--

BIRLIK BOR JOYDA — TINCHLIK BOR

BIRLIK  BOR  JOYDA — TINCHLIK  BOR
Chop etilgan 4 августа, 2026

Yangi O‘zbekistonning mustahkam tayanchi

Bugun dunyoning turli burchaklarida geosiyosiy ziddiyatlar, millatlararo kelishmovchiliklar va qurolli to‘qnashuvlar insonlarning tinch hayotiga rahna solayotgan bir paytda O‘zbekiston o‘zining eng katta boyligi – millatlararo totuvlik va bag‘rikenglikni asrab-avaylayotgan mamlakat sifatida e’tirof etilmoqda.
30-iyul — “Xalqlar do‘stligi kuni” munosabati bilan Prezidentimiz tomonidan xalqimizga yo‘llangan bayram tabrigi ana shu ezgu qadriyatlarni yana bir bor yuksak minbardan e’tirof etdi. Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, “Bizning kuchimiz – birlik va hamjihatlikda”. Bu so‘zlar bugun millionlab yurtdoshlarimiz hayotida o‘z isbotini topayotgan haqiqatdir.
Azaldan turli millat va elatlarga bag‘rini ochgan O‘zbekiston bugun ham inson qadrini ulug‘lash, har bir fuqaroning huquq va erkinliklarini ta’minlash yo‘lidan qat’iy bormoqda. Mamlakatimizda 130 dan ortiq millat
va elat, 16 ta diniy konfessiya vakillari bir oila farzandlaridek ahil-inoq yashab kelmoqda. Bu esa yurtimizda amalga oshirilayotgan oqilona davlat siyosati, xalqimizning bag‘rikengligi va o‘zaro hurmat muhitining amaliy samarasidir.
Millatlararo munosabatlarni mustahkamlashga qaratilgan huquqiy
asoslar, davlat siyosati konsepsiyasi hamda milliy madaniy markazlar faoliyati bu yo‘nalishdagi islohot-larning muhim ustuniga aylangan.
Sirdaryoda do‘stlik bayrami
Xalqlar do‘stligi kuni munosabati bilan viloyat hokimligi, O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy asosiatsiyasi viloyat hududiy bo‘limi, O‘zbekiston Fuqarolik jamiyati insti-tutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi viloyat hududiy bo‘limi, viloyat madaniyat boshqarmasi hamda viloyatdagi milliy madaniy markazlar hamkorligida tashkil etilgan “Do‘stlik” festivali viloyatimizning barcha shahar va tumanlarida bo‘lib o‘tdi.
Festival maydoniga qadam qo‘ygan har bir kishi o‘zini go‘yo turli millatlar madaniyati jam bo‘lgan yagona maskanda his qildi. Milliy qo‘shiqlar yangradi, raqslar ijro etildi, xalqlarning urf-odat va an’analari namoyish etildi.
Ayniqsa, milliy kimonolarda sahnaga chiqqan koreys qizlarining nafis raqsi tomoshabinlarning uzoq davom etgan olqishlariga sazovor bo‘ldi. Rus, qozoq, qirg‘iz, tojik, tatar, ozarbayjon va boshqa millat vakillarining chiqishlari esa sahnada millatlar emas, qalblar birlashganini namoyon etdi.
Bugun turli millat vakillari mam-lakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotida munosib o‘rin egallab kelmoqda. Ular orasida deputatlar, senatorlar, davlat va jamoat arboblari, olimlar, tadbirkorlar, madaniyat va san’at namoyandalari bor. Ularning ko‘pchiligi Davlat mukofotlari bilan taqdirlangani Yangi O‘zbekistonda inson qadri ustuvor ekanining amaliy ifodasidir.
Festivalda O‘zbekiston Respub-likasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati, Mudofaa va xavfsiz-lik masalalari qo‘mitasi a’zosi, viloyat qirg‘iz milliy madaniy markazi rah-bari Nodira Djanibekova ham faol ishtirok etdi. U o‘z so‘zida;
— Bugun sahnaga qarab turib, biz turli millat vakillari emas, yagona Vatan farzandlarimiz. Qirg‘iz bo‘lishim mumkin, ammo qalbimning Vatani – O‘zbekiston. Bu yurt menga imko-niyat, hurmat va ishonch berdi. Eng katta boyligimiz ham ana shu o‘zaro ishonchdir. Uni asrash har birimizning muqaddas burchimiz, deya ta`kidladi.
Qozoq milliy madaniy
markazining viloyat bo‘limi rahbari Klara Fazilova ham o‘z his-tuyg‘u-larini yashira olmadi.
— Men uchun O‘zbekiston faqat
yashash joyi emas. Bu mening taqdi-rim, baxtim, ertangi kunim. Shu zaminda farzandlarim ulg‘aydi, orzu-maqsadlarim ro‘yobga chiqdi. Qaysi millatga mansub bo‘lishimizdan qat’iy nazar bir-birimizni “vatan-doshim” deb chaqirishimiz eng katta baxtdir. Men ana shu baxt bilan faxrlanaman, — dedi u.
Ahillik qadri – eng oliy mezon
Viloyat tojik milliy madaniy markazi rahbari, jurnalist va adib Munavvar Pardayevning “Xalqlar do‘stligi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlanishi ham ana shu yuksak e’tirofning yana bir namunasidir.
Festivalda qatnashgan Yangiyer shahar “Yulduzcha” ansambli rahbari Irina Ivanovaning so‘zlari esa barcha ishtirokchilarning qalbiga yetib bordi.

— Ellik yildan ziyod vaqtdan beri bolalarga raqs o‘rgataman. O‘tgan yillar davomida o‘g‘il-qizlarning yuzlarida millatni emas, orzuni ko‘rdim. Otam— koreys, onam—ukrain millatiga mansub. Ammo men O‘zbekistonning qiziman. Bu zamin meni tarbiyaladi, mehr berdi. Bugun sahnada raqs tushayotgan har bir bola tinchlikning eng go‘zal ramzidir. Ular kulsa, demak, yurtimiz baxtli, — dedi u.
Birlik – taraqqiyot garovi
O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasining Sirdaryo viloyati hududiy bo‘limi tashabbusi bilan Sirdaryo tumanidagi “Sirdaryo” oromgohida Milliy madaniy markazlarning Sirdaryo viloyati bo‘linmalari hamkorligida bo‘lib o‘tgan tadbir millatlar hamdo‘stlikni yana bir bor namoyon etdi.
Xalqlar do‘stligi kuni nafaqat bayram, balki har birimiz uchun mas’uliyat, tinchlikni asrashga qaratilgan da’vatdir. Zero, birlik bor joyda ishonch bo‘ladi, ishonch bor joyda taraqqiyot bo‘ladi. Ana shu birlik va hamjihatlik Yangi O‘zbekistonning ertangi buyuk yutuqlari uchun eng mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qilaveradi.
Xurshida Gʻulomjon qizi

Xurshida NISHONOVA
Xurshida NISHONOVA
BO‘LIM MUHARRIRI
Теги::