--

XODIM SIFATIDA HUQUQINGIZNI BILASIZMI?

XODIM SIFATIDA HUQUQINGIZNI BILASIZMI?
Chop etilgan 8 September, 2026

Rahbar va xodim orasidagi munosabatlar doim ham birdek iliq kechavermaydi. Ayrim rahbarlar xodimlarini teng ko‘rmasligi, haqiqatgo‘ylarni chetga surib, laganbardorlarni o‘z atrofiga jamlashi ichki ziddiyatlarga sabab bo‘ladi. Rahbar mehnat huquqlariga qarshi chiqib, ko‘ziga balo bo‘lib ko‘ringan xodimini o‘zboshimchalik bilan ishdan bo‘shata olmaydi. Natijada xodimga nisbatan ichki bosim va adolatsizliklar kuchayadi. Jamoadagilar guruh-guruh bo‘lib bo‘linib olish darajasiga yetgach, xodim yuqori mutasaddi tashkilotlarga murojaat qilishga majbur bo‘ladi? Ana shunday holatlarda xodim va rahbar o‘rtasidagi kelishmovchiliklar qachon mehnat nizosiga aylanadi? Huquqi buzilgan xodim sifatida qayerga murojaat qilishingizni bilasizmi? Albatta, O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasining viloyat bo‘limiga. Yuqoridagi kabi ichki kelish-movchiliklar natijasida O‘KUFning Sirdaryo viloyat kengashiga tez-tez murojaatlar kelib tushmoqda. Bu kabi ixtiloflar chiqqan muassasalarning nomini ochiqlab ularni obro‘sizlantirish, qolaversa ichki adovatni yanada kuchaytirish niyatda emasmiz. Asosiy masala nima sababdan bir jamoada sog‘lom murosa o‘rnatib bo‘lmayotganidadir. Kasaba uyushmasi bosh muta-xassisi Sanjar Tog‘ayevning aytishi-cha, 2026-yilning yanvar-avgust oyiga qadar jismoniy va yuridik shaxslardan 84 ta murojaat kelib tushgan. Murojaatlarning ko‘pi noqonuniy ishdan bo‘shatish, xodimni qayta ishga tiklash, ish haqi, ustama, mukofot, sayohatga yo‘llanmalar va ayollarning homiladorlik va tug‘ish nafaqasiga bog‘liq masalalar bilan bir qatorda xodim va rahbar o‘rtasidagi mehnat kelishmovchiliklari masalasida. –Amaliyotda bunday murojaatlar yetarlicha hatto ishlari sudgacha borib yetgan nizolar ham bo‘lgan. Ularning barchasiga qonuniy baho berilib, aksar murojaatlarda xodimlarning haqli huquqlari to‘liq himoya qilingan. Viloyatimizda mavjud 1208 ta boshlang‘ich tashkilotlarda 201 150 nafar xodim faoliyat yuritadi. Ularning menhat huquqlari albatta kasaba uyushmasining himoyasida. Darvoqe, xodimning ish joyi uning ikkinchi uyi. U tongda ishni yaxshi kayfiyatda boshlashi nafaqat o‘zining mehnat unumdorligiga, balki atrofidagilar va oila a’zolarining ham tinchligiga ta’sir qiladi. Biroq, ko‘plab ichki nizolar oxir-oqibat xodimning o‘z xohishi bilan ariza yozib ishdan ketishiga sabab bo‘lmoqda. – Afsuski, ishdan bo‘shash haqi-dagi arizasini o‘zi yozib bergach, keyin yordam so‘rab murojaat qiladigan xodimlar ham bor. Biroq bunday vaziyatlarning ko‘pi keyin-chalik isbotlab bo‘lmas holatga kelgani bois ish beruvchi foydasiga hal bo‘ladi. Shu sababli bunday vaziyatga tushgan xodimlarga ariza yozishga aslo shoshilmasliklarini maslahat bergan bo‘lardik, – deydi mutaxassis. Bugungi kunda mehnat jamoala- rida ayollarning, ayniqsa onalik maqomidagi xodimlarning huquq-lari buzilishiga doir holatlar ham uchramoqda. Ayollarga nisbatan qonunchilikda belgilangan imtiyoz-larni qo‘llamaslik, homilador ayollarni qisqartiruvga tushirishga urinish, kichik yoshdagi farzandi bor ayollarga qonuniy tanaffuslar va sharoitlar yaratib bermaslik eng og‘riqli masalalardan biridir. Ayniqsa, tug‘ruq va homiladorlik nafaqasini tayinlash hamda to‘lash jarayonidagi tushunmovchiliklar ko‘plab xotin-qizlarning haqli e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda. Shunday murojaatlardan biri Sirdaryo tumanidagi 14-maktab o‘qituvchisi Shaxnoza Araqulova tomonidan qilindi. 2025-yil 30-dekabrda tug‘ruq ta’tiliga chiqqan ayolning tug‘ruq va homiladorlik nafaqasini o‘z vaqtida ololmasligiga viloyat xalq ta’limi boshqarmasining Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 17-dekabrda tasdiqlangan “Aholiga davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha to‘lovlarni amalga oshirish tizimini takomilashtirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 796-sonli qarori mag‘zini yaxshilab chaqolmagani sabab bo‘ldi. Mazkur qarorga ko‘ra, 2026-yil 1-yanvardan tug‘ruq nafaqasi ijtimoiy himoya milliy agenligi tomonidan to‘lanishi belgilangandi. Biroq xodim 30-dekabrda ya'ni eski tartib amal qilib turgan vaqtda ta’tilga chiqqani bois, ijtimoiy himoya agentligi buni to‘lab berishdan bosh tortib, mas’uliyatni ish beruvchiga yuklagan. Bir idoradan ikkinchisiga borib, xodim sarson bo‘lgach, muammoga kasaba uyushmasi aralashdi. O‘rganishlar natijasida qonuniy ravishda bevosita ish beruvchi tashkilotning o‘zi tomonidan to‘lab berilishiga erishildi. Bugun mehnat bozorida xodimdan mas’uliyat, intizom va fidoyilik talab qilinadi. Ammo uning ham qonun bilan belgilangan huquqlari bor. Ba’zi xodimlar ish haqi, ustama, mukofot, ta’til, homiladorlik va tug‘ruq nafaqasi yoki boshqa mehnat masalasida muammoga yuz kelganda, “indamay qo‘ya qolay”, “ishdan ayrilib qolmay”, “baribir hech narsa o‘zgarmaydi” degan fikrga borishadi. Bu mutlaqo noto‘g‘ri yondashuv. Har qanday jamoada adolat ustuvor bo‘lmasa, xodim ham, rahbar ham huzur topmaydi. Asosiysi, muammoga o‘z vaqtida qonuniy yechim topish va o‘z haq-huquqini bilish har qanday haqsizlikka eng yaxshi qalqon bo‘la oladi.

Marjona HAYITBOYEVA

Marjona XAYITBOYEVA
Marjona XAYITBOYEVA
MUXBIR