--

INVESTITSIYA – HAQIQIY TARAQQIYOT YO‘LI

INVESTITSIYA – HAQIQIY TARAQQIYOT YO‘LI
Chop etilgan 12 сентябр, 2026

Mamlakatimiz rahbari “Biz uchun investitsiya – faqatgina moliyaviy manba emas. Bu – texnologiya, bilim, malakali kadrlar, xalqaro ishlab chiqarish zanjiriga qo‘shilish, ya’ni, haqiqiy taraqqiyot demakdir, degan edi.

Bugungi globallashuv sharoitida oliy ta’lim muassasalarining xalqaro maydondagi raqobatbardoshligini oshirish, ta’lim sifatini takomillashtirish va ilmiy salohiyatini mustahkamlashda xorijiy investitsiyalar hamda xalqaro grant mablag‘larini jalb etish muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Guliston davlat universitetida xalqaro hamkorlikni kengaytirish, xorijiy grant va investitsiyalarni jalb etish, zamonaviy ta’lim va ilmiy infratuzilmani rivojlantirish borasida tizimli ishlar olib borilmoqda. Jumladan, Erasmus dasturi va xalqaro hamkorlar ishtirokida 2026-yildan istiqbolli kadrlar tayyorlash loyihasi amalga oshirilmoqda. Ishlab chiqarish, tabiiy, ijtimoiy-gumanitar fanlar va raqamli iqtisodiyot yo‘nalishlarini qamrab olgan loyiha doirasida 2 milliard 856 million so‘m xalqaro grant mablag‘lari jalb etilgan. Loyihaning maqsadi xalqaro mehnat bozoriga mutaxassislar tayyorlashdan iborat.
Shuningdek, Guliston davlat universitetida Xitoyning Tianjin Light Industry Vocational Technical College muassasasi bilan hamkorlikda EPIP (Engineering Practice Innovation Project) markazi tashkil etildi. 2026-yil iyun oyida ishga tushirilgan loyiha uchun 2 milliard 51 million so‘m xalqaro grant mablag‘lari jalb qilingan. Markaz talabalarning amaliy, muhandislik va innovatsion ko‘nikmalarini rivojlantirish, nazariy bilimlarini amaliyot bilan uyg‘unlashtirish hamda ta’lim jarayoniga zamonaviy muhandislik yondashuvlarini joriy etishga xizmat qiladi.
Xalqaro hamkorlik doirasida Xitoyning “Beifang Automotive Education Group” kompaniyasi bilan ham hamkorlik yo‘lga qo‘yildi. Unga ko‘ra, Guliston davlat universitetida zamonaviy elektr va gibrid avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha mutaxassislar tayyorlaydigan “Lu Ban ustaxonasi” markazi tashkil etiladi. Markazni tashkil etish va rivojlantirish uchun kompaniya tomonidan 10-15 million yuan miqdorida beg‘araz investitsiya kiritilishi rejalashtirilgan. Universitetda raqamli texnologiyalar va inklyuziv ta’limni rivojlantirishga qaratilgan xalqaro loyihalar ham amalga oshirilmoqda. Jumladan, Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlikda “Digital Inclusive Education in Higher Education” loyihasini 2026-2031-yillarda amalga oshirish rejalashtirilgan. Loyiha doirasida oliy ta’limga raqamli texnologiyalarni keng joriy etish, ta’lim imkoniyatlarini kengaytirish va inklyuziv muhitni rivojlantirish ko‘zda tutilgan. Uni amalga oshirish uchun 192 million so‘m xalqaro grant mablag‘i jalb qilinishi rejalashtirilgan.
Germaniya bilan hamkorlik-da amalga oshirilishi rejalash-tirilgan “Gul-Kon-Nano” loyihasi universitetning nanotexnologiyalar sohasidagi ilmiy salohiyatini rivojlantirishga qaratilgan. 2026-2029-yillarga mo‘ljallangan loyiha doirasida kumush nanozarrachalarini olish texnologiyasini takomillashtirish va nanotexnologiyalar bo‘yicha ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish ko‘zda tutilgan. Loyiha uchun 4,8 milliard so‘m xalqaro grant mablag‘i jalb qilinishi rejalashtirilgan.
Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlikdagi yana bir istiqbolli loyiha – “Yevropa Ittifoqi integratsiyasi va raqamli ta’lim kontekstida sun’iy intellekt orqali innovatsion fizika ta’limi” loyihasidir. 2026-2027-yillarga mo‘ljallangan loyiha fizika ta’limida sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalardan foydalanish, zamonaviy pedagogik yondashuvlarni joriy etishga qaratilgan. Uni amalga oshirish uchun 192 million so‘m grant mablag‘i jalb qilinishi rejalashtirilgan.
Qishloq xo‘jaligi va qayta tiklanuvchi energiya yo‘nalishidagi “Smart Agro-photovoltaic Systems” loyihasi Xitoy bilan hamkorlikda 2027-2029-yillarda amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Loyiha qishloq xo‘jaligi yerlaridan samarali foydalanish, qayta tiklanuvchi energiya ishlab chiqarish va zamonaviy agrotexnologiyalarni uyg‘unlashtirishga qaratilgan. Uni amalga oshirish uchun 1 milliard 848 million so‘m miqdorda grant mablag‘i jalb qilinishi rejalashtirilgan.

Universitetda xorijiy grant va investitsiyalarni jalb etish bilan bir qatorda, ilm-fan, ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasini mustahkamlash maqsadida yangi tashkil etilayotgan korxonalar hamda xo‘jalik yurituvchi subyektlar bilan xo‘jalik shartnomalari asosida ilmiy-amaliy loyihalar ham amalga oshirilmoqda. Hamkorlik doirasida ishlab chiqarishdagi mavjud muammolarni ilmiy asosda o‘rganish, innovatsion yechimlar ishlab chiqish, ilmiy-tadqiqot natijalarini amaliyotga joriy etish va yangi texnologiyalarni sinovdan o‘tkazishga e’tibor qaratilmoqda.
Umuman, Guliston davlat universitetida xalqaro hamkorlik doirasida Yevropa Ittifoqi, Xitoy va Germaniya bilan amalga oshirilayotgan loyihalar zamonaviy ta’lim, sun’iy intellekt, nanotexnologiya, elektromobilsozlik, agrotexnologiyalar va boshqa istiqbolli yo‘nalishlarni qamrab olmoqda. Bu tashabbuslar zamonaviy infratuzilmani rivojlantirish, ilmiy ishlanmalarni amaliyotga joriy etish va raqobatbardosh kadrlar tayyorlash imkoniyatlarini kengaytirmoqda. Zero, bugungi investitsiya – ertangi taraqqiyot, ilmiy salohiyat va malakali kadrlar uchun yaratilayotgan mustahkam poydevordir.
Muxsin XODJIYEV,
Guliston davlat universiteti rektori,
texnika fanlari doktori, professor,
Xalq deputatlari Sirdaryo viloyati
Kengashi deputati


Teglar::

Shuningdek o'qing

Barchasini ko'rish