--

TRENER

TRENER
Chop etilgan 2 October, 2026

Guliston Olimpiya va Paralimpiya sport turlariga
tayyorlash markazi direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Muzaffar Sulaymonovning xonasida gurunglashib o‘tirgandik, eshik qiya ochilib, bir yigitcha kirib keldi.

—Mana sizga tanishtirmoqchi bo‘lganim yosh, umidli trenerimiz Abrorjon Nomozov. Uning shogirdlari sportning velosport turi bo‘yicha mamlakatimiz va Osiyo qit’asi musobaqalarida yaxshi natijalarni qo‘lga kiritmoqda, — dedi M. Sulaymonov.
Abrorjon 2015-2018-yillarda markazda tahsil olib, o‘qishni bitirgach, trener bo‘lib shu yerda ishda qolgan ekan. O‘quvchilik yillarida velosport musobaqalarida bir necha karra viloyat chempionligini qo‘lga kiritgan ekan.
—U paytlari viloyatimizda velosiped sporti endi rivojlanayotgan kezlar edi, — deydi A.Nomozov. —Mamlakat, Osiyo chempionatlarida yaxshi natijalarni qo‘lga kirita olmaganmiz. Mana endi shogirdlarimiz bizning armonlarimizni ro‘yobga chiqarishmoqda.
Abrorjon tabiatan kamgap, muxbirlar bilan muloqot qilishni, suratga tushishni uncha xushlamas ekan. Gap bilgancha ish bil, aytimiga amal qilarkan.
Darhaqiqat, hayot velosiped haydashga o‘xshaydi: muvozanatni saqlash uchun harakatdan to‘xtamaslik kerak. 2018-yilda trenerlik faoliyatini boshlagan Abrorjon ustozi Kamoliddin Hikmatov va hamkasblari bilan Sirdaryoda o‘ziga xos velosport maktabini yaratishdi. Bir necha karra Osiyo va mamlakat chempioni, Parij Olimpiadasining ishtirokchisi Yanina Kuskova aynan shu maktabdan yetishib chiqdi. 2023-yilda Abrorjonning shogirdi Viktoriya Polzunova Qozog‘iston davlati-ning Olmaota shahrida o‘tgan Osiyo chempionatida jamoaviy miks musoba-qalarida kumush medalga ega chiqdi. Shogirdlarning parvozi yildan yilga yuksalib borayotir. Joriy yil Saudiya Arabistonida o‘tgan Osiyo chempionatida shogirdi Fazliddin Ergashev 40 kilometrlik masofaga jamoaviy poygada ikkinchi o‘rinni egalladi va xalqaro toifadagi sport ustasi talabini bajardi. Filippin davlatida o‘tgan velosportning trek yo‘nalishi bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasida qatnashgan Dilnura Mirzavaliyeva bronza medali bilan yurtiga qaytdi. U O‘zbekiston sport akademiyasining 1-kursiga o‘qishga qabul qilindi.
Yosh murabbiy bir faktni alohida urg‘uladi. Keyingi paytlarda mahalliy qizlardan velosportga dadil kirib kelayot-ganlari ko‘payayotganini faxr bilan tilga oldi. Masalan, Sabrina Altinbayeva Sardoba tumanida tug‘ilgan. Oxirgi Osiyo o‘yinlarida 4-o‘rinni egallagan. Medalga ilinishga bir bahya qolgan. Boyovutlik Omina Tursunova navbatdagi Osiyo chempionatiga asosiy nomzod sanaladi. Ayni paytda Abrorjon Nomozov qo‘l ostida turli yosh toifasidagi 33 nafar o‘g‘il-qiz shug‘ullanmoqda. Ahamiyatga molik jihati sportchilarning teng yarmini, ya’ni 15 nafarini qizlar tashkil qiladi.
—Meni bir narsa hayron qoldiradi, — deydi A.Nomozov. —Qo‘l ostimda shug‘ullanayotgan shogirdlarimning har biri 5-6 martadan mamlakat chempionli-gini qo‘lga kiritgan. O‘zimizni chempio-natda, deya ularni rag‘batlantirishni o‘ylayotganimiz ham yo‘q. Biroq Osiyo, jahon chempionatlarida sovrindor bo‘lgan sportchilarimizni rag‘batlantirishni ham birorta mutasaddi xayoliga keltirmayapti. Fazliddin Ergashev Osiyo musobaqalaridan kumush medal bilan qaytgach, ota-onalari va men yelib-yugurib viloyat Sport boshqar-
masidan bitta noutbuk olishga erishdik. Viloyatimizda o‘tgan “Besh tashabbus Olimpiadasi”da g‘olib chiqqan o‘g‘il-qizlar-ga tashkilotchilar katta-katta sovg‘alar berganini o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rdik. Biroq qit’a miqyosida yurtimiz sharafini himoya qilganlarga hech vaqo yo‘q. Sportda ham motivatsiya asosiy rolni o‘ynaydi.
Yosh trenerning kuyinganicha bor. Prezidentimiz mamlakatimizning dong‘ini dunyoga tanitayotgan sportchilarni munosib
taqdirlashni an’anaga aylantirdilar. Viloyatimizning sport mutasaddilari ham mazkur yo‘nalishda ijobiy o‘zgarishlarga yuz buradi, deb o‘ylaymiz. Zero, motivatsiya, manfaatdorlik bor joyda yutuqlar ko‘payaveradi.
M. AHMEDOV
Tasvirda: Abrorjon Nomozov shogirdi Laylo Toshevaning xatti-harakatlarini kuzatmoqda.