--

BIR OGʻIZ SAVOLDAN BOSHLANGAN E’TIBOR

BIR  OGʻIZ  SAVOLDAN BOSHLANGAN  E’TIBOR
Chop etilgan 20 September, 2026

Odamning dardini so‘rash uning ko‘ngliga yo‘l topishdir

Erta tong. Hovlida rayhonlar hidi taralgan. Qator qilib ekilgan atirgullar barglarida shabnam yaltiraydi. Qariyb sakson yoshni qarshi olayotgan Sanobar aya Rahmatova esa sevib, ardoqlagan gullariga termulib o‘tiribdi.

Bu gullarning har birida ayaning mehri, mehnati, hayotidan bir parcha bor. Ko‘chasini rayhon va atirgullarga burkagan bu moʻtabar ona uchun obodlik – chiroyli manzara emas, balki ko‘ngil holati.

Shu kuni ham u qo‘shnisi bilan suhbat-lashib o‘tirarkan, ko‘cha boshidan bir guruh odamlar kelayotganini ko‘rib qoldi.

— Gullarimizni ko‘rgani kelishyap-timikan? — deb o‘yladi aya.

Mehmonlar yaqinlashganida ulardan biri ayaning oldiga kelib, salom berdi. keyin “Xola, qanday muammoingiz bor?” — deb so‘radi u.

Sanobar aya bir zum hayron bo‘lib qoldi. Qo‘shnisi esa uni yengil turtib:

— Xola, bu kishi viloyat hokimi Erkinjon Turdimov bo‘ladilar, — deb qulog‘iga shivirladi.

Ayaning ko‘nglida turli o‘ylar kechdi. O‘zi esa “muammom yo‘q” deb qo‘ygan edi. Ammo insonning ko‘nglida aytadigan gap ko‘p bo‘lar ekan.

— Muammolarim yo‘q, bolam, — dedi u. — Faqat pishiriq pishiradigan pechim yo‘q. Shunga qiynalib yuribman. Bo‘lmasa, hamma narsam yetarli...

Shu gapni aytar ekan, ich-ichidan o‘zini koyidi: “Sanobar, uyat-ye senga... Hokimdan pech so‘rayabsan-a...”

Oradan ko‘p vaqt o‘tmay ayaning uyiga isitish pechini olib kelishdi.

Sanobar aya avvaliga xursand bo‘lib ketdi.

Ammo pechni ko‘rib...— O‘g‘lim, men kampirni kechir. Menga isitish pechi emas, pishiriqlar pishiradigan pech kerak edi, — dedi u samimiy kulgi bilan. — Agar pechim bo‘lganida, senga turli xil pishiriqlar pishirib, olib borgan bo‘lardim-da...

Aya keyinchalik shu lahzani eslasa, o‘zi ham kulib qo‘yadi.

— Xayolimda meni “miyasi aynigan kampir”, deb o‘ylagandir, debman...– deydi u.

Ammo bu voqeada Sanobar ayani eng ko‘p hayratga solgan narsa pechning o‘zi emas. Uning hayrati — birinchi marta hokim uning xonadoni oldiga kelib, “Muammoingiz bormi?” deb so‘ragani tufayli edi.

Chunki oddiy inson uchun ba’zan katta yordamdan ham qadrliroq narsa bor. Uning dardiga quloq tutish, holidan xabar olish.

—Siz xohlagan narsani tongda mas’ul xodimlar olib kelib berishadi, —deyishdi.

Tong yorishdi.

Sanobar aya soat millariga qayta-qayta qaradi. Sabri chidamay eshigini lang ochdi-da, hovlisiga, sevimli rayhonlari oldiga chiqdi.

“Sanobar, sen kim bo‘libsanki, hokim sening gapingni inobatga olsa?” degan o‘y xayolidan o‘tdi.

Shu payt orqasidan bir yigitning ovozi eshitildi:

— Xola, nega xayol surib o‘tiribsiz? Qa-rang, eshigingiz ham lang ochiq. O‘g‘ri urib ketmasin tag‘in.

Sanobar aya kuldi:

— Bolam, men— kampirning uyida ko‘rpa-to‘shakdan boshqa hech vaqo yo‘q bo‘lsa, nimani ham olardi?

Yigit esa:

— Mana, siz orziqib kutgan pishiriq pishiradigan pech, — dedi.

Ayaning ko‘zlari chaqnadi.

Shu lahzada u bir haqiqatni his qildi: “hokim bolam xalqning dardini tinglaydigan, odamlarning tashvishiga befarq bo‘lmaydigan inson ekan...”

Qo‘llarini duoga ochdi.

Ammo kechagi isitish pechi ham turgan edi.

— Xola, kechagi pechni olib ketay bo‘lma-sam, — deyishdi.

— Bolam, mening yoshim o‘tgan, kuch-quvvatim yo‘q. Qanday olib kelgan bo‘lsang, o‘sha joyda turibdi. Bemalol olib ketaver, — dedi.

Shu tariqa bitta pech o‘z egasini topdi, ikkinchisi esa yana o‘z manziliga qaytdi.

Lekin eng ta’sirli qismi Sanobar aya hovlisida rayhonlariga qarab o‘tirgan paytda yana bir kishi keldi:

— Xola, muammoingiz hal bo‘ldimi?

Aya ovozdan tanib qoldi. Qarasa, kecha uning muammosini so‘ragan hokim.

Shunda kechagi “sen”sirab gapirgan ovozlari esga tushib, aya biroz xijolat bo‘ldi.

— Rahmat, jon bolam. Sizdan mingdan-ming roziman. Siz kabi saxiy, xalqning dardini eshitadigan hokimlar ko‘payaversin, — dedi u duoga qo‘l ochib.

Ba’zan bir insonning duosi minglab so‘zdan ta’sirliroq bo‘ladi. Sanobar ayaning duosi ham ana shunday samimiy edi.


Adolat AHMADJONOVA

Adolat AHMADJANOVA
Adolat AHMADJANOVA
MUXBIR