--

“SIRDARYO NAVOLARI” ARMANISTONDA

“SIRDARYO NAVOLARI” ARMANISTONDA
Chop etilgan 18 September, 2026

“Sirdaryo navolari” ashula va raqs ansamblini bugungi kunda dunyoning yarmidan ko‘pi taniydi, desak, mubo-lag‘a bo‘lmaydi. Ansambl jamoasi qayerga bormasin o‘zbek ohanglari, kuy-qo‘shiqlari hamda raqslarining dovrug‘ini taratib, olqishlar olib kelmoqda. Bu haqda gazetamiz sahifalarida turkum maqolalar chop etilgan. Yaqinda jamoa yana bir gastrol safaridan qaytdi.
Ansambl hamda “Savatchi qizlar” raqs guruhi jamoalari gumanitar hamkorlik bo‘yicha davlatlararo jamg‘arma tashkiliy qo‘mitasi taklifi hamda O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tavsiyasi bilan Armaniston davlatining Megri shahrida bo‘lib o‘tgan “Raqsning chegarasi yo‘q” deb nomlangan xalqaro san’at festivalida O‘zbekiston Respublikasi nomidan ishtirok
etib qaytishdi. Ushbu festivalda 9 ta davlat,
jumladan, Rossiya, Belarusiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Armaniston kabi davlatlarning eng yaxshi raqs jamoalari qatnashdilar. Ansambl baletmeysteri Barnoxon Xoliqo-vadan navbatdagi gastrol safarining maqsadi, manzillari, taassurotlari haqida so‘radik.
– Yerevan shahridagi xalqaro aeroportda bizni mezbonlar, ya’ni festival tashkilotchilari vakillari iliq kutib olishdi, – deydi B.Xoli-
qova. – Yerevandagi mehmonxonada bir kun turgach, tog‘lar orasidagi Megri shahriga yo‘l oldik. Megri Armanistonning eng uzoq shaharlaridan biri bo‘lib, u Yerevandan 370 kilometr uzoqlikda joylashgan. Festival uchun bu manzilning tanlangani bejiz emas ekan. Shaharning tabiati juda go‘zal va maftunkorligiga guvoh bo‘ldik. Konsert dasturlaridan bo‘sh paytimizda gidimiz ya’ni yo‘l boshlovchimiz Karine xonim hamrohligida shaharning tarixiy joylari, diqqatga sazovor manzillari bilan tanishdik. Festival dasturiga kiritilgan barcha raqslar mezbonlarga va festivalning boshqa qatnashchilariga manzur bo‘ldi. O‘zbek milliy liboslarida, ayniqsa, yal-yal yongan atlas-u adraslarda sahnani to‘ldirib xirom qilgan raqqosalar: Gunel Mamedova, Zebo Erkinjonova, Komila Qurbonova, Charos Tursunboyeva, Ziyoda Abdulhafizova, Mushtariy Gʻoyipova, Aygera Muratbayeva, Asemay Yuldashevalarning chiqishlarini tomoshabinlar qizg‘in qarshi oldilar va raqslar tugagach ham uzoq vaqt olqishlab turdilar. Festival sahnalarida o‘zbek raqs san’atining eng sara namunalari bo‘lgan “Mustahzod”, “Tanovar”, “Lazgi”, “Andijon polkasi” kabi raqslar qatorida millionlab muxlislar e’tirofiga sazovor bo‘lgan, jamoamizning tashrif qog‘oziga aylangan “Savat” va “Jayron” raqslari ham ijro etildi. Jamoamizning chiqishlari, turfa raqslarimizga xosu mos bo‘lgan milliy liboslarimizning betakror go‘zalligi mezbonlar va boshqa xorijlik tomoshabinlarga manzur bo‘ldi. Festival chinakam do‘stlik va san’at bayramiga aylandi. San’at, shu jumladan, raqs chegara bilmasligini yana bir karra his etdik.
Festival yakuniga ko‘ra, tashkilotchilar tomonidan festivalda ishtirok etgan jamoalar ichida “Sirdaryo navolari” ansambli, shu jumladan, “Savatchi qizlar” guruhi eng faol jamoalar sifatida e’tirof etildi. Tashakkurnomalar va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Festivalning yopilish marosimida Barno-xon Xoliqova festival tashkilotchisi Lyusine xonim va gid (yo‘l boshlovchi) Karine xonim-ga o‘zbekona odatimizga binoan o‘zbekcha adras kamzul, do‘ppi va sharf tuhfa qildi.
“Sirdaryo navolari” ansamblining ohanglari dunyo bo‘ylab yangrashda davom etishiga ishonamiz.
Xolida PARDABOYEVA