--

YANGIYERDA TADBIRKORLIKNING  YANGI NAFASI

YANGIYERDA TADBIRKORLIKNING  YANGI  NAFASI
Chop etilgan 27 сентября, 2026

Bozorda talab o‘zgarsa, ishlab chiqarish ham o‘zgarishi kerak. Ayniqsa, qishloq xo‘jaligida suv resurslaridan tejamkor foydalanish masalasi tobora dolzarb ahamiyat kasb etayotgan bir paytda zamonaviy sug‘orish texnologiyalariga bo‘lgan ehtiyoj ham ortib bormoqda.

Yangiyer shahrida faoliyat yuritayotgan “Yangiyer Poliyetilen Syenter” MCHJda ishlab chiqari-layotgan har bir mahsulot ortida ana shu ehtiyojni anglash va bozor talabiga moslashishga bo‘lgan intilishni ko‘rish mumkin.

Korxona faoliyatda qisqa vaqt ichida ishlab chiqarish hajmining ortishi, mahsulot turlarining ko‘pay-ishi va xaridorlar geografiyasining kengayishi tadbirkorlikda tajriba, izlanish va qat’iyat ijobiy natija berishini ko‘rsatmoqda.

Dastlab korxonada 10–15 turdagi mahsulot ishlab chiqarilib, 10–15 nafar ishchi mehnat qilgan. Bugungi kunda esa mahsulot turlari 22 taga yetgan, jamoa safida 30 nafardan ziyod ishchi faoliyat ko‘rsatmoqda.

Ishlab chiqarishni boshlash bir masala. Uni barqaror yo‘lga qo‘yish esa butunlay boshqa. Korxona faoliyatining dastlabki bosqichida xomashyo ta’minoti, mahsulot uchun xaridor topish, buyurtmalarni o‘z vaqtida bajarish kabi bir qator masalalarni hal etishga to‘g‘ri keldi. Xomashyo topilganida bozor masalasi, xaridor paydo bo‘lganida esa ishlab chiqarish imkoniyatlarini kengaytirish zarurati yuzaga keldi.

Tadbirkor esa qiyinchilikni ishni to‘xtatish uchun sabab emas, balki rivojlanish uchun tajriba sifatida qabul qildi. Yangi texnologiyalar o‘rganildi. Bozor tahlil qilindi. Iste’molchilarning ehtiyojlari o‘rganildi. Ishlab chiqarish jarayoni bosqichma-bosqich takomillashtirildi. Natijada korxona faqat mavjud mahsulotni ko‘paytirish emas, balki bozorda yangi talab paydo bo‘layotgan yo‘nalishlarni ham o‘zlashtirishga kirishdi. Buning uchun salmoqli sarmoya ham talab etildi.

Loyiha qiymati 1,5 million AQSH dollariga baholangan korxonani tashkil etish, Xitoydan zamonaviy texnologiya va uskunalarni olib kelish, ularni o‘rnatish hamda ishga tushirish uchun tadbirkor tomonidan 20 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltirildi. Bugun esa ushbu sarmoyaning natijasi ishlab chiqarish sexlarida, mahsulot turlarida va yaratilgan ish o‘rinlarida namoyon bo‘lmoqda.

Korxonaning asosiy xaridorlari qishloq xo‘jaligi subyektlari.

Mahsulotlar Sirdaryo viloyati bilan birga Jizzax, Samarqand, Navoiy va Buxoro viloyat-lariga, shuningdek, Tojikiston Respublikasiga ham yetkazib berilmoqda.

Qishloq xo‘jaligida suvdan tejamkor foyda-lanishga qaratilgan texnologiyalarga ehtiyoj ortib bormoqda. Tomchilatib va yomg‘irlatib sug‘orish tizimlari esa ana shu talabga javob beradi. Shu nuqtai nazardan qaraganda polietilen quvur ishlab chiqarish oddiy sanoat mahsuloti tayyorlashdan ko‘ra, kengroq ahamiyat kasb etadi. Chunki bu mahsulotlar qishloq xo‘jaligida suvni tejash, sug‘orish jarayonini samarali tashkil etish va resurslardan oqilona foydalanishga xizmat qiluvchi tizimning muhim tarkibiy qismi hisoblanadi.

Tadbirkor ham bozordagi ushbu o‘zga-rishni o‘z vaqtida anglab, korxona faoliyati faqat polietilen quvurlar ishlab chiqarish bilan cheklanmadi. Bu yerda yomg‘irlatib sug‘orish qurilmalari, tomchilatib sug‘orish quvurlari va ular uchun zarur butlovchi qismlar ishlab chiqarish ham yo‘lga qo‘yildi.

Ayni paytda korxonada oyiga o‘rtacha 50 tonnagacha mahsulot ishlab chiqaril-moqda. Shu bilan birga ishchilar uchun zarur sharoitlar yaratilgan. Ishlab chiqarish jarayonida zamonaviy texnikalardan keng foydalanilayotgani esa mehnat unumdorligini oshirishga xizmat qilmoqda.

— Ishchilar uch mahal issiq ovqat, yotoqxona bilan ta’minlangan. Korxonada deyarli texnikalar ish yuritadi. Ularni faqat ishchilar nazorat qilib turishsa, bo‘lgani. Ishlab chiqarishni kengaytirishda, avvalo, iste’molchilar talabiga tayanamiz. Ayni paytda oyiga o‘rtacha 50 tonna mahsulot ishlab chiqaryapmiz. Yangi yo‘nalishlar ishga tushirilishi bilan ishlab chiqarish hajmini oshirish, mahsulot turlarini ko‘paytirish va yangi imkoniyatlarni ishga solish uchun sharoit yanada kengayadi. Bu, o‘z navbatida, qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish imkonini beradi, — deydi korxona ish boshqaruvchisi A.Rahmonqulov.

Muhimi, korxonada ishlab chiqarish hajmi bilan birga imkoniyatlar ham kengaymoqda. Chunki har bir yangi mahsulot yangi bozor, har bir yangi yo‘nalish, yangi quvvat, har bir yangi ish o‘rni esa bir oilaning daromad manbai demakdir.

Adolat AHMADJANOVA

Adolat AHMADJANOVA
Adolat AHMADJANOVA
MUXBIR
Теги::