--

YOSHLAR TARBIYASIDA OILA, MAHALLA VA TA’LIM HAMKORLIGI

YOSHLAR TARBIYASIDA OILA, MAHALLA VA TA’LIM HAMKORLIGI
Chop etilgan 30 September, 2026

Yoshlar tarbiyasi haqida ko‘p gapiramiz. Oila — tarbiya o‘chog‘i, mahalla — jamoatchilik tayanchi, ta’lim muassasasi — bilim va dunyoqarash maktabi, deymiz. Bugun ularning hamkorligi amalda qanday natija berayapti?

Sirdaryo viloyatida 250 mingdan ortiq yosh yashaydi. Bu viloyat aholisining 26  foizdan ortiqroqdir. Ya’ni har to‘rt kishidan biriга yaqini yoshlar vakillaridir.

Demak, yoshlar tarbiyasi viloyatning ertangi ijtimoiy, iqtisodiy va ma’naviy qiyofasini belgilaydigan masaladir.

Xususan, 2025-yilda Sirdaryoda 1 573 ta ajrim qayd etilgan. Ularning oqibatida 1 322 nafar bola ota yoki ona tarbiyasiz qolgan. Ajrim sabablari tahlil qilinganda, 101 ta holatda nikohlanuvchilarning oilaviy hayotga tayyor emasligi, 82 tasida uchinchi shaxs aralashuvi, 69 tasida farzandsizlik, 54 tasida uzoq muddatli migratsiya, 49 tasida xiyonat, 30 tasida alkogolga ruju qo‘yish, 20 tasida tazyiq va zo‘ravonlik qayd etilgan.

Ayniqsa, “oilaviy hayotga tayyor emaslik”ning 101 ta holatda sabab sifatida qayd etilishi bizni jiddiy o‘ylashga undaydi.

Bu ishda maktabning ham, mahallaning ham, oilaning ham o‘z vazifasi bor. Ota-ona farzandi bilan ochiq muloqot qilishi, uning munosabatlari va qarashlarini bilishi kerak. Ta’lim muassasasi yoshga oilaviy mas’uliyat, huquq va majburiyatlar haqida hayotiy tushuncha berishi zarur. Mahalla oiladagi ijtimoiy xavflarni erta ko‘ra olishi lozim.

Viloyatda 2024-yilda 1 300 nafardan ziyod yoshga “Yoshlar daftari” orqali kredit, yer va subsidiyalar ajratilgan, 4 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan. Shuningdek, 4 705 nafar yoshga 2 284 gektar yer ajratilib, ularning bandligi ta’minlangan. 2025-2026-yillarda ham bu tizim davom etdi. Respublika ishchi guruhining Sirdaryodagi o‘rganishida esa yoshlar bandligi, jinoyatchilikning oldini olish, bo‘sh vaqtni mazmunli tashkil etish bilan bir qatorda mahalla raisi, yoshlar yetakchisi va hokim yordamchisining ta’lim muassasalari bilan tizimli hamkorligini kuchaytirish zarurligi alohida ta’kidlangan. Bu juda muhim.

Chunki yoshni faqat “Yoshlar daftari”ga kiritish yoki biror tadbirga jalb qilishning o‘zi yetarli emas. Uning ta’limi, bandligi, qiziqishi, oilaviy muhiti va bo‘sh vaqti bir butun holda ko‘rilgandagina natija barqaror bo‘ladi.

Shu o‘rinda, yoshlar jinoyatchiligini oldini olish ham muhim. Bu masalani faqat huquq-tartibot organlarining vazifasi sifatida qabul qilish to‘g‘ri emas. Yoshning jinoyatga qadam qo‘yishi ko‘pincha bir kunda sodir bo‘lmaydi. Uning ortida ta’limdan uzilish, ishsizlik, nazoratsiz bo‘sh vaqt, salbiy muhit yoki oiladagi muammolar bo‘lishi mumkin. Shuning uchun mahallalarda profilaktika “jinoyat sodir bo‘lgach” emas, xavf belgisi paydo bo‘lgan paytdan boshlanishi kerak.

Maktab davomatidagi o‘zgarishni birinchi bo‘lib o‘qituvchi ko‘radi. Oilaviy muammoni ota-ona biladi. Mahalladagi muhitni yoshlar yetakchisi va mahalla faollari kuzatadi. Demak, ma’lumot birlashsa, muammoni ertaroq aniqlash imkoniyati paydo bo‘ladi.

2024-yilda mamlakat bo‘yicha 3 643 ta mahalla “yoshlar jinoyatchiligidan xoli hudud”ga aylangan bo‘lsa, 2025-yilda bu ko‘rsatkich 4 714 ta mahallaga yetgan. Shu davrda yoshlar jinoyatchiligi 18 foizga kamaygan. Bu raqamlar profilaktika tizimida o‘zgarishlar bo‘layotganini ko‘rsatadi. Ammo tarbiya samarasini faqat jinoyatchilik statistikasi bilan o‘lchab bo‘lmaydi.

Demak, oila farzandga qadriyat va shaxsiy namuna beradi. Ta’lim muassasasi bilim, dunyoqarash va ijtimoiy ko‘nikmalarni shakllantiradi. Mahalla esa yoshning jamiyatda o‘z o‘rnini topishi, muammosi barvaqt aniqlanishi va zarur yordam olishi uchun muhit yaratadi.

Shuning uchun endi “yoshlar bilan kim ishlaydi?” deb emas, “yosh bilan kimlar birgalikda ishlayapti?” degan savol muhimroq.

Tarbiyada mas’uliyatni bir-birimizga yuklab qo‘yish esa eng oson yo‘l. Bizga har bir mahallada yoshlar bilan ishlashning aniq, manzilli tizimi kerak: muammoni erta aniqlash, oila bilan ishlash, ta’lim muassasasi bilan axborot almashish, yoshning qiziqishiga mos imkoniyat yaratish va eng muhimi — natijani kuzatib borish.

Bugun Sirdaryo yoshlariga berilgan tarbiya, yaratilgan muhit va ko‘rsatilgan e’tibor — viloyatning ertangi kuniga qo‘yilgan poydevordir. Shu bois oila, mahalla va ta’lim muassasasi o‘rtasidagi hamkorlikni shunchaki vazifalar taqsimoti emas, bir inson taqdiri uchun umumiy mas’uliyat darajasiga olib chiqishimiz kerak.

Chunki yoshning kelajagi — faqat uning shaxsiy taqdiri emas. Bu — jamiyatning kelajagidir.

Dilobar KATTABEKOVA,

Sirdaryo viloyati hokimi o‘rinbosari