--

VA’DA — SO‘ZDAN AMALIY HARAKATGA O‘TISH MAS’ULIYATI

VA’DA — SO‘ZDAN AMALIY HARAKATGA O‘TISH MAS’ULIYATI
Chop etilgan 20 October, 2026

Oqoltin tumanida yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularda fuqarolik mas’uliyati va yurt taqdiriga daxldorlik tuyg‘usini mustahkamlashga qaratilgan tadbir bo‘lib o‘tdi.Vatanparvarlik — shunchaki balandparvoz so‘z yoki marosimlarda yangraydigan shior emas, balki navqiron avlodning kundalik hayotida, bilim olishga bo‘lgan intilishida, ota-onasi va ustozlariga hurmatida, el-yurt ravnaqi uchun mas’uliyatni his etishida namoyon bo‘ladi. Ayniqsa, ertangi kun egalari bo‘lgan yoshlar qalbida ana shu fazilatlarni shakllantirish har qanday jamiyatning eng muhim vazifalaridan biridir. Tumanda “Vatan tayanchi — yurt kelajagi!” shiori ostida o‘tkazilgan 10–11-sinf o‘quvchilarining tantanali va’da berish marosimi ham ana shu ezgu maqsadga xizmat qildi.
Tumanda 1 ta ixtisoslashtirilgan maktab, 17 ta umumta’lim maktabi, 2 ta texnikum va 1 ta “Jasorat” maktabi faoliyat yuritmoqda. Mazkur ta’lim muassasalari yosh avlodga bilim berish bilan birga ularni mustaqil hayotga tayyorlash, ma’naviy-axloqiy jihatdan kamol toptirish va jamiyatda munosib o‘rin egallashlariga ko‘maklashishda muhim ahamiyat kasb etadi. “Jasorat” maktabida jami 420 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda. Bu maskanda ta’lim va tarbiya uyg‘unligini ta’minlash, o‘quvchilarda intizom, qat’iyat, jamoaviylik va Vatanga sadoqat tuyg‘ularini shakllantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Tadbir davomida Vatan tushunchasining mazmun-mohiyati, milliy qadriyatlarga sadoqat, ona yurt tinchligi va xalq farovonligi yo‘lida mas’uliyatni his etishning ahamiyati alohida ta’kidlandi. Ayniqsa, 10–11-sinf o‘quvchilarining va’da berish marosimi tadbirning eng muhim qismiga aylandi. Chunki yoshlikning bu davrida inson hayotida o‘z oldiga maqsad qo‘yish, kelajak uchun o‘z kasbini tanlash, mustaqil fikrlash va hayotiy qarashlarini shakllantirish bilan ahamiyatlidir. O‘quvchilarga “Vatan tayanchi” ko‘krak nishoni va guvohnomalarining topshirilishi esa ularning zimmasidagi mas’uliyatni yana bir bor eslatdi. Zero, ko‘krak nishoni shunchaki ramz emas, balki yoshlarning o‘z bilim va salohiyatini rivojlantirish, intizomli bo‘lish, tengdoshlariga o‘rnak ko‘rsatish hamda yurt ravnaqiga munosib hissa qo‘shishga intilishi uchun ma’naviy rag‘batdir.
Tadbirda so‘zga chiqqan viloyat MIB faxriylar kengashi raisi, zaxiradagi mayor Burhon Abdalimov, tuman mudofaa ishlari bo‘limi boshlig‘i, mayor Bahrom Bahromov, tuman hokimi o‘rinbosari Ozod Egamov va boshqalar yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning ma’naviy kamolotini ta’minlash, bilim olishga bo‘lgan qiziqishlarini oshirish va jamiyat hayotidagi faolligini qo‘llab-quvvatlash muhim vazifalardan ekanini qayd etdilar.
Bugungi globallashuv davrida yoshlarning bilimli, mustaqil fikrlaydigan, turli axborotlarni tahlil qila oladigan va o‘z pozitsiyasiga ega shaxslar bo‘lib voyaga yetishiga katta e’tibor qaratilmoqda. Bunday natijaga erishish esa faqat nazariy bilim bilan cheklanmaydi. Yoshlar jismonan chiniqishi, ijtimoiy faolligi, intizomi va jamoada ishlash ko‘nikmalarini ham rivojlantirishi zarur. Shu nuqtai nazardan “Vatan tayanchi” harakati faoliyati o‘quvchilarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, ularni sport va ma’naviy-ma’rifiy mashg‘ulotlarga jalb qilish, tashabbuskorligini qo‘llab-quvvatlash hamda Vatan taqdiriga daxldorlik hissini kuchaytirishda muhim imkoniyatdir. Biroq har qanday marosimning haqiqiy samarasi undan keyingi kundalik faoliyatda namoyon bo‘ladi. Bugun berilgan va’da ertaga puxta o‘zlashtirilgan bilimda, erishilgan yutuqda, namunali xulqda, halol mehnatda va jamiyatga keltirilgan foydada o‘z ifodasini topishi kerak. Shu bois o‘quvchilarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash maktabning o‘zi bilan cheklanib qolmasligi lozim. Oila, ta’lim muassasasi va mahalla hamkorligi, ustozlarning shaxsiy namunasi, yoshlarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash bu boradagi ishlarning izchil va samarali bo‘lishini ta’minlaydi.
Shunday ekan, “Vatan tayanchi — yurt kelajagi!” shiori har bir yosh uchun shunchaki tadbir bo‘lib qolmasligi kerak. U hayotiy e’tiqod, kundalik intilish va ezgu amallarda namoyon bo‘ladigan qat’iy tamoyilga aylanishi lozim.
Diyora ISMOILOVA

Diyora ISMOILOVA
Diyora ISMOILOVA
Reporter