--

VITRINADA QOLGAN TARIX

VITRINADA  QOLGAN  TARIX
Chop etilgan 8 сентября, 2026

Tarixni uzoqdan izlashga hojat yo‘q. Ba’zan u biz har kuni ko‘rib yurgan ko‘chalar, binolar, hatto oddiy buyumlar orasida yashirinib yotadi. Faqat unga qarashni, uning tilini anglashni bilish kerak. Sirdaryo viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeyi ana shunday manzillardan biri. Uning besh zali – arxeologiya, Sharq miniatyurasi, etnografiya, amaliy san’at va tabiat bo‘limlari – bir qarashda turli yo‘nalishlarni qamrab olgandek ko‘rinsa-da, aslida barchasi viloyatimiz zaminining kechmishini so‘zlaydi. Bugungi kunda muzey fondida 3434 dona eksponat saqlanmoqda. Har bir eksponat esa shunchaki buyum emas, o‘z davrining guvohlaridir. Ma’lumotlarga ko‘ra, 2026-yil yanvar oyidan buyon 3 148 nafar tashrifchi muzeyga kelgan. Ammo ularning qanchasi muzeyga qiziqish bilan, qanchasi esa “ixtiyoriy-majburiy” tarzda tashrif buyurgan? Chunki muzey faoliyatini faqat tashrifchilar soni bilan o‘lchab bo‘lmaydi. Muhimi, odam muzeydan qanday yangilik olib chiqdi – yangi bilimmi, taassurotmi, tarixga qiziqishmi? Zero, muzeyda bunga sabab bo‘ladigan eksponatlar yetarlicha. Antik davrga oid Anaxita davri bilan bog‘liq sopol buyumlar, XIX asrga oid mis qozon va obdastalar – bular shunchaki eski ashyolar emas, ajdodlarimizning hayoti, tafakkuri va mahoratidan darak beruvchi tarixiy dalillardir. Antik davrga oid, Anaxita davri bilan bog‘liq sopol kulolchilik buyum-lari bunga yaqqol misol. Bir necha ming yillar avval inson qo‘li bilan yaratilgan buyumning bugun ayni bizning hududda topilgani va  saqlanayotgani kishini beixtiyor hayratga soladi. Bu oddiy sopol idish emas – u o‘sha davr odami qanday yashagani, nimalarga ishongani, qanday hunarlarni egallagani haqida tasavvur beradi. Eski Xovos yodgor-ligidan Anaxita haykalchasi, sopol idishlar, chiroqlar, muhrlar kabi arxeo-logik topilmalar aniqlangani ham bu hudud tarixining naqadar qadimiy ildizlarga ega ekanini ko‘rsatadi. Demak, Sirdaryo zaminining o‘tmishi antik davr qa’riga borib taqaladi. Eng muhimi, o‘sha tarix bugun biz bilan – muzey vitrinasida saqlanib turibdi. Etnografiya va amaliy san’at zallariga o‘tsangiz, yana bir manzara qarshingizdan chiqadi. XIX asrga oid hunarmandlar tomonidan misdan ishlangan qozon, obdasta va boshqa buyumlar ajdodlarimizning nafaqat nafis didi, balki amaliy tafakkuri ham yuqori bo‘lganini ko‘rsatadi. Bugun zamonaviy texnologiyalar yaratgan qulayliklarga hayrat bilan qaraymiz. Ammo o‘sha davr hunarmandlari o‘z imkoniyatlari bilan kundalik hayot uchun mustahkam, qulay va uzoq muddat foydalanishga yaroqli buyumlar yaratgan. Misga ishlov berishning o‘ziyoq katta mahorat talab qilgan. Bir qarashda oddiy qozon yoki obdasta bo‘lib ko‘ringan buyum ortida esa avloddan avlodga o‘tgan tajriba va hunar mujassamdir. Sharq miniatyurasi zali esa bu tarixni boshqa bir ohangda davom ettiradi. Tabiat zalida esa biz yashayotgan hududning o‘ziga xos tabiiy dunyosi namoyon bo‘ladi. Shunday qilib, besh zal aslida besh xil olam emas, bir butun tarixning turli sahifalaridir. Bugun muzeyga tashrif buyuruvchilar kam kelayotganini faqat “odamlarning qiziqishi yo‘q” degan xulosa bilan izohlash adolatdan bo‘lmaydi. Yosh avlodning e’tibori uchun kurashayotgan davrda muzey ham o‘zining boyligini zamonaviy usullar bilan namoyon eta olishi kerak. Eksponatni vitrinaga qo‘yish – uning tarixini saqlash. Ammo uning hikoyasini odamga yetkazish – tarixni tiriltirishdir. Bugun yoshlar biror narsaga qiziqishi uchun uni ko‘rishning o‘zi ko‘pincha yetarli emas. Unga hikoya, taassurot, kashfiyot kerak. Nega bu buyum shunday yaratilgan? Uni kim yasagan? Qanday sharoitda ishlatilgan? U bizgacha qanday yetib kelgan? Ana shu savollarga javob topilgan joyda oddiy eksponat tarixiy voqeaga aylanadi. Muzeyda tashrifchilar uchun zamonaviy qulayliklar ham yaratil-gan. Jumladan, eksponatlarga joylashtirilgan QR-kodlarni telefon orqali skanerlab, ular haqida batafsil ma’lumot olish mumkin. Endi bu imkoniyatlarni yanada kengaytirish, har bir eksponatning tarixini qisqa videolar, interaktiv taqdimotlar va zamonaviy raqamli vositalar orqali kengroq yoritish maqsadga muvofiq. Maktab o‘quvchilari va yoshlar uchun qiziqarli ekskursiyalarni ko‘paytirish, ijtimoiy tarmoqlarda “Eng qiziq eksponat”, “Bu buyum nimaga xizmat qilgan?” kabi ruknlarni yo‘lga qo‘yish ham muzeyga bo‘lgan qiziqishni oshirishi mumkin. Chunki muzey eshigining ochiq bo‘lishi hali odamlar o‘sha eshikdan kiradi degani emas. Ularni ichkariga chorlaydigan tarixning o‘zi bilan birga, uni zamonaviy va ta’sirchan taqdim etish usuli ham bo‘lishi kerak. Bugun o‘zimizdagi tarixiy boylikni ko‘rish uchun uzoqlarga boramiz. Holbuki, Sirdaryo muzeyida antik davr sopol buyumlari, XIX asr misgarlik namunalari, xalq turmushi, Sharq san’ati va tabiatiga oid bebaho dalillar jamlangan. Fondagi 3434 ta eksponatning har biri o‘z hikoyasiga ega. 2026-yil boshidan buyon 3148 nafar tashrifchi bu tarix bilan tanishdi. Endi muhim vazifa — muzeyni faqat rasmiy yoki jamoaviy tashriflar maskani emas, tarixni anglash va o‘z ildizini kashf etishni istagan har bir inson uchun qiziqarli manzilga aylantirishdir. Chunki muzey eski buyumlar yig‘ilgan xona emas. U yerda bizning ildizimiz bor. Bugun qo‘limizdagi texnologiya, qurayotgan shahar-larimiz, qilayotgan kashfiyotlarimiz ortida ham kechagi avlodlarning tajribasi, mehnati va tafakkuri turibdi. Buni anglash uchun esa ba’zan bir soat kifoya – muzey eshigidan kirishning o‘zi yetarli. Ayni kunlarda, 2-8-sentyabr kunlari yurtimizda Muzeylar haftaligi o‘tkazilayotgani esa bu maskanga tashrif buyurish uchun qulay fursat. Sirdaryo viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeyi tarix, madaniyat va milliy merosimiz bilan yaqindan tanishish imkonini beradi. Guliston shahri, Taraqqiyot MFY, Navoiy shohko‘chasi, 26-uyda joylashgan muzeyga tashrif buyurib, o‘tmishimizning noyob izlarini o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rishingiz mumkin. Tarix bizdan uzoqda emas. U vitrinalar ortida turibdi. Bugun uning yonidan o‘tib ketmasdan, ichkariga kirib, o‘zimizni o‘tmishi-mizdan saboq chiqarish vaqti keldi.

Sevinch NIYOZBEK qizi

Sevinch G‘ANIYEVA
Sevinch G‘ANIYEVA
MUXBIR
Теги::