oldi. Gavhar barcha tilla buyumlarini orzusidagi bino qurilishiga tikib yubordi. 2019-yil 20-mart kuni mar-kazning tantanali ochilish marosi-mi bo‘ldi. Kutubxonaga yaxshi niyat bilan “Mumtoz” deya nom qo‘ydilar. Tantanga o‘sha kezlarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori vazifasini bajaruv-chi Komiljon Allamjonov Prezident sovg‘asi — 1000 jild kitob bilan tashrif buyurdi. O‘sha paytda kutubxonada 9 ming jild kitob bor edi. Bugungi kunga kelib ular soni 13 ming jildga yetdi. O‘zi istagandan-da, mahobatliroq maskanining foydalanishga topshirilishi Gavharga qanot bag‘ishladi.
2020-yil qahramonimiz mamlakatimizning yuksak mukofoti — “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi. Xalqaro xotin-qizlar bayrami arafasida Prezidentimiz Gavhar Husanovaga muko-fotni topshirarkan yuksak minbardan turib mazkur tashabbusni olqishladi. “Sirdaryo viloyati Sayxunobod tumanida Gavhar Husanova degan singlimiz istiqomat qiladi. Ayni paytda u tuman Kengashi deputati etib saylangan. Gavharning qaynonasi Gulbahor aya o‘qituvchilik faoliyati davomida minglab kitoblar to‘pla-gan. Gavhar ularning yoniga yana ko‘plab adabiyotlarni qo‘shib, qishloq ahli uchun “Mumtoz” deb atalgan katta kutubxona tashkil etgani tahsinga loyiqdir”. Davradagilar uzoq qarsak chalib, tashabbuskor ayolni olqishladilar.

Tez orada “Mumtoz” kutubxonasi ma’rifat va ma’naviyat markaziga aylandi. Sayxunobodlik ijodkor yoshlar kutubxonada nafis majlislarni tashkil qilishni urfga aylantirishdi. Nazm va navo kechalari oy sayin muntazam o‘tkaziladigan bo‘ldi. Keyingi paytlarda kutubxonada viloyat miqyosidagi qator tadbirlar tashkillatirildi. Bular sirasiga viloyat bolalar kutubxonalari rahbarlarining anjumani, viloyat jurnalist va yozuv-chilarining kutubxonaga uyushtirgan sayru sayohati shular jumlasidandir.
Tez orada “Mumtoz”ning ovozasi yetti iqlimga yoyildi. “Saodat” jurnalining xodimi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, taniqli shoira Qutlibeka Rahimboyeva shaxsiy kutubxonasidan 100 jild kitob sovg‘a qildi. Viloyat prokurori 200 jild kitob in’om etdi. Sirdaryoning dilbar shoirasi Bahor Xolbekova ham xayrli ishga bosh qo‘shib, 100 jild badiiy kitob bilan kutubxonani ziyorat ayladi. Yana qancha shoiru shuarolar, adibu udabolarning o‘zlari yozgan kitoblarni dastxatlar bilan kutubxonaga sovg‘a qilishganini aytmay-sizmi?! Bugungi kunda kutubxonaning 860 nafar a’zosi bor. Mahalladagi 7 yoshdan 70 yoshgacha bo‘lgan ziyo talabgorlari maskur maskanga intilishadi. Mamlakatimiz Milliy telekanali 2020-yilda “O‘zbegim ayoli” tanlovini tashkil qildi. Gavhar Husanova mazkur tanlovda ishtirok etib, “Ma’rifatli ayol” nominatsiyasi sohibasiga aylandi. Va pirovardida mazkur kanal qahramonimiz haqida 20 daqiqalik “O‘zbegim ayoli” deb nomlangan ko‘rsatuv tayyorladi.
—Mening bunday xayrli ishlarga qo‘l urishim, yutuqlarga erishishimda qaynota-qaynonam, turmush o‘rtog‘imning qo‘llovi asosiy o‘rin tutadi, — deydi Gavhar Husanova. — Ayniqsa, kasbdoshim, qaynonamning hissasini alohida ta’kidlashim joiz. U kishining bir ajoyib maqoli bor edi: “Qarisi bor uyning parisi bor, kitobi bor uyning ikki karra parisi bor”. Joylari jannatda bo‘lsin, iloyo. Yana bir go‘zal odatlari bor edi. Tug‘ilgan kunlar, nikoh to‘ylariga, eng yaxshi sovg‘a kitob, deb adabiyotlar ko‘tarib jo‘nab qolardilar. Shularning duosini olib kam bo‘lmadim.
Gavharoyning o‘zi ham binoiydek ijodkor sanaladi. “Ziyo” nashriyotida uning “Baxtlar aro topdim baxt” degan she’riy kitobi bosmadan chiqqan. To‘plamga shoira Bahor Xolbekova so‘zboshi yozganlar. Biz muallifning kitobi bilan tanishish istagida ekanligimizni aytganimizda: “900 nusxada chiqqan bo‘lishiga qaramay, o‘zimda qolmagan”, dedilar. Qahramonimizning quvvai hofizasi ham baland ekan. 1000 ga yaqin she’rlarni yod bilarkan. U kishim shu zahoti sevimli shoirasi Halima Xudoyberdiyevadan bir she’rni yod o‘qiy boshladilar. Videotasvirga olishga chog‘langanimizda, iltimos, yaqinda qaynotam va qaynonam ketma-ket vafot etdilar, arvohlarini chirqiratmaylik, deya izn bermadilar. Joylari jannatda bo‘lsin, deya Qur’on tilovati qildik.
Qahramonimizning xayrli ishlarini sanayversak adog‘iga yetolmaymiz. 2022-yildan boshlab mahalla o‘quv-chi-yoshlariga bepul repetitorlik xizmatini ko‘rsatarkan. Har yili turli oliy o‘quv yurtlari hamda Halima Xudoyberdiyeva ijod maktabiga o‘nlab shogirdlari o‘qishga kirarkan. Yana mahallalaridan kontrakt shartno-masida o‘qiydigan 8 nafar talabaning kontrakt pullarini to‘lashda yordam berarkan.
Husanovlar oilasini tom ma’no-dagi ziyolilar oilasi deb atasak, xato qilmaymiz. To‘ng‘ich farzandlari Rayhona Xayrullayeva Guliston davlat universitetining xorijiy filologiya fakulteti 3-kurs talabasi. Ikkinchi qizlari Dinora aniq fanlarga ixtisoslashtirilgan “Sirdaryo-Qora-ko‘l” maktab-internatining 11-sinfiga o‘tdi. Oilaning supraqoqdisi Firdavs Halima Xudoyberdiyeva ijod maktabining 8-sinfida tahsil oladi. Chiroyli she’rlar yozadi.
Gavhar Husanovaning orzulari bisyor. O‘zi umrguzaronlik qilayot-gan mahallada o‘quv markazi tashkillashtirish tadorigida yuribdi. Boz ustiga, sho‘rolar zamonida qishloqlaridan yetishib chiqqan yagona Sotsialistik Mehnat Qahra-moni Muxtor Ahmedov xotirasini abadiylashtirish maqsadida muzey ochmoq-chi.

O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi a’lochisi Gavhar Husanova ayni paytda Guliston shahridagi “Lider” xususiy maktabida o‘sib kelayotgan yosh avlodga ona tili va adabiyot fanlaridan saboq beradi. Tilimizda ilm-ma’rifat, oydinlik tarqatuvchi kishini charog‘bon deb atashadi. Qahramonimiz Sirdaryo vohasidagi ana shunday eng yorqin charog‘bonlardan biridir.
Muhammadali AHMAD,
Sayxunobod tumani
Tasvirlarda: Gavhar Husanova; taniqli telejurnalist Nozima Vohidova bilan muloqotda; “Mumtoz” kutubxonadagi tadbirdan lavha.

Тегlar::