--

BIZNES VA DAVLAT MUNOSABATLARIDA YANGI DAVR

BIZNES VA DAVLAT MUNOSABATLARIDA YANGI DAVR
Chop etilgan 24 September, 2026

Prezidentimizning 2026-yil 18-avgust kuni “Tadbirkorlar kuni” arafasida biznes vakillari bilan o‘tkazgan an’anaviy “Ochiq muloqoti” davlat va biznes munosabatlarini mutlaqo yangi bosqichga olib chiqdi. Ushbu muloqotda bildirilgan taklif va murojaatlar asosida qabul qilingan Prezident Farmonlari tadbirkorlik subyektlari uchun keng imkoniyatlar eshigini ochmoqda.

 Xususan, davlatimiz rahbarining PF-176-sonli Farmonlari asosida soliq va tashqi savdo ma’muriyatchiligida qator yengilliklar joriy etildi.

Tashqi savdo operatsiyalari bo‘yicha muddati o‘tgan debitor qarzdorliklarni qisqartirish bo‘yicha yangi mexanizm joriy etildi. 2027-yil 1-yanvarga qadar amal qiladigan bir martalik umumdavlat aksiyasiga ko‘ra, eksportchi korxonalarga aktivlar belgilangan muddatda repatriatsiya qilinmaganda yuzaga kelgan muddati o‘tgan debitor qarzini o‘z mablag‘lari hisobidan so‘ndirishga ruxsat berildi.

 Bu imkoniyat Sirdaryo viloyatida 2026-yil 1-avgust holatiga mavjud bo‘lgan 318 ta xo‘jalik yurituvchi sub’yektning 580 ta eksport-import shartnomalari bo‘yicha 89,7 million AQSH dollari miqdoridagi muddati o‘tgan debitor qarzdorligini kamaytirishga va eng muhimi, ularga nisbatan yirik jarimalar qo‘llanishining oldini olishga xizmat qiladi.

 Prezidentimiz tomonidan berilayotgan bu kabi keng ko‘lamli yengillik va imtiyozlar tadbirkorlik muhitini sog‘lomlashtirish, biznes vakillarining davlatga bo‘lgan ishonchini orttirish va hududlar iqtisodiyotini yanada rivojlantirishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.

 I.XALILOV,

 Sirdaryo viloyati soliq boshqarmasi Jamoatchilik bilan aloqalar shoʻbasi shoʻba boshlig‘i