--

PAXTA YIGʻIM-TERIMI BOSHLANDI

PAXTA YIGʻIM-TERIMI  BOSHLANDI
Chop etilgan 26 September, 2026

Sirdaryo dalalarida yil davomida qilingan mehnatning eng mas’uliyatli pallasi boshlandi. 15-sentyabrdan viloyat dalalarida paxta terimiga start berildi. Endi masala faqat paxtani terib olishda emas. Yetishtirilgan hosilni, qisqa muddatda, sifatini saqlagan holda yig‘ib-terib olishdir. Zero, bir yil davomida suv, o‘g‘it, texnika, mehnat va mablag‘ sarflangan dalaning haqiqiy natijasi paxta qabul punktlarida namoyon bo‘ladi. Shu bois terim mavsumini qanday tashkil etish yillik mehnat samarasini belgilaydigan muhim omil hisoblanadi.Joriy yilda viloyatda 75,2 ming gektar maydonga chigit 76 santimetrli qo‘shqator va yakka-qator sxemalar asosida ekildi. Shundan 74 ming 288 gektarida xorijiy, 932 gektarida mahalliy g‘o‘za navlari parvarish qilindi. E’tiborlisi, 50 ming gektar, ya’ni ekin maydonlarining 66,5 foizi 76x10 santimetrli qo‘sh-qator shinjon usulida, 25,2 ming gektari esa 76 santimetrli yakkaqator sxemada ekilgan. Shinjon usulida ekilgan paxta navidan fermerlarimiz yuqori hosil olishni ko‘zlamoqdalar. Ushbu mavsumda o‘rtacha 51,8 sentnerdan 390 ming

tonna paxta olish rejalashtirilgan.

Hosilni o‘z vaqtida va to‘liq yig‘ib olish ham agrotexnik jarayonning mantiqiy davomi hisoblanadi. Ayniqsa, terimni kechiktirish hosil sifatiga, daladagi yo‘qotishlarga va umumiy iqtisodiy samaradorlikka ta’sir qilishi mumkin. Dalada asosiy agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida va belgilangan talablar asosida amalga oshirish bilan birga, hosilni to‘liq yetiltirish va terimga sifatli tayyorlash muhim.

Bu jarayonda desikatsiya tadbirlarini to‘liq yakunlash, g‘o‘za poyalarining me’yorda qurishini ta’minlash, o‘simlikdagi ozuqa moddalarini imkon boricha hosilga yo‘naltirish kabi masalalarga jiddiy e’tibor qaratish talab etiladi. Shuningdek, g‘o‘zani erta pishirish dasturi va etefondan belgilangan talablar asosida foydalanish ham terimni o‘z vaqtida boshlash va uyushqoqlik bilan o‘tkazishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Biroq har qanday agrotexnik tadbir o‘z vaqtida me’yor va ilmiy tavsiyalarga muvofiq bajarilgandagina kutilgan natijani beradi. Paxta hosildorligini oshirishda to‘g‘ri o‘g‘itlash tizimi, g‘o‘zani pishirish tadbirlarini o‘z vaqtida amalga oshirish, zararkunandalarga qarshi himoya choralarini to‘g‘ri tashkil etish ham muhim. Demak, hosilni ko‘paytirish faqat birgina tadbirga emas, butun agrotexnik zanjirning to‘g‘ri ishlashiga bog‘liq.

Mavsumni uyushqoqlik bilan o‘tkazish uchun viloyatda zarur tashkiliy choralar belgilangan. Jumladan, “Viloyat paxta terim shtabi” tashkil qilinib, terim grafiklari ishlab chiqilgan. Shuningdek, 260 ta

terim otryadi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Dalalarga 199 ta paxta terish mashinalari, jumladan, 50 ta qo‘shimcha paxta terish mashinasi olib kelish belgilangan. Terimchilarni tashish uchun 471 ta transport vosi-talari, 648 ta transport va 1285 ta tirkama mavsumda xizmat qilishi rejalashtirilgan. Bu raqamlar terimjarayonining texnik jihatdan ta’minlanganini ko‘rsatadi. Ammo texnika qanchalik ko‘p bo‘lmasin, uning samarasi tashkiliy intizom, dalalarning tayyorligi, logistika va qabul jarayoni bilan bir butun tizim sifatida ishlashiga bog‘liq.

Yig‘im-terim oldidan Sirdaryo tumanidagi “Peng Sheng Agro Tech” kompaniyasining “Haqiqat” SIU hududidagi 60 gektarlik, Xovos tumanidagi “Islomjon chavandoz” fermer xo‘jaligining 35 gektarlik paxta maydonlarida hosilni yig‘ib-terib olishga tayyorgarlik jarayoni o‘rganildi. Maydonda “Etefon” va “Avguron” preparatlari bilan desikatsiya ishlari amalga oshirilgan. Ko‘zdan kechirish jarayonida g‘o‘zaning qurish darajasi, ko‘sak-larning ochilishi va hosilning terimga tayyorligi baholandi. Dalada asosiy agrotexnik tadbirlar o‘z vaqtida bajarilgan. Shu nuqtai nazardan paxtani sifatini yo‘qotmagan holda terib olish, texnikadan samarali foydalanish, terim-chilar uchun zarur sharoitni ta’minlash, terilgan paxtani o‘z vaqtida qabul punktlariga yetkazishdir.

Sirdaryo paxtachiligi uchun endi asosiy mezon faqat gektardan qancha hosil olingani emas, balki yetishtirilgan hosilning qancha qismi sifatli va yo‘qotishlarsiz iqtisodiy natijaga aylangani ham bo‘lishi kerak. Bu esa nafaqat fermerning, balki mavsumni tashkil etayotgan har bir mutasaddining mas’uliyatidir.

Viloyatimizda yana bir masalala bu qishloq xo‘jaligini rivojlantirishda agrar sohaga yetuk mutaxassislarni tayyorlashdir. Bu borada “Yangi agronom” dasturi doirasida Toshkent davlat agrar universiteti talabalari Oqoltin tumanidagi “Bobur” qishloq xo‘jaligi klasterida dual ta’lim asosida amaliy mashg‘ulotlarda ishtirok etdi. Yoshlar zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnikalari bilan ishlash, agrotexnologik jarayonlarni amalda kuzatish va nazariy bilimlarini ishlab chiqarish jarayoni bilan uyg‘unlashtirish imkoniga ega bo‘ldi.

Xurshida NISHONOVA

Xurshida NISHONOVA
Xurshida NISHONOVA
BO‘LIM MUHARRIRI