--

SAYYOR QABUL EMAS,SAYYOR XIZMATLAR MUHIM

SAYYOR QABUL  EMAS,SAYYOR XIZMATLAR  MUHIM
Chop etilgan 24 July, 2026

Hech kim bekordan-bekorga davlat idorasi eshigini qoqmaydi. Fuqaro avvalo mahalla idorasiga murojaat qiladi, yechim topol-masa, tuman yoki shahar tashki-lotlariga, undan ham natija chiqmasa, hokimiyatga yuzlanadi. Chorasiz qolgandagina Prezidentning Xalq qabulxonasi uning so‘nggi umid manziliga aylanadi. Shunday ekan, Xalq qabulxonasiga kelib tushayotgan har bir murojaat, avvalo, quyi bo‘g‘indagi tizimlar faoliyatiga berilgan bahodir. Xo‘sh, viloyatimizda bu baho qanday? Muammolar hal bo‘lishi uchun quyi tashkilotlarga murojaat qilishning o‘zi kifoyami yoki Xalq qabulxonasi ko‘pchilik uchun oxirgi choraga aylanib qolmoqdami?
Joriy yilning birinchi yarmida viloyatimiz Xalq qabulxonasiga
17 mingta murojaat kelib tushgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 2 foizga ortganini ko‘p. Bir qarashda bu o‘sish quyi idoralarda ayrim muammolar o‘z vaqtida bartaraf etilmayotganidan dalolat berishi bilan birga fuqarolarning Xalq qabul-xonalariga bo‘lgan ishonchi ortib borayotganini ham ko‘rsatadi.
Xalq qabulxonasi Sirdaryo viloyati boʻyicha mudirining oʻrinbosari Dilshunos Abdullayeva taqdim etgan 2026-yilning birinchi yarmi tahliliga ko‘ra, viloyatimiz fuqarolarining murojaatlar soni ko‘pligi bo‘yicha respublikada yetakchi hududlardan biri hisoblanadi. Viloyatimizda har
10 ming nafar aholiga 179 ta murojaat to‘g‘ri kelmoqda. Bu respublikaning o‘rtacha ko‘rsatkichidan qariyb 1,5 barobar yuqori. Biroq, kelib tushgan murojaatlarni ijobiy hal etish ko‘rsat-kichlari bo‘yicha ham (Qoraqalpog‘iston Respublikasini hisobga olmaganda) viloyatimiz respublikada birinchi o‘rinda turibdi.
Viloyat Xalq qabulxo-nalariga olti oy davomida 10,2 ming nafar fuqaroning murojaati qabul qilingan. Murojaatchilarning 6 ming nafari xotin-qizlar, 2,4 ming nafari yoshlardir. Bundan ko‘rinadiki, aholining aynan ijtimoiy himoyaga ko‘proq ehtiyoj sezayotgan qatlamlari Xalq qabulxonalariga murojaat qilmoqdalar.
Murojaatlarning tahlili esa,
qaysi sohalarda tizimli muam-molar mavjudligini yaqqol namoyon etmoq-da. Jami murojaatlarning 56,5 foizi yettita tashkilot hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Jumladan, 12,4 foizi
ijtimoiy himoya, 10,6 foizi Majburiy ijro byurosi, 10,5 foizi ichki ishlar bo‘limlari, 6,1 foizi tuman va shahar hokimliklari, 5,9 foizi sog‘liqni saqlash, 5,5 foizi Oila va xotin-qizlar bo‘limlari hamda 5,1 foizi bandlik tizimi faoliyati bilan bog‘liq. Ushbu sohalarda muammolar joyida hal etilmagani sababli masala Xalq qabulxonalarigacha yetib bormoqda.
Hududlar kesimida esa o‘tgan yilga nisbatan Yangiyer shahri va Sardoba tumanida murojaatlar
14 foizga, Guliston tumanida
12 foizga, Guliston shahrida 10 foiz-ga, Boyovut va Shirin hududlarida
5 foizga, Sayxunobod tumanida esa
2 foizga ko‘paygan.
Viloyat bo‘yicha o‘rtacha har bir mahallaga 77 tadan murojaat to‘g‘ri kelmoqda. Murojaat qilishda faol mahallalar tahlil qilinganida eng yuqori ko‘rsatkichda Sirdaryo tumanidagi “Paxtakor” mahallasi
339 ta, Sayxunobod tumanidagi “Sentob” mahallasi 308 ta, Guliston shahridagi “Navbahor” mahallasi esa 280 ta murojaat bilan qayd etilgan.
Prezidentimizning: “Muammoni fuqaro murojaat qilgandan keyin emas, murojaat qilishga ehtiyoj qolmaydigan darajada hal qilish kerak”, degan fikri bugun barcha davlat idoralari faoliyatining bosh mezoniga aylanishi lozim. Afsuski, ayrim hollarda nafaqat murojaatdan oldin, balki takror murojaatlardan keyin ham muammoni hal qilishga shoshilmayotgan mas’ullar uchra-moqda.
Buni takroriy qilingan murojaatlar ham tasdiqlaydi. Joriy yilning olti oyida 1 598 nafar fuqaro bir masala yuzasidan qayta-qayta murojaat qilishga majbur bo‘lgan. Natijada takroriy murojaatlar soni
2 240 taga yetib, o‘tgan yilga nisbatan 1,4 barobarga oshgan. Mirzaobod tumanida bu ko‘rsatkich 1,9 baravar, Guliston tumani va Guliston shahrida 1,7 baravar, Sirdaryo tumanida 1,6 baravar, Sayxunobod hamda Boyovut tumanlarida esa 1,5 baravar ko‘paygan.
Takroriy murojaatlar asosan ichimlik suvi, elektr ta’minoti, tarmoqqa ulanish va hisob-kitoblar, ichki va tashqi yo‘llarni ta’mirlash, aliment undirish hamda ijro ishlari bilan bog‘liq.

E’tibor berilsa, bular kecha paydo bo‘lgan muammolar emas. Yo‘llar bugun buzilib qolmagan, elektr tarmoqlari yaqinda eskirmagan, ichimlik suvi tizimi ham bir kunda ishdan chiqmagan. Demak, yillar davomida yechini topmagan masalalar bugun murojaatlar ko‘rinishida yuzaga chiqmoqda.
Masalan, Guliston tumani “Tajri-bakor” mahallasida yashovchi fuqa-roning ichimlik suvi hisoblagichi bo‘yicha asossiz qarzdorligi faqat uchinchi murojaatdan keyingina bartaraf etilgan. Sayxunobod tuma-nining “Farovon” mahallasida esa daraxt shoxlariga ilashib qolgan elektr simlari yuzasidan fuqaro bir necha bor murojaat qilganiga qaramay muammo Xalq qabulxonasiga uch marotaba murojaat etilgandan so‘nggina hal etilgan. Yana bir holatda Majburiy ijro byurosi tomonidan besh oy davomida undirilmagan aliment puli ham takroriy murojaatlarga sabab bo‘lgan. Holbuki aliment bolaning ehtiyoji bilan bog‘liq masaladir. Bu kabi takroriy murojaatlar ko‘p…
Ayrim rahbarlar fuqarolarni qabul qilishni qonuniy majburiyat sifatida bajarishadi, ammo muammoni hal etishni majburiyat deb bilmaydi. Vaholanki shaxsiy va sayyor qabullar reja bajarish uchun o‘tkaziladigan tadbir emas. Bu davlat bilan xalq o‘rtasidagi ishonch ko‘prigidir. Fuqarolar rahbar huzuriga norozilik bildirish uchun emas, muammosiga yechim topish umidida boradi. Viloyatda rejalashtirilgan 1 465 ta sayyor qabulning 1 463 tasi o‘tkazilgan. Shuningdek, iyun oyida tuman va shahar hokimlari hamda ularning o‘rinbosarlari tomonidan o‘tkazilishi belgilangan 315 ta shaxsiy qabulning 301 tasi tashkil etilgan. Biroq Boyovut, Oqoltin, Sardoba, Sirdaryo va Xovos tumanlari hamda Yangiyer shahri hokimlarning o‘rinbosarlari 14 ta shaxsiy qabulni o‘tkazishmagan.
Natijada hokimlarning 8 nafar o‘rinbosarlari intizomiy javobgarlikka tortilgan, yana 6 nafariga nisbatan ma’muriy javobgarlik masalasini ko‘rib chiqish uchun sudga materi-allar kiritilgan. Bu esa fuqarolar bilan muloqot qilish rahbarlar uchun ustuvor vazifa ekanligidan dalolatdir.
Bugun murojaatlar soniga emas,
ularning natijasiga baho beriladigan davr keldi. Tan olish kerakki, Xalq qabulxonalari o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifani sidqidildan bajarmoqda. Ular minglab fuqaro-larning dardini tinglashyapti, yechim
topishyapti, ayrim rahbarlar e’tibori-dan chetda qolgan muammolarni kun tartibiga olib chiqmoqdalar. Ammo
Xalq qabulxonalari davlat idorala-rining o‘rnini bosish uchun emas, ularning faoliyatini to‘ldirish va nazorat qilish uchun tashkil etilgan. Nega fuqaro o‘z muammosini mahalla, tuman yoki tegishli idorada hal qildira olmay Prezident Xalq qabulxonasigacha borishga majbur bo‘lmoqda? Agar Xalq qabulxonalari tashkil qilinmaganida bugungacha kelib tushgan 17 ming murojaatning yechimi nima bo‘lar edi?... Xalq barmog‘ini tishlab qolardi-da.
Avallo ideal tizimning eng muhim mezoni ko‘p murojaat qabul qilishi emas, fuqarolarni murojaat qilishga ehtiyoj qoldirmaydigan adolatli va mas’uliyatli boshqaruvni qaror toptira olganidadir.
Marjona SHUHRAT qizi


Marjona XAYITBOYEVA
Marjona XAYITBOYEVA
MUXBIR