Mustaqilligimizning 35 yilligi muno-sabati bilan Sirdaryo viloyatining o‘ziga xos jihatlarini aks ettiruvchi bir qator kitob va kitob-albomlar nashr etildi.
Xususan, viloyat hokimi Erkinjon Turdi-mov tashabbusi bilan nashr etilgan “Sirdaryo qovunlari” kitob-albomi shular jumlasidan. Mazkur kitob albomda Sirdaryo zaminida yetishtiriladigan 40 dan ortiq qovun navlari, ularning xususiyatlari, yetishtirish tarixi va o‘ziga xos jihatlari haqida ma’lumotlar berilgan. E’tiborlisi, mazkur kitob-albom o‘zbek va ingliz tillarida 2 000 nusxada nashr etildi.
Kitob-albom 27-28-avgust kunlari vohada o‘tkazilgan “Sirdaryoda biznes qiling”, “Qovun sayli” tadbirlari hamda Mustaqilligimizning 35 yilligi tantanalarida xorijlik tadbirkorlar va mahalliy aholiga tarqatildi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston faxriylarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi Sirdaryo viloyati bo‘limi tomonidan GulDU dotsenti Sobirjon Ismoilov va Munavvar Pardayev hammuallifligida “Mirzacho‘lni Gulistonga aylantirgan avlod” kitobi chop etildi.
Bu nashr voha tarixini o‘rganishda, bugunini anglashda muhim manba bo‘lib xizmat qiladi. Shu bois viloyat axborot-kutubxona markazida mazkur kitob taqdimoti o‘tkazildi.
Monografiya tarzida 400 nusxada nashr etilgan kitobda vohamizning bugungi kunga yetib kelishida turli sohalarda munosib hissa qo‘shgan 201 nafar cho‘lquvar va fidoyi inson, shuningdek, viloyat tashkil topganidan buyon uni boshqargan hokimlar haqida bibliografik ma’lumotlar jamlangan. Tuman va shaharlarning nomidan kelib chiqib, ularga alohida sarlavhalar ajratilgani ham kitobning qimmatini oshiradi.
Hali bu kitobni yangi ma’lumotlar bilan boyitib, qayta nashr etish zaruriyati haqida “Nuroniy” jamg‘armasi Sirdaryo viloyati bo‘limi Kengashi raisi O‘tbosar Abdiyev fikr bildirdi. O‘z navbatida, ushbu kitobning ham nashr etilishida qo‘llab-quvvatlagan viloyat hokimi Erkinjon Turdimovga minnatdorlik bildirildi.
Darhaqiqat, bunday manbalar o‘tmishni bugun bilan, bugunni esa kelajak bilan bog‘laydi. Shu bois “Mirzacho‘lni Gulistonga aylantirgan avlod” kitobini yanada boyitilgan va takomillashtirilgan holda qayta nashr etish, uning adadini ko‘paytirish voha tarixini asrab-avaylash va kelajak avlodga yetkazish nuqtayi nazaridan muhim ahamiyatga ega.
Marjona Mirzabekova
A. SaYidqulov tayyorlagan surat
O‘TMISH VA BUGUNNI BOG‘LAGAN KITOBLAR
Chop etilgan
5 September, 2026
15
Tags::