--

Bilim — odam savdosiga qarshi qurol

Bilim — odam savdosiga qarshi qurol
Chop etilgan 22 July, 2026

Insonni aldov, ekspluatatsiya va majburiy mehnatdan asrash
yo‘lida maktab va maktabgacha ta’lim, kasbiy ta’lim, kamba-g‘allikni qisqartirish bandlik tashkilotlari ham komissiya a’zolari sifatida huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bilan birgalikda bir maqsad yo‘lida birlashgan.
Negaki, odam savdosining oldini olish, avvalo, ogohlik va huquqiy bilimdan boshlanadi. Bu xususida komissiya a’zolari tomonidan olib borilayotgan targ‘ibot ishlarining mezoni qanday?

– Shu maqsadda viloyatdagi 22 ta texnikumda davra suhbatlari, seminar-treninglar, ochiq muloqotlar tashkil etildi, – deydi kasbiy ta’lim tashkiloti matbuot kotibi Sadoqat Ravshanova. – Huquqni muhofaza qiluvchi organlar, mutasaddi tashkilotlar hamda soha mutaxassislari ishtirokida o‘tkazilgan uchrashuvlarda yoshlar odam savdosi, noqonuniy migratsiya, internet firibgarligi va majburiy mehnatning oqibatlari haqida batafsil ma’lumot oldilar. Xususan Sirdaryo tumanidagi pedagogika texnikumida bo‘lib o‘tgan tadbir ana shunday uchrashuvlarning eng mazmunlilaridan biri bo‘ldi. Tadbirda tumanning Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi bosh mutaxassisi J.Rahmatullayev ishtirok etib, yoshlar bilan ochiq muloqot olib bordi. Hayotiy misollar orqali noqonuniy ish takliflariga ishonish, hujjatlarni begonalarga topshirish yoki rasmiy shartnomasiz ishlash qanday ayanchli oqibatlarga olib kelishi mumkinligi tushuntirildi.
–Korxonalardagi xodimlarini majburiy mehnatga undash ham odam savdosining ko‘z ilg‘amas ko‘rinishlaridan biri, – deydi viloyat kambag‘allikni qisqartirish bandlik tashkiloti matbuot kotibi Behzod Mavlonov.
Ba’zi rahbarlarning mansabidan foydalanib, o‘z xodimlarining rozi-ligisiz obodonlashtirish yoki boshqa ishlarga jalb qilishi oddiy holdek ko‘rinadi. Aslida esa bu xalqaro huquqda odam savdosining kichik ekspluatatsiya shakllaridan biri sifatida baholanadi.
Shu bois viloyatda mehnatni munosib ta’minlash va majburiy mehnatning oldini olish bo‘yicha ham tizimli ishlar davom ettirilmoqda. Jumladan, joriy yil davomida ushbu
yo‘nalishda 221 ta targ‘ibot tadbiri tashkil etildi. Shulardan, 121 ta seminar, 4 ta ochiq eshiklar kuni, internet orqali 4 ta onlayn tushuntirish ishlari o‘tkazilib, ularda 5 ming 124 nafar fuqaro ishtirok etdi. Korxona va tashkilotlar rahbarlari uchun o‘tkazilgan seminar-trening-larda Xalqaro mehnat tashkiloti konvensiyalari, mehnat qonunchiligi talablari hamda majburiy mehnatga yo‘l qo‘ymaslik masalalari atrof-licha tushuntirilganini ta’kidladi B.Mavlonov.
Nazorat tadbirlari natijasida qonun
buzilishlariga ham huquqiy baho berildi. Xususan, Mirzaobod tuma-nidagi umumta’lim maktablaridan birining direktori 11 nafar pedagogni obodonlashtirish ishlariga majburiy jalb qilgani uchun Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 51-moddasi birinchi qismi bilan bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravari miqdorida jarimaga tortildi.
Xuddi shuningdek, Xovos tumani tibbiyot birlashmasi mas’uli tibbiyot xodimlarini majburiy mehnatga jalb qilgani uchun BHMning
50 baravari, yana bir umumta’lim maktabi direktori esa pedagoglarni majburiy ishlatgani uchun BHMning 100 baravari miqdorida ma’muriy javobgarlikka tortildi. Bu holatlar majburiy mehnatga nisbatan muro-sasizlik tamoyili amalda qat’iy qo‘llanayotganini ko‘rsatadi.
Paxta yig‘im-terimi mavsumi yaqinlashar ekan, bu yo‘nalishdagi ishlar yanada kuchaytirildi. Viloyat bo‘ylab banner va plakatlar o‘rnatildi, 560 ta targ‘ibot qo‘llanmasi tarqatil-di. Fermer xo‘jaliklari hamda klasterlar uchun 50 mingta mehnat shartnomasi tayyorlanib, ularning qonuniy rasmiylashtirilishi davlat mehnat huquq inspeksiyasi tomonidan nazoratga olindi. Barcha tuman va shaharlarda majburiy hamda bolalar mehnatining oldini olishga bag‘ishlangan o‘quv-seminarlar tashkil etildi.
Odam savdosiga qarshi kurashish maktablarda ham izchil davom etmoqda. Yozgi ta’til davri bo‘lishiga qaramay umumta’lim maktablari o‘qtuvchilari o‘quvchilar va ota-onalar bilan aloqani uzishgani yo‘q. Sinf rahbarlari, maktab ma’muriyati va psixologlar Telegram guruhlari orqali muntazam ravishda ogohlantiruvchi videoroliklar, tavsiyalar va huquqiy tushuntirishlarni ulashib bormoqda.
– Ayniqsa, yoz oylarida begona shaxslarning ish takliflariga ishon-maslik, voyaga yetmaganlarning mehnatidan noqonuniy foydalanili-shiga yo‘l qo‘ymaslik, ota-onalarni farzandlari qayerda va kim bilan vaqt o‘tkazayotganiga befarq bo‘lmaslikka chaqiruvchi tavsiyalar muntazam yetkazilmoqda, – deydi soha metodisti Sardor Qushbaqov.

Bu bejiz emas. Yoz faslida dala-larda, bozorlarda yoki yoshiga mos bo‘lmagan og‘ir ishlarda mehnat qilayotgan bolalarni hanuz uchratib turish mumkin. Moddiy qiyinchilik sabab ayrim oilalarning farzandlari dam olishlari yoki bilimlarini oshirishlari kerak bo‘lgan vaqtlarini mehnat bilan o‘tkazishga majbur bo‘lishmoqda. Holbuki bugungi kunning eng muhim vazifasi bolalar mehnatidan foydalanish emas, ularning ta’lim olishi va sog‘lom voyaga yetishi uchun sharoit yaratishdir.
Maktab bitiruvchilari bilan olib borilayotgan tushuntirish ishlari ham alohida ahamiyat kasb etmoqda.
2025-2026-o‘quv yilida 10 848 nafar bitiruvchi uchun ham alohida targ‘ibot ishlari olib borilgan. Oliy ta’lim yo‘nalishiga qabul qilinmagan ayrim yoshlar daromad topish maqsadida chet elga ishlash uchun ketishni rejalashtirishi tabiiy. Ana shunday vaziyatlarda ularga xavfsiz migratsiya qoidalari, faqat rasmiy tartibda ishga joylashish, shubhali vositachilar va yolg‘on vadalarga ishonmaslik yuzasidan zarur tavsiyalar berilmoqda.
Bu borada bandlik organlarining ham mas’uliyati katta. Chunki odam savdosi qurbonlarining eng ko‘pi ishsiz qatlamlardir. Shu sababli farzandlarimizni o‘qib, yaxshi kasb egasi bo‘lishlariga hozirdan birgalikda kurashaylik. Bugun e’tiborsizligimiz sababli kelajakda farzandlarimiz majburiy mehnatlari bilan badal to‘lashmasinlar.
Odam savdosiga qarshi kurash faqat huquqni muhofaza qiluvchi organlarning vazifasi emas. Bu ta’lim muassasalari, bandlik tizimi, mahalla, ota-onalar va butun jamiyatning umumiy mas’uliyatidir. Har bir ogohlantirish, har bir huquqiy tushuntirish, har bir yoshning ongida shakllangan hushyorlik ertangi fojeaning oldini olishi mumkin. Zero, insonni jinoyatdan keyin qutqarishdan ko‘ra, uni jinoyat tuzog‘iga tushib qolishidan avval ogoh qilish ming karra afzaldir.

Marjona XAYITBOYEVA
Marjona XAYITBOYEVA
MUXBIR