--

BIR HOVUZDAN BOSHLANGAN EKSPORT

BIR HOVUZDAN BOSHLANGAN EKSPORT
Chop etilgan 8 October, 2026

200 ta chavoqdan boshlangan yo‘l xorij bozorida

Guliston tumani “Soyibobod” mahallasida istiqomat qiluvchi Dilshod No‘monovning baliqchilik faoliyati bundan o‘n yil avval ijtimoiy tarmoqdagi oddiy qiziqishdan boshlangan. Dastlab u baliq yetishtirishga oid ma’lumotlarni o‘rganib, o‘zini sinab ko‘rishga qaror qildi.
Fursati yetib, Toshkentdan 200 ta baliq chavoqlarini olib keldi. Dastlab katta hovuzlar ham, zamonaviy uskunalar ham yo‘q edi. Hatto ilk tajribalar oddiy tog‘oralarda olib borildi. Ammo havas bilan boshlangan ish asta-sekin o‘z natijasini bera boshladi.
Baliqchilikning har bir daqiqasi Dilshod No‘monov uchun yillar davomida o‘rganilgan tajribaga aylandi. Baliqning oziqlanishi, suv sharoiti, ko‘paytirish, chavoq olish va parvarishlash kabi jarayonlar bosqichma-bosqich o‘zlashtirildi. Bugun esa xonadonda baliq nafaqat yetishtiriladi, balki ko‘paytiriladi. Inkubator tizimi yo‘lga qo‘yilgan.
Ona baliqdan chavoq olish, uni parvarishlash va sotuvga tayyorlashgacha bo‘lgan jarayonning muhim qismi uyda amalga oshiriladi. Xonadondagi ayrim hovuzlar 3x3 metr o‘lchamda bo‘lib, asosan “Afrika korolevskiy som” balig‘i yetishtiriladi. Baliqni sotuvga tayyor holga keltirish uchun esa bir necha oy davomida muntazam parvarish talab qilinadi.
Faoliyatning rivojlanishida mahalla ko‘magi ham muhim bo‘ldi. Mahalla hokim yordamchisi ko‘magida mavjud imkoniyatlardan foydalanilib, xonadonning baliqchilik faoliyati kengaytirildi.
Bugun daromad faqat yirik baliq savdosida emas, balki chavoq yetishtirishda ham shakllanmoqda. Bir mavsumda chavoqlardan 100 million so‘mgacha daromad olish imkoniyati mavjud. Yirik baliq savdosi bilan birgalikda yillik daromad 200 million so‘mgacha yetishi mumkin.
Yetishtirilgan mahsulotlar mahalliy xaridorlarga, qo‘shni viloyatlarga, shuningdek, Qirg‘iziston va Tojikistonga yetkazib berilmoqda. E’tiborlisi, xonadonning mahsulotlari xorij bozoriga ham chiqdi. O‘tgan yili YouTube orqali bog‘langan xaridorlar yordamida 500 ta baliq chavoqlari Afg‘onistonga eksport qilingan. Bir vaqtlar Dilshod No‘monov baliqchilikni o‘rganish uchun internetdan foydalangan edi. Bugun esa aynan internet uning mahsulotlarini xorijiy xaridorlarga olib chiqmoqda. “Baliq boqish sirlari” nomi ostidagi ijtimoiy tarmoq sahifalarida baliq yetishtirish va parvarishlash jarayonlari haqida ma’lumotlar berib boriladi. Instagramdagi kuzatuvchilar soni 80 mingtadan oshgan. Bu sahifalar orqali nafaqat mahsulotlar targ‘ib qilinadi, balki baliqchilikka qiziqqan insonlar bilan aloqa o‘rnatilib, buyurtmalar ham olinadi. Bugun bu ish bilan butun oila shug‘ullanmoqda.
Baliqlarni oziqlantirish, hovuzlarni nazorat qilish, chavoqlarni saralash va buyurtmalarni tayyorlash oilaviy mehnat asosida bajariladi.
D. No‘monov esa baliqchilikdan tashqari, 27 yildan
buyon un tegirmoni ishini ham yuritib kelmoqda. Baliqchilik esa uning hayotiga keyinroq kirib kelib, o‘n yil ichida mustaqil daromad manbaiga aylangan yo‘nalish bo‘ldi. O‘sha ilk ish boshlanish zamirida hovuzlar, inkubator, minglab chavoqlar, mahalliy xaridorlar va xorijiy bozorlar turibdi. Demak, katta natija har doim ham katta imkoniyatdan boshlanmaydi.
Marjona MIRZABEKOVA