--

QALB QO‘RI BILAN YARATILGAN MO‘JIZALAR

QALB  QO‘RI  BILAN YARATILGAN  MO‘JIZALAR
Chop etilgan 29 июля, 2026

Mehr, matonat va umidni uyg‘otgan xayriya ko‘rgazmasi
namoyish etildi.

Hayot ba’zan insonni og‘ir sinovlar girdobida qoldiradi. Ammo shunday kishilar borki, ular sinovlarga taslim bo‘lishmaydi. Aksincha, dardni sabr bilan yengib, uni go‘zallikka aylantirishadi.
Sirdaryo tumanidagi ayollar “G‘amxo‘rlik” markazida tashkil etilgan xayriya ko‘rgazmasi ana shunday insonlarning qalb haroratini, mehnati va matonatini namoyon etdi. Viloyat Soliq boshqarmasi va Ijtimoiy himoya milliy agentligi viloyat boshqarmasi vakillari hamkorligida o‘tkazilgan ushbu tadbir odatiy ko‘rgazma yoki auksion emas edi. U jamiyatga yana bir haqiqatni eslatadi. Insonning haqiqiy boyligi uning imkoniyatida emas, balki irodasi, mehnati va umidida.
Ko‘rgazmaga qo‘yilgan har bir
kashta, har bir tikilgan libos namuna-lari, suratlar, qo‘l mehnati bilan yaratilgan har bir buyum ortida uzoq iztirob, sabr va hayotga bo‘lgan cheksiz ishonch mujassam edi. Bu buyumlar shunchaki sotish uchun tayyorlangan mahsulotlar emas. Ular ayollarning qalbidan o‘tgan kechinmalar, qayta tiklangan orzular va ertangi kunga bo‘lgan ishonchining ifodasi edi.
Ko‘rgazmani tomosha qilgan har bir inson san`atning naqadar ulkan ma’naviy kuchga ega ekanini yana bir karra his qildi. Chunki u yerda namoyish etilgan asarlar mohir ustalarning emas, hayot sinovlarini boshidan kechirayotgan, biroq taslim bo‘lmagan ayollarning mehnat mahsullari edi. Auksionda 54 ta lot savdoga chiqarildi. Soliq tizimi xodimlari, saxovatpesha tadbirkorlar va mehr-oqibatni qadrlaydigan yurtdoshlar faol qatnashib, buyum-larni xarid qilish orqali ezgu tashab-busni qo‘llab-quvvatlab, mehnat qilganlarni ruhlantirdilar. Natijada 50 million so‘mga yaqin mablag‘ jamlandi. Ammo bu tadbirning eng katta yutug‘i yig‘ilgan mablag‘ miqdorida emas. Asl yutuq — jamiyatning mehr va hamjihatlik atrofida birlasha olganida.
Bugungi kunda ijtimoiy himoya tizimining asosiy maqsadlaridan biri ehtiyojmand insonlarni faqat moddiy qo‘llab-quvvatlash emas, balki ularni jamiyatning faol a’zosiga aylantirishdir. Ayniqsa, zo‘ravonlik, tazyiq yoki turli hayotiy qiyinchiliklarni boshidan kechirgan ayollarni ruhiy jihatdan tiklash, ularning ongida o‘ziga bo‘lgan ishonchni qayta uyg‘otish muhim vazifalardan sanaladi. “G‘amxo‘rlik” markazida yo‘lga qo‘yilgan kasb-hunar o‘rgatish mashg‘ulotlari, qo‘l mehnatini rivojlantirish va tayyor mahsulotlarni ko‘rgazma-savdoga chiqarish tizimi nafaqat iqtisodiy, balki kuchli ijtimoiy ahamiyatga ham ega. Mehnat qilayotgan inson o‘zini jamiyat uchun kerakli deb his qiladi. O‘z qo‘li bilan yaratgan mahsulotining qadrlanishi esa uning ertangi kunga bo‘lgan ishonchini kuchaytiradi.
Ko‘rgazmada qatnashgan yuzdan ortiq kishilarning faolligi ham jamiyatimizda saxovat, bag‘rikenglik va inson qadrini ulug‘lash qadriyatlari tobora mustahkamlanayotganidan dalolat beradi. Zero, bunday tashabbuslar nafaqat bir markaz faoliyatini qo‘llab-quvvatlaydi, balki jamiyatda mehr-muruvvat muhitini yanada kuchaytiradi.
To‘plangan mablag‘larning markaz a’zolarini rag‘batlantirish va moddiy-texnik bazani mustah-kamlashga yo‘naltirilishi esa bu ezgu ishlarning davomiyligini ta’minlaydi. Demak, bugun xarid qilingan har bir buyum ertaga yana bir ayolning yangi kasb o‘rganishi-ga, yangi orzular sari dadil qadam tashlashiga xizmat qiladi.
Bunday tadbirlar insonni baxtli qiladigan narsa faqat yordam olish emas, balki o‘z mehnati bilan yashash, o‘zini jamiyatning munosib a’zosi sifatida his etishga o‘rgatadi.
Ayollar “G‘amxo‘rlik” markazida tashkil etilgan ko‘rgazma ana shu ezgu g‘oyaning yorqin ifodasiga aylandi. U yerda namoyish etilgan buyumlar qo‘l bilan emas, qalb qo‘ri bilan yaratilgan. Ularning har birida sabrning naqshi, matonatning jilosi va mehrning iliq nafasi sezilib turardi.
Diyora ISMOILOVA

Diyora ISMOILOVA
Diyora ISMOILOVA
Репортер
Теги::