Fizikada ko‘zga ko‘rinmaydigan jarayonlar bor. Elektronlarning harakati, zaryad tashuvchilarning almashinuvi, juda yupqa qatlamlarda yuz beradigan o‘zgarishlar — oddiy ko‘z ilg‘a-maydigan, ammo butun bir qurilmaning ishlashiga ta’sir qiladigan hodisalar. O‘razali Jo‘rayev ana shunday murakkab jarayonlarni o‘rganib, ularning sirini anglashga umrini bag‘ishlagan olimlardan edi.
U 1956-yil Guliston tumanida ziyolilar oilasida dunyoga kelgan edi. Ilmga bo‘lgan qiziqishi domlani Toshkent davlat universitetining Fizika fakultetiga yetakladi. O‘sha davrda universitetda “Yarimo‘tkazgichlar va dielektriklar fizikasi” ixtisosligi bo‘yicha tahsil olgan O‘razali Jo‘rayev keyinchalik ilmiy izlanishlar bilan bog‘liq murakkab va mashaqqatli yo‘lni tanladi.
Faoliyatining dastlabki yillari O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Fizika-texnika institutida o‘tdi. u yerda u katta texnik, tadqiqotchi-muhandis, muhandis-texnolog, sho‘ba mudiri kabi lavozimlarda ishlab, nazariy bilimlarini amaliy tadqiqotlar bilan boyitdi. Yarimo‘tkazgichlar fizikasi kabi murakkab yo‘nalishda olib borilgan izlanishlar uning ilmiy salohiyatini tobora shakllantirib boradi.
1992-yilda Sirdaryo viloyatiga qaytganidan so‘ng esa uning hayoti
Guliston davlat universiteti bilan chambarchas bog‘landi. U “Umumiy fizika” kafedrasida o‘qituvchi, dotsent, kafedra mudiri sifatida faoliyat yuritdi va umrining oxiri-gacha shu dargohda yoshlarga bilim berdi.
Ammo O‘razali Jo‘rayevning ilmiy yo‘li oddiy o‘qituvchilik faoliyati bilangina cheklanib qolmadi. Olim
ilmning muayyan bir yo‘nalishida o‘z izini qoldirishga intildi. O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Fizika-texnika instituti qoshidagi “Yarim-o‘tkaz-
gichlar va dielektriklar fizikasi” ixtisoslashgan kengashida “Yupqa
“o‘lik” qatlamli sirtqi to‘siqli detektorlarning o‘ziga xos jihatlarini tadqiq etish” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qildi.
Bu mavzuning mohiyatini oddiyroq aytganda, gap yarimo‘tkazgich materiallari asosida ishlaydigan, tashqi ta’sirlarni, jumladan, nurlanishni sezib, uni elektr signaliga aylantirishga xizmat qiladigan detektorlarning xususiyatlarini chuqur o‘rganish haqida boradi. Olimning izlanishlari esa bunday qurilmalarda elektr toki qanday hosil bo‘lishi, zaryad tashuvchilar qanday harakatlanishi va qurilmaning sezgirligiga qanday omillar ta’sir qilishini aniqlashga qaratilgan edi. Ya’ni u nafaqat mavjud bilimlarni takrorladi, balki yarimo‘tkazgichli detektorlarning ishlash mexanizmini yanada chuqurroq anglash va ularning imkoniyatlarini takomillashtirishga xizmat qiladigan ilmiy natijalarga erishdi. Uning ilmiy izlanishlarining qadri ham shunda edi.
Olimning tadqiqotlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri yarimo‘tkazgichlarning tok o‘tkazuvchanligi, asosiy va asosiy bo‘lmagan zaryad tashuvchilar kon-
sentratsiyasi, sirtqi to‘siqli detek-torlarda tok tashuvchilarning elektr
maydonidagi harakati kabi masalalarni nazariy va tajribaviy o‘rganishga qaratilgan. “Sirtqi to‘siqli radiatsion detektorlarni yasash usuli” mavzusida patent olgani esa uning izlanish-lari faqat nazariya doirasida qolib ketmaganini ko‘rsatadi.
Ilmiy izlanishlari natijasida O‘razali Jo‘rayevning yuzdan ortiq maqolalari, ilmiy va uslubiy ishlari e’lon qilindi. Ularning ayrimlari xorijiy, jumladan, Rossiyaning yetakchi ilmiy nashrlarida chop etilgan. Xalqaro va respublika miqyosidagi ilmiy konferensiyalarda ma’ruzalar bilan qatnashgan olim o‘z tadqiqotlari orqali yarimo‘tkazgichlar fizikasi yo‘nalishiga munosib hissa
qo‘shdi. “Yangi tipdagi yarim o‘tkazgichlarni olish” mavzusidagi davlat granti loyihasida ham ishtirok etib, ilmiy izlanishlarini amaliy yo‘nalish bilan bog‘ladi.
Uning ilmiy merosi faqat maqola va dissertatsiyalardan iborat emas. Fizika fanini o‘rganayotgan talabalar uchun “Yadro fizikasidan laboratoriya ishlari to‘plami”, “Mexanikadan laboratoriya ishlari to‘plami” kabi o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar yaratgani ham olimning ta’lim jarayoniga qo‘shgan hissasini ko‘rsatadi. Zero, haqiqiy ustoz uchun ilm faqat o‘zida qoladigan boylik emas, balki keyingi avlodga yetkazish ham olimlik mas’uliyatining bir qismidir.
O‘razali Jo‘rayevni yaxshi bilganlar esa uning ilmiy faoliyati bilan bir qatorda insoniy fazilatlarini ham alohida eslaydi. Guliston davlat universiteti fizika-matematika fanlari nomzodi, dotsent Rustam Elmurodov u bilan 39 yil davomida yaqin do‘st bo‘lgan. 1995-yildan boshlab esa birga ishlagan. Demak, uning O‘razali Jo‘rayev haqida-gi xotiralari oddiy hamkasbning emas, qariyb qirq yil davomida yonma-yon yurgan yaqin insonning xotiralari.
— O‘razali juda muloyimtabiat, ko‘ngli ochiq inson edi. U bilan suhbat-lashgan, birga ishlagan odam undan faqat yaxshi taassurot olardi, — deya eslaydi Rustam Elmurodov.
Olimning fanga qo‘shgan hissasi va shogirdlari orqali boshlangan yo‘l hali davom etmoqda. Yillar o‘tadi, avlodlar almashadi. Lekin chin mehnat bilan fanda qoldirilgan iz vaqt o‘tishi bilan o‘chmaydi. O‘razali Jo‘rayev ham ana shunday iz qoldirgan olim va xotirasi yaxshi so‘zlar bilan yashaydigan inson edi.
Sevinch MURODOVA