--

DILDOSHLIK

DILDOSHLIK
Chop etilgan 8 сентября, 2026

To‘ra Sulaymon qardosh turkiy xalqlar adabiyoti namoyandalarining asarlari bilan muntazam ravishda tanishib borgan. Chunki ushbu adabiyotlar orasidagi yaqinlik, dildoshlik shoirni hamisha o‘ziga jalb etgan. U ayniqsa, turkman, tatar va qoraqalpoq klassik shoirlari Maxtumquli, Abdulla To‘qay, Berdaqlarning ijodini sinchkov kuzatgan. Bu haqda Nabijon Boqiyning “To‘ra Sulaymon kutubxonasi” kitobida qiziq ma’lumotlar berilgan. Bizga ma’lumki, turkmanning katta shoiri Maxtumquli she’rlari o‘ta xalqchilligi bilan ajralib turadi. Shu bois u el orasida keng tarqalib ketgan. Maxtumqulining “Tanlangan asarlari”dagi she’rlarni o‘qib, g‘oyat mutaassir bo‘lgan To‘ra Sulaymon shoirga payravlik qilib manzumalar bitishga harakat qiladi. Bu haqda “To‘ra Sulaymon kutubxonasi” kitobida shunday yozuv bor: “Maxtumquli g‘azallari To‘ra Sulaymonni nihoyatda to‘lqinlantirib yuboradi va mumtoz shoir yo‘lida she’r yozishga darhol kirishib ketadi”. Xuddi shunday zavq-shavq Berdaq va Abdulla To‘qay yaratiqlarini o‘qiganda ham shoirni tark etmaydi. Ayniqsa, tatar shoirining “Kirlanib bitdim o‘zim, dunyoni poklay olmadim” hikmati To‘ra Sulaymonni dunyo, hayot haqida o‘ylashga chorlaydi. To‘ra aka buyuk qozoq va qirg‘iz adiblari Muxtor Avezov, O‘ljas Sulaymonov va Chingiz Aytmatovlarning asarlarini ham sevib mutolaa qiladi. Ushbu adiblarning asarlarini o‘zbekchaga o‘girgan tarjimonlar bilan xatlashib, o‘z fikrlarini bayon aylaydi. Chingiz og‘aning asarlarini go‘zal tarzda o‘zbek tiliga o‘girgan Asil Rashidov To‘ra Sulaymonning xatiga bitgan javobida shunday fikrlar bor. “Uchta yozgan maktubingizni olib o‘qidim. Xursand bo‘ldim. Tarjimamni o‘qib chiqibsiz. Vaqt topib o‘qib, munosabatingizni bildirib turganligingiz uchun katta rahmat”.


To‘ra Sulaymon ijodda faol bo‘lsalar-da, tarjima bilan shug‘ul-lanishga jiddiy e’tibor qaratmagan ko‘rinadi. Balki shoir arxivida o‘zga tillardan qilgan tarjimlari saqlanib qolgandir. Balki tarjimalaridan ko‘ngli to‘lmay to‘plamlariga kiritmagandir. Biroq bir narsa ayonki, shoir bisotida qardosh xalqlar shoirlari ijodidan tarjima qilingan ikkita asar ma’lum.  Ulardan biri qirg‘iz oqini To‘tag‘ul Sotilg‘onov ijodiga mansub bo‘lsa, ikkinchisi qozoq shoiri Abdulla Tojiboyevga tegishlidir. Birinchi tarjima shoirning 1973-yil Gʻafur Gʻulom nomidagi adabiyot va san’at nashriyotida chop etilgan “Intizor” to‘plamidan joy olgan “Bo‘lsa-chi?” she’ridir. She’r sarlavhasi ostida qavs ichida “To‘xtag‘uldan” degan yozuv bitilgan. Biroq she’r qaysi tildan tarjima qilinganligi darj etilmagan. Fikri ojizimizda, mazkur manzuma asliyatdan, ya’ni qirg‘iz tilidan o‘zbekchalashtirilgan. Bunga ma’lum bir asoslarimiz bor. Chunki To‘ra aka qardosh turkiy xalqlar tillarini binoyidek bilar edilar. Maqolalarida tatarcha jumlalarni qoyillatib ishlatganiga guvohmiz. Qolaversa, To‘ra akaning she’riyatdagi piri komili Mirtemir domla qirg‘iz xalq eposi “Manas”ni sayratib tarjima qilgan. Yana bir dalil. To‘xtag‘ulning jirlari xalq og‘zaki ijodining buloqlaridan suv ichgan. To‘ra aka esa xalq og‘zaki ijodini yozma adabiyotga vobasta qilgan ulug‘ shoir edilar. To‘xtag‘ul she’rlaridagi satrlar xalq termalariga ikki tomchi suvdek o‘xshab ketadi. Yaxshi o‘lmas bo‘lsa-chi, Rayhon so‘lmas bo‘lsa-chi. Odamzodga bir umr Ajal kelmas bo‘lsa-chi. Qo‘limizda she’rning qirg‘izcha matni bo‘lmaganligi bois tarjimani qiyoslab tahlil qilishning imkoni bo‘lmadi. Biroq bu tarjima shoirning boshqa to‘plamlaridan birortasiga kiritilmagan. Balki To‘ra akaning ushbu tarjimadan ko‘ngli to‘lmagandir. Shoirning ikkinchi tarjimasi — “Menga tugal yurak kerak, dil kerak” she’ri taniqli qozoq oqini Abdulla Tojiboyev qalamiga mansub. Qozoq oqinlarining bitiklari ham xalq og‘zaki ijodiga juda yaqin. To‘ra Sulaymon bu she’rni tarjima qilish uchun tanlashda ruhiy yaqinlikni hisobga olgan bo‘lsa kerak. She’r xuddi o‘zbek tilida yozilgandek taassurot qoldiradi, o‘qirmanda. To‘ra akaning farzandi arjumandi Mirza Sulaymon ham Abdulla Tojiboyev ijodi bilan padari ijodi o‘rtasidagi dildoshlikni alohida ta’kidlagan edilar. Kamina ham talabalik davrimda paxtani yolchitib terolmaganim bois qozoq filologiyasi talabalari bilan Sirdaryo bo‘ylarida sholi o‘rganman. O‘shanda qozoq og‘aylar bilan kitoblar almashganmiz. Qozoq shoirlarining she’rlarini asliyatda o‘qiganimda havasim kelgan. Ularning tili bizning tildan ota-bobolarimizning tiliga ancha yaqin.

To‘ra Sulaymon Abdulla Tojiboyevning bu she’rini qozoq tilidan tarjima qilganiga to‘liq ishonchim komil. Misralar quyma, xalq tiliga yovuq (yaqin). Maza qilib o‘qiysan, kishi. Achchiq bo‘lsa — uvday bo‘lsin. Chuchuk bo‘lsa — suvday bo‘lsin. Yilitma osh — yorti oshdir, yoronlar, Yorti oshdan ko‘ngil g‘ashdir, yoronlar. Ushbu tarjima To‘ra Sulaymonning bir necha kitoblari va “Tanlangan asarlar”idan ham joy olgan. Demak, shoirning o‘zi tarjimasidan ko‘ngli ko‘nchikkan. Biz ushbu bitigimizda To‘ra Sulaymonning ikki tarjimasi haqida baholi qudrat fikr bildirdik. Balki bu yozig‘imiz To‘ra Sulaymonshunoslar uchun ilmiy maqola yozishga turtki berar... Muhammadali AHMAD

Теги::