--

MOZIYDAN SO‘ZLOVCHI MO‘JIZAVIY MASKAN

MOZIYDAN SO‘ZLOVCHI MO‘JIZAVIY MASKAN
Chop etilgan 20 октября, 2026

Yoxud Toshkentdagi islom sivilizatsiyasi
markazida ko‘rgan-kechirganlarimiz xususida

O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi nafaqat o‘tmish haqida hikoya qiladigan, balki tarix, bugun va kelajakni bog‘laydigan, taraqqiyotning asosiy yo‘nalishlarini belgilab beradigan aql-tafakkur markazi bo‘lishi zarur.
Shavkat MIRZIYOYEV

Yurtboshimizning g‘oyasi va tashabbusi bilan respub-likamiz poytaxtida barpo etilgan yangi markaz bugungi kunlarda nafaqat yurtdoshlarimizning hayratlarini oshirib, hatto chet ellik sayyohlarni ham lol qoldirmoqda. Moziydan so‘zlovchi mazkur markaz mamlakatimizning islom-gacha bo‘lgan va islom davridagi boy madaniy va ilmiy merosni o‘zida mujassam etganligi bilan ahamiyatlidir.
Yaqinda O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Sirdaryo viloyati bo‘limi-ning tashabbusi bilan biz—bir guruh
jurnalistlar yangi muzeyga tashrif buyurib, Birinchi va Ikkinchi renes-sansning vujudga kelish tarixi va jahon tamaddunida tutgan o‘rni haqida ma’lumotlarga ega bo‘ldik. Moziydan so‘zlovchi boshqa qadimiy eksponatlar bilan tanishib, ilm-fanda buyuk kashfiyotlar yaratib, dunyoga tanilgan ulug‘ ajdodlarimizning qanchalar aql-zakovatga va boy tafakkurga ega bo‘lganliklaridan faxrlandik. Qator yillar davomida tayyorlangan har bir zaldan o‘rin olgan noyob eksponatlar haqida muzey xodimlari keraklicha ma’lumot berishdi.
Muzeyning “Shon-sharaf” zaliga kirganimizda u yerda joylashgan 14 ravoq Markaziy Osiyo xalqlari o‘tmishidagi muhim voqealar haqida hikoya qilishiga iqror bo‘ldik. “Qur’oni karim” zali hashamatli muzeyning me’moriy markazi bo‘lib, tashrif buyuruvchilarni dunyoda saqlanib kelayotgan tabarruk kitob bilan tanishtiradi. Shuningdek, islomdan avvalgi davr sivilizatsiyalari, “Bag‘rikenglik” maydoni, Amir Temur va temuriylar tamadduni haqida ma’lumot beruvchi bo‘lim, “Sulton Husayn va Alisher Navoiy” sektori va boshqa bo‘limlar bizda qiziqish uyg‘otdi va katta taassurot qoldirdi.
Sayohat so‘ngida muzey xodimlari 1-qavatda hammani o‘rindiqlardan o‘rin olishga taklif qilishdi. So‘ngra chiroqlar o‘chirilib, qiroat bilan o‘qilgan Qur’on tilovati yangrashi davomida yuqorida aylana shaklda yorug‘lik paydo bo‘ldi. Keyin o‘rtada ko‘ringan yog‘du ustiga arab imlosidagi harflar birin-ketin “to‘kila” boshladi. Bu holat barchaga “Qur’on” ning shu tariqa nozil bo‘lganini eslatib qo‘ydi go‘yo...
Sirdaryolik sayohatchilar orasida bo‘lgan O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a’zolari—O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Xolida Pardaboyeva, Boyjigit Abdullayev, Mavluda Siddiqova, Muyassar Pardayeva, Anorboy Norqulov, Lola Nishonova, Dilnoz Umrzoqova va boshqalar muzey zallarini diqqat bilan ko‘zdan kechirib, cheksiz zavq olib, katta qoniqish hosil qildilar.
—Shu kunlarda betakror qiyofasi bilan barchani maftun etayotgan mazkur nufuzli markaz boshqa mamlakatlarning fuqarolarida katta qiziqish uyg‘otib turgan paytda bizning jurnalistlarimiz ham bu maskan haqida zarur tushunchaga ega bo‘lishlari uchun shunday tashrif juda muhim edi,—dedi O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limi rahbari vazifasini bajaruvchi Dilorom Ismadiyorova.—Hududlarda bo‘lganlarida ular vohadoshlarimizning yangi muzey haqidagi savollariga hech ikkilanmay javob bera olishlari kerak, albatta. Bu ulkan koshonadan boy taassurotlar bilan chiqar ekanmiz, o‘zimiz uchun talaygina ma’luotlarga ega bo‘ldik.
Shaklu shamoyili Samarqanddagi Registon va boshqa madaniy meroslar binolarni eslatuvchi mahobatli muzey atrofini kezganimizda nafaqat viloyatlarimizdan tashrif buyurgan hamyurtlarimizni, balki guruh-guruh bo‘lib kelgan ko‘p sonli xorijiy sayyohlarni uchratib, dunyoni o‘ziga maftun qilayotgan islom sivilizatsiyasi markazi bizning yurtimizda bunyod etilganidan behad mamnun bo‘lib, beixtiyor yuraklarimizda faxr-iftixor tuyg‘ularini his qildik.
Hasan ABDUVOHIDOV

Теги::