--

“ZARGARLAR SULOLASIDANMAN”, —deydi Ra’no YeSHIMBETOVA

“ZARGARLAR SULOLASIDANMAN”, —deydi Ra’no YeSHIMBETOVA
Chop etilgan 9 September, 2026

Gulistonlik zargar Ra’no Yeshimbetova O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi bayrami arafasida Prezidentimiz farmoniga ko‘ra “Shuhrat” medali” bilan taqdirlandi.

Zargarlik qadimiy hunarlardan biri. Dunyo yaralibdiki, zargarlik bor. Aslida bu hunar erkaklarga xos deyishadi. Lekin oramizda bu hunarga havas qilib, yoki zargarlar sulolasi vakili sifatida bu an’anani davom ettirayotgan ayollar ham bor. Nima bo‘lganda ham hunarmand, zargar nomi bilan elga tanilgan opa-singillarimiz borligidan faxrlanamiz. Mamlakatimizdagi zargarlar haqida so‘z ketganda, sirdaryolik zargar ayol Ra’no Yeshimbetova ham tilga olinadi.
Biz tilla, kumush va boshqa metallardan ishlangan taqinchoqlarni taqamiz. Lekin ularning bunday bejirim, nozik holatga kelgunicha zargar unga qancha ko‘z nurini to‘kishini, zahmatini tasavvur ham qilmaymiz. Bugun yurtimizda barcha sohalar kabi hunarmandchilikning bir qirrasi bo‘lgan zargarlikning rivoji uchun ham alohida e’tibor qaratilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 23-iyuldagi “Zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish sohasini yanada rivojlantirish va ularning raqobatbardoshligini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-104-sonli Farmoni sohani rivojlantirish borasida katta imkoniyatlarga yo‘l ochdi.
Davlatimiz rahbarining 2022-yildan boshlab har ikki yilda may oyida Buxoro shahrida “Xalqaro zardo‘zlik va zargarlik festivali”ni o‘tkazish to‘g‘risidagi qarori soha rivojida yangi bosqichni boshlab berdi. 2024-yili Buxoro shahrida bo‘lib o‘tgan “II-Xalqaro zardo‘zlik va zargarlik festivali”da viloyatning yagona vakili Ra’no Yeshimbetova ham o‘zining kumushdan yasalgan eng sara zargarlik buyumlari bilan qatnashib, “Zargarlik maktabining eng yaxshi ustasi” nominatsiyasi bo‘yicha faxrli 3-o‘rinni egallab qaytgan edi. U yana bir qator tanlov va festivallarda faol qatnashib, viloyat sharafini yuqoriga ko‘tarib kelmoqda.
Ra’no Eshimbetova yurtimizda ushbu noyob hunar bo‘yicha maktab ochgan usta zargarlardan biri sanaladi. U Guliston shahridagi monomarkazda zargarlik o‘quv kursi tashkil etib, bu hunarga qiziqqan ayollarni jamladi (kursda yigitlar ham bor). Shu paytgacha bu yerda 150 nafarga yaqin turli yoshdagi shogirdlar ustozdan zargarlik sirlarini o‘rganishdi. Shogirdlari orasida nogironligi bo‘lgan xotin-qizlar, shu jumladan, yoshi ulug‘ onaxonlar ham bor.
— Men asli Qoraqalpog‘iston Respublikasining Qo‘ng‘irot tumanida tug‘ilib, o‘sganman — deydi Ra’no. — Maktabda o‘qib yurgan kezlarimdayoq buvijonimning sandig‘idagi qo‘lda yasalgan chiroyli munchoqlarni tomosha qilarkanman, men ham shunday taqinchoqlar yasashni o‘rgansam, degan havas uyg‘ongan. Tabiiy xom ashyolardan bejirim munchoqlar, uzuklar yasab yurib, qo‘lim ancha kelishib qolganini ko‘rgan onajonim, “Sen kelajakda sulolamizning davomchisi bo‘lasan”, degan edi. Bu gap doim quloqlarim ostida yangrab, menga dalda, quvvat bag‘ishlab turadi. Zargarlar avlodining to‘rtinchi vakiliman. Buvimning dadalari Jumamurot ota hunarmandchilik bilan shug‘ullangan. Nukus shahridagi mashhur Savitskiy muzeyida bobolarimning suratlari bor. Ular o‘z sohalarining bilimdoni va jonkuyarlari bo‘lishgan. Sulola an’anasini davom ettirib, tarixiylik, milliylik, shu bilan birga zamonaviylikka yo‘g‘rilgan zargarlik hunarini yangi bosqichga ko‘tarish bilan birga ularga munosib voris bo‘lishim kerak, degan ezgu niyat doim meni oldinga undaydi. Turmush o‘rtog‘imning xizmat vazifasi tufayli 2014-yilda Sirdaryo viloyatiga ko‘chib kelganmiz. Qo‘limda yosh bolam borligi uchun bir muddat uyda o‘tirdim. Turmush o‘rtog‘im baxtsiz hodisa tufayli olamdan o‘tgach, qizalog‘imning taqdiri, kelajagini o‘ylab, o‘z biznesimni yo‘lga qo‘yishga ahd qildim. Avval uyda ish boshladim, so‘ngra kam foizli kredit olib, kichik bir ustaxona ochib, faoliyatimni davom ettirdim. 2021-yili monomarkazda o‘quv kursi ochib, zargarlikka havasmand xotin-qizlarni jalb etdim.

Zargarlik vaqt, e’tibor, sabr, o‘ta hushyorlik, shuningdek, mehr talab etadigan hunar. Har bir taqinchoq qo‘l mehnati bilan yaratilib, nozik san’at asariga aylanadi. Mashg‘ulotlar zargarlik ustaxonasining o‘zida o‘tiladi. Turli uskunalar orqali xomashyoga ishlov berilib, tayyor mahsulotga aylantirish jarayonlarini kuzatarkanman, zargarlik chindan ham san’at ekanligi, ko‘z ilg‘amas mayda kumush parchasi mashaqqatli mehnat, ko‘z nuri, qalb qo‘ri evaziga ustaning qo‘lida qayta ishlanib, ming bor jilolanib, jozibali, ko‘rkam va betakror san’at asariga aylanishini ko‘rib hayratlandim. Mashg‘ulot o‘tadigan xonaning devoriga osilgan 50 dan ziyod turli diplom, sertifikat, tashakkurnomalarni ko‘zdan kechiraman. Ular zargarning respublika va xalqaro anjumanlardagi, tanlovlardagi muvaffaqiyatli ishtiroki, mutaxassislar e’tirofidan guvohlik beradi. Bugungi kunda Zargarning nafaqat o‘zi, balki shogirdlari ham nufuzli festival va tanlovlarda ishtirok etishmoqda. Bu kabi festival va tanlovlarda o‘rganilgan tajribalar, usul va uslublar ustoz va shogirdlar uchun mahorat darslari vazifasini o‘tamoqda.
Ra’no Yeshimbetova viloyatimizdagi o‘zining shaxsiy tamg‘asi (brendi)ga ega yagona zargar ayol hisoblanadi.
Qahramonimiz Sardoba suv omborida ro‘y bergan suv toshqini paytida talofot ko‘rgan hududlardagi ayollarga mashg‘ulotlar o‘tgan, Guliston tumanida joylashgan “MISS KAMILA” o‘quv markazida zargarlik kursi tashkil etgan edi. Bundan bir necha yil avval zargarlik ustaxonasiga tashrif buyurgan Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Narbayeva R.Yeshimbetovaning ishlarini e’tirof etarkan, bu kabi kurslarni boshqa hududlarda ham ochish borasida taklif va tavsiyalar bergan edi. U 20 yildan ziyod tajribaga ega zargar bo‘lsa-da izlanishdan charchamaydi, yangi loyihalar ustida ishlaydi.
— “O‘zbekzargarsanoati uyushmasi” a’zosiman. O‘zimning “AUO” shaxsiy tamg‘amga egaman, — deydi yakka tartibdagi tadbirkor R. Yeshimbetova. —- Kelgusida faoliyatimni kengaytirib, Guliston shahrida zargarlik sexini ochish niyatidaman. Bundan tashqari mas’uliyati cheklangan jamiyat ochib, nogironligi bor va ishsiz ayollarni o‘qitib, hunar o‘rgatib, ularni ish bilan ta’minlashni rejalashtirganman. Bir necha shogirdim hozirgi kunda o‘z faoliyatlarini mustaqil davom ettirishmoqda. Mehnatlarim bejiz ketmaganidan, zargarlik hunari ommalashayotganidan xursandman.
Mustaqillikning 35 yilligi arafasida shaharning Navoiy shohko‘chasida bayramga bag‘ishlab tashkil etilgan festivalda Ra’no yangi ko‘rgazmasini namoyish etdi. Yuqorida qayd etganimizdek, ko‘rgazmadan kumushdan yasalgan yangi zargarlik buyumlari o‘rin olgan edi. Ayniqsa, murakkab shakldagi taqinchoq - kumush zanjir barchaning e’tiborini tortdi. Buni chindan ham san’at asari deb atasa arziydi. Zargarning xayolida yana qancha noyob buyumlar kashf etilayotgan ekan? Buni uning kelgusidagi ko‘rgazmlarida ko‘ramiz, deb umid qilamiz.
Milliy qadriyatlarimizni qadrlab, o‘z mehnati, mahorati bilan elda hurmat va e’tibor topayotgan, yangi loyihalar ustida ishlayotgan, xotin-qizlar, shu jumladan, yoshlarga hunar o‘rgatib, ularning jamiyatda o‘z o‘rinlarini topishga ko‘maklashayotgan zargar ayolga havas qilsa, undan o‘rnak olsa arziydi.
Xolida PARDABOYEVA

Тегlar::