--

IMKONIYATDAN KUCHLI AYOLLAR

IMKONIYATDAN  KUCHLI AYOLLAR
Chop etilgan 7 September, 2026

Bugun mamlakatimizda xotin-qizlarning bandligini ta’minlash, kasb-hunarga o‘rgatish, tadbirkorlik bilan shug‘ullanishi va o‘z mehnati orqali daromad topishi uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Biroq imkoniyatning yaratilishi hali natijaning o‘zi emas. Uning haqiqiy qiymati undan foydalanayotgan insonning hayotida, oilasida va atrofidagi odamlar taqdirida qanday o‘zgarish qilayotgani bilan namoyon bo‘ladi.

Chunki bir xil imkoniyat turli inson qo‘lida turlicha natija beradi. Kimdir sharoit yaratilishini kutadi, yana kimdir mavjud imkoniyatdan foydalanib, o‘ziga sharoit yaratadi. Hatto ayrimlar o‘zi uchun yaratilgan imkoniyatni boshqalar uchun ham imkoniyatga aylantiradi. Guliston shahridagi “Obod yurt” mahallasida istiqomat qilayotgan ikki ayolning faoliyati aynan shu jihatdan e’tiborga molik. Zarifa Bobonazarova bilan suhbatlashar ekanmiz, “imkoniyati cheklangan inson” degan tushunchaning o‘zi haqida o‘ylab qolasiz. Chunki u I guruh nogironligi bo‘lishiga qaramay, hayotini yordam kutish bilan emas, mehnat va harakat bilan qurgan. Zarifa opa 25 yildan beri tikuvchilik bilan shug‘ullanadi. Faoliyatini Boyovutda boshlagan. Keyingi 12 yil davomida esa Gulis-ton shahrida tikuvchilik qilib, yosh qizlarga hunar o‘rgatib kelmoqda. Shu vaqt mobaynida 100 nafardan ortiq shogird yetishtirgan. Ularning 50 nafardan ziyodi bugun tikuvchilik bilan shug‘ullanib, o‘z daromadini topmoqda. Bu raqamlarning o‘ziyoq Zarifa opaning mehnati faqat uning shaxsiy hayoti bilan cheklanib qolmaganini ko‘rsatadi. Ko‘p yillik samarali mehnati, yoshlarga hunar o‘rgatib, ularni kasbga yo‘naltirishdagi faoliyati munosib e’tirof etildi. 2024-yilda ana shu fidokorona mehnati uchun Prezidentimiz tomonidan “Jasorat” medali bilan taqdirlandi. Zarifa Bobonazarova faqatgina tikuvchilik bilan kifoyalanib qolmagan. Hayotidagi jismoniy cheklovlarni bahona qilmay, sportda ham o‘zini sinab ko‘rgan. Tosh ko‘tarish bo‘yicha O‘zbekiston paralimpiya chempionatida 3-o‘rinni egallab, imkoniyatning chegarasi insonning xohish-istagi va qat’iyatida ekanini amalda namoyon etgan. Qaxramonimiz o‘zini jamiyatdan chetda qolgan inson sifatida emas, aksincha, yaratilayotgan imkoniyat-lardan samarali foydalanishi kerak bo‘lgan fuqaro sifatida ko‘radi. Mamlakatimizda xotin-qizlar uchun yaratilayotgan sharoitlarni ko‘rib, bundan mamnunligini bildiradi va imkoniyatlarning barchasidan oqilona foydalanish kerakligini aytadi. — Imkoniyati cheklanganlar uchun cheklanmagan imkoniyat-lar bor,— deb kulib qo‘ydi o‘ziga ishora qilib. Mahalladagi yana bir faol ayol — 34 yoshli Nodira Rahmatullayevadir. Nodira opa 15 yildan beri tikuvchilik bilan shug‘ullanib kelmoqda. Bir yil avval o‘z tikuv sexini ochib, bugun 11 nafar xotin-qizlarni ish bilan ta’minlagan. Hozirda ushbu kichik tikuv sexida maxsus firma va brendlarning buyurtmalari asosida kiyim-kechak tikilmoqda. Nodira opaning o‘rtacha oylik daromadi 10 million so‘m atrofida. Bu, albatta, kichik ishlab chiqarish uchun yomon ko‘rsatkich emas. Ammo daromadning katta qismi elektr energiyasi xarajatlariga ketayotgani sex faoliyatini kengayti-rishda muayyan bosim tug‘dirmoqda. Masalaning boshqa tomoni esa agar bitta kichik sex 11 nafar ayolga ish berayotgan bo‘lsa, uning faoliyatini kengaytirish faqat bir tadbirkorning daromadi oshishi degani emas. Bu yana o‘nlab ayollar uchun ish o‘rni paydo bo‘lishi, oilalarga qo‘shimcha daromad kirib kelishi degani. Shu ma’noda, kichik tadbirkor-likni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan har qanday yengillik yoki qulay-likning ortida insonlarning bandligi va oilalarning farovonligi turadi. Nodira opa ham buning uchun harakat qilmoqda. Uning rejasi — sexni kengaytirish va yanada ko‘roq ayollarni ish bilan ta’minlash. Ya’ni bugungi 11 ta ish o‘rni bilan kifoyalanib qolmoqchi emas. Ikki ayolning faoliyatida bir-biri-dan farqli jihatlar ko‘p. Biri o‘zining jismoniy imkoniyatlaridagi cheklovga qaramay, mehnat va sportda natija ko‘rsatgan. Ikkinchisi esa kasbiy tajribasini tadbirkorlikka aylantirib, o‘z sexini yaratgan. Ammo ularni birlashtirib turadigan jihat bitta — ikkalasi ham imkoniyatni kutib o‘tirgan emas, undan foydalanishga harakat qilgan. Bugun “imkoniyat yo‘q” degan gapni ko‘p eshitamiz. Albatta, har bir insonning sharoiti, muammosi va ehtiyoji turlicha. Davlat tomonidan yaratilayotgan sharoitlarni yanada takomillashtirish, tadbirkorlik oldidagi to‘siqlarni kamaytirish, ishlab chiqaruvchilarga qulay muhit yaratish zarur. Ayniqsa, kichik sexlar uchun xarajatlarni kamaytirish masalasi ularning yanada ko‘proq ish o‘rni yaratishiga turtki bo‘lishi mumkin. Ammo insonning o‘z imkoniya-tidan qanday foydalanishi ham muhim, albatta. Faqat muammo-sini aytib, kimdandir yordam kutib yashash bilan natijaga erishib bo‘lmaydi. Imkoniyatdan foydalanish, tashabbus ko‘rsatish va o‘zi uchun yo‘l izlash ham kerak. Zarifa opa ana shunday yo‘lni tanlagan.U nogironlikni bahona qilmay, hunar o‘rgandi, shogird yetishtirdi, sportda natija qayd etdi, o‘z hunarini daromad manbayiga aylantira oldi. Nodira opa esa o‘z kasbi ortidan tikuvchilik sexi tashkil etib, bugun 11 nafar xotin-qizlarning bandligini ta’minladi. Aslida, imkoniyatdan oqilona foydalanish “menga nima berila-di?” deb kutib yashash emas, balki “menda bor imkoniyat bilan nima qila olaman?” deb harakat qilishdir. Zarifa opa va Nodira opaning hayoti ana shu yondashuvning amaliy ifodasidir. Ular yaratilgan sharoitlardan unumli foydalanib, o‘zlari uchun daromad manbai yaratish bilan birga, boshqalarga ham hunar va ish o‘rni yaratmoqda. Zero, yaratilgan imkoniyatdan foydalanish — shaxsiy yutuq. Ammo o‘sha imkoniyatdan foydalanib, boshqa insonlarga ham imkoniyat yaratish undan-da katta natija demak.

Sevinch NIYOZBEK QIZI 

Sevinch G‘ANIYEVA
Sevinch G‘ANIYEVA
MUXBIR