--

YANGIYERDA  SHUNDAY AYOL BOR...

YANGIYERDA  SHUNDAY  AYOL  BOR...
Chop etilgan 6 октябр, 2026

Yangiyer shahrining “Navroʻzobod” mahallasida istiqomat qiluvchi Bonu Mamatova mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida davlatimiz rahbari Farmoniga koʻra, yurtimiz taraqqiyoti, yosh avlod tarbiyasi, ma’naviyat va sogʻlom turmush tarzini targʻib etishdagi samarali faoliyati uchun “Sogʻlom turmush” medali bilan taqdirlandi. Xonadon bekasining mukofotlanganligi nafaqat yangiyerliklar, balki barcha sirdaryoliklarni behad quvontirdi.

Ana shu oila tufayli ushbu mahallani bugungi kunda butun respublika ahli tanidi. Boshqacha qilib aytganda, bu oila a’zolarining ma’naviyat va ma’rifatni targʻib qilish borasidagi ibratli va xayrli ishlari keyingi paytda el-yurtga ovoza boʻlmoqda. Hovliga qadam qoʻyishingiz bilan ma'naviy bir olamga kirgandek boʻlasiz.

Bundan bir necha yil avval muhtaram Prezidentimiz tashabbusi bilan boshlangan beshta yoʻnalish boʻyicha ma’naviy-ma’rifiy yoʻnalishdagi targʻibot ishlari koʻz oldingizda namoyon boʻladi. Bu xonadonda tarix, adabiyot, san’at va milliy qadriyatlar bir-biri bilan uygʻunlashgan. Oddiygina xonadondagi hayot zamirida asrlardan sado beruvchi osori atiqalar, nodir qoʻlyozmalar, milliy hunarmandchilik namunalari, turli davrlardan soʻzlovchi suratlar, mashhur insonlar hayoti va faoliyatiga doir manbalar hamda 3 mingdan ziyod kitob jamlangan. Eng muhimi, bu ma’naviy boyliklar elga xizmat qilmoqda. Bir eshikni ochib, moziyga sayr qilgandek boʻlasiz, ya’ni oʻtmish va bugundan soʻzlovchi qiziqarli eksponatlarni tomosha qilasiz, qoʻl mehnati bilan bajarilgan ishlar koʻrgazmasi e'tiboringizni tortadi. Yana bir eshik ortida sizni kitoblar dunyosi qarshi oladi. Bir xonada Bonu Mamatovaning sa'y-harakatlari bilan tashkil etilgan mahalladagi iste’dodli ayollarni jamlagan folklor dastasi navbatdagi tadbir konsert dasturni tayyorlamoqda. Shuningdek, bu yerda mahalla yoshlarining sport bilan shugʻullanishlari, kompyuter savodxonligini oshirish uchun sharoitlar yaratilgan. Tashabbus qanot yoz-moqda. Xonadonda ancha yillardan buyon u kishining nomi bilan ataluvchi “Bonu opa” ziyo maskani mahalla ahliga, ayniqsa, yoshlarga oʻz eshiklarini ochib qoʻygan.

Uy bekalari ham bu maskanga kelib, oila ma’naviyati, farzand tarbiyasi boʻyicha saboq oladilar, shuningdek, chevarlik, kashtachilik va hunarmandchilikning boshqa yoʻnalishlarini oʻrganadilar. Dastlab xonadondagi tarixiy buyumlar va kitoblar oilaviy xotira sifatida asrab kelingan. Keyinchalik xonadon sohibi va sohibasida ularni keng jamoat-chilikka tanitish, yoshlarning ma’naviy dunyoqarashini oʻstirishga xizmat qilishga yoʻnaltirish niyati tugʻildi.

Xonadonda ancha paytdan beri “Bonu opa” ziyo maskani mahalla ahliga xizmat qiladi.

— Kitobga qiziqishim uzoq yillar Xovos tumanidagi 8-maktabda oʻqituvchi boʻlib ishlagan padari buzrukvorim Xoʻjaqul Eshonqulov tufaylidir, — deydi Bonu Mamatova. – Otam bolaligimdayoq qoʻlimga kitob tutqazib, bilim olishga chorlagan edilar. Shu bois ularni birinchi ustozim deyishga haqliman. Besh tashabbus harakati boshlanganda turmush oʻrtogʻim Abduqul Mamatov bilan maslahatlashib, shu ishga qoʻl urganmiz. Endilikda xonadonimiz ma’naviyat maskaniga aylandi, bu yerdan yaxshi insonlarning, kitobni suyguvchilarning qadamlari uzilmaydi. Xonadonimizga jamlangan har bir kitob, surat, yuzlab tarixiy ashyolar va boshqa buyumlar biz uchun juda qadrli. Ular bizga, hammaga hayotning quvonchu tashvishlaridan, ezgulikdan, moziydan, Yangi Oʻzbekistonning porloq kelajagidan soʻzlaydi. Yaqinda sirdaryolik jurnalist va yozuvchilar “Oʻzbekiston mustaqilligining 35 yilligiga 35 ta kitob” tashabbusi bilan chiqib, kutubxonamizga bir dasta kitoblarni sovgʻa qilgan edilar. Yangier shahridagi kitob va matbaa mahsulotlarini chop etish bilan shugʻullanuvchi “Yoshlar nigohi” xususiy korxonasi ham ushbu tashabbusga qoʻshilib, oʻz hisoblaridan ziyo maskanimizga 100 jildga yaqin badiiy kitoblarni tuhfa qildilar.

Yodimizda, bundan ikki yil avval viloyatimizga kelgan namanganlik bir guruh jurnalistlar Mamatovlarning ushbu manziliga tashrif buyurganlarida oila a’zolari amalga oshirgan xayrli ishlarni koʻrib, hayratga tushgan edilar. Darvoqe, bu goʻshaga xorijliklarning ham qadami yetgan. Ular bu yerdagi koʻrganlari misolida yurtimizdagi ibratli oilalarni, kashf etganliklarini aytishgan edi.

Bonu Mamatova yuqorida qayd etilgan tashabbuskorligi, fidoyiligi, jonkuyarligi tufayli bir qator mukofotlarga, ya’ni “Moʻtabar ayol”, “Ibratli oila”, “Ma’naviyat fidoyisi” kabi koʻkrak nishonlariga sazovor boʻlgan. Oʻzbekiston mustaqilligining 35 yilligi bayrami arafasida u qoʻshaloq mukofotlar bilan taqdirlandi. Koʻksini “Sogʻlom turmush” medali hamda “O‘zbe-kiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi” ko‘krak nishoni bezadi.  

Darvoqe, Bonu Mamatova medalning bir martalik pul mukofotiga 400 jilddan koʻproq badiiy kitoblar sotib oldi. (Buni “Yoshlar nigohi” xususiy korxonasi yordamida amalga oshirdi).

Bu mukofot Bonu va uning oilasi uchun juda qadrli. Chunki dunyodagi barcha yaxshiliklar, orzu maqsadlar, yutuqlar, insonlar hayotining mazmuni kitob tufayli ekanligi va u hech qachon oʻz qadr-qimmatini yoʻqotmasligini yaxshi biladi .

Xolida PARDABOYEVA

Teglar::