Obodlik faqat mablag‘ bilan emas, mas’uliyat va mehnat bilan ham yaratiladi. Hududlarda obodonlashtirish ishlarining holatini o‘rganish, aholi murojaatlarini tinglash va mavjud muammolarga jamoatchilik e’tiborini qaratish maqsadida Oqoltin tumaniga bordik. Bizga O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi raisi Norbobo Soatov, Xalq deputatlari Oqoltin tuman Kengashi kotibiyat mudiri Nazar Turdiyev hamda “Ko‘rkam diyor” mahallasi raisi Turdiali Xo‘jamqulov hamrohlik qildi. Tumandagi “Ko‘rkam diyor” mahallasiga kirib borar ekanmiz, beixtiyor mahalla qachon o‘z nomiga munosib qiyofa kasb etadi? degan savol tug‘ildi.
Mahallada 5967 nafar aholi, 1076 ta xonadon va 1360 ta oila istiqomat qiladi. Demak, bu yerda gap kichik bir hudud emas, minglab insonlarning kundalik hayoti, turmush sharoiti haqida ketmoqda.
O‘tgan 2025-yilda viloyat hokimi
qarori asosida hududda obodon-lashtirish va infratuzilmani yaxshi-lash maqsadida 1 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan. Suv oqib turishi uchun lotoklar o‘rnatilgan. Ammo ishni bajarish “Oqova suv” DUKka topshirilgani bilan, u oxiriga yetkazilmagan.
Natijada “Elobod” ko‘chasida mavjud lotoklarda suvning turib qolishi, hidlanishi, sanitariya holati-ning yomonlashishi kabi muammolar yuzaga kelgan.
Ko‘p qavatli uylardagi tashqi
ta’mirlash ishlari ham to‘liq yakunlan-magan.
— Ko‘p qavatli uylarni ta’mirlash ishlari “Charos Nur Baraka” MCHJga yuklatilgan edi, — deydi, mahalla raisi Turdali Xo‘jamqulov. —Afsuki, ta’mirlash ishlari oxiriga yetkazilmaganligi aholi noroziligiga sabab bo‘lmoqda. Chunki, uylarning hovlilari betonlashtirilmagan, yoritish chiroqlari o‘rnatilmagan, o‘rindiqlar ham bo‘yalmagan.
Shu o‘rinda aytish lozim: ajratilgan mablag‘ning har bir so‘mi qanday sarflandi, ish nega oxiriga yetkazilmadi va bajarilgan ishlar kim tomonidan qabul qilib olindi?
Axir obodonlashtirishda eng muhimi bu mablag‘ ajratish bo‘lsa, so‘ngra aholi hayotida qanday o‘zgarish bo‘lganidir.
Ayni paytda aholi uchun qulay sharoit yaratish maqsadida Jahon taraqqiyot banki mablag‘lari hisobidan 51 milliard so‘mlik yirik loyiha doirasida xonadonlar va ko‘p qavatli uylarga zamonaviy yopiq turdagi kanalizatsiya tarmoqlarini tortish ishlari boshlangan.
Bu, shubhasiz, katta imkoniyat. Biroq yangi loyiha eski xatolarni takrorlamasligi kerak. Aks holda katta mablag‘, zamonaviy loyiha va chiroyli hisobot boru, ammo aholi turmushida kutilgan natija bo‘lmay qolishi mumkin.
O‘rganishlar davomida ikki xil manzara yaqqol ko‘zga tashlanadi. Ayrim ko‘chalar va hovlilarda ariqlar tozalanmagan, chiqin-dilar uyulib, qarovsiz bir xolatda. Ba’zi ko‘chalar va xonadonlar esa orastaligi, gulu-rayxonlarning xushbo‘yi dilni ham ko‘zni ham quvnatadi.
Masalan, Munavvar opa Lakkayeva xonadonida uy gullarini parvarishlash va ko‘paytirish bilan shug‘ullanadi. Uning uyida hatto 22 yillik gul bor. Bir xonani to‘ldirib turgan bu go‘zallik ortida yillar davomidagi mehnat, sabr va parvarish turibdi.
Tadbirkor Zilola Nurmanova esa olti nafar xotin-qizni tikuvchilikka jalb etgan. Kasanachilik bilan shug‘ullanib, nafaqat oilasi daromadiga hissa qo‘shmoqda, balki boshqalarga ham ish o‘rni yaratmoqda.
Mohira opa Egamova, Anorxol opa Abdujalilova hamda Isomiddin Bo‘ltakovlar xonadonlaridagi tartib-intizom va obodlik ham kishini quvontiradi.
Bu xonadon sohiblari obodlikni faqat hokimlik yoki mahalla topshirig‘i bilan amalga oshirish shart emasligini amalda ko‘rsatmoqda. Zero, har kim obodlikni o‘z eshigi oldidan boshlasa, butun mahalla qiyofasi o‘zgaradi. Ayrim fuqarolar “Mahalla obodligi va mehr saxovat” oyligi doirasida o‘z hovlisini tozaligiga e’tibor qaratmagani kishini o‘ylantiradi.
Albatta, davlat tomonidan infratuzilma yaratilishi, kanalizatsiya, yo‘l, ichimlik suvi va boshqa sharoitlarni yaxshilangani yaxshi. Lekin davlat qurib bergan ariqni tozalash, o‘z hovlisini ozoda tutish, chiqindini belgilangan joyga tashlash fuqaroning ham burchi.
Bularni ham “Davlat qilib bersin”, degan qarash bilan “mening ham mas’uliyatim bor”, degan qarash o‘rtasida katta farq bor. Aslida obod mahalla ikki tomonlama mehnatdan barpo bo‘ladi.
Shu ma’noda “Ko‘rkam diyor” mahallasi-dagi holat faqat bir mahallaning emas, jamiyatdagi mas’uliyat madaniyatining ham ko‘zgusidir.
O‘rganishlar davomida M-34 avtomobil yo‘lining Bo‘ston mahallasi hududiga tegishli 8 kilometri asfaltlangani va ancha yaxshi holatga keltirilgani ham ko‘zga tashlandi.
Uzoq yillar abgor holatda bo‘lgan yo‘lning ta’mirlangani, albatta, quvonarli. Biroq yo‘l chetlarining tekislanmagani, toshlar uyulib yotgani, avariya holatida avtomobil yo‘l chetiga chiqishi uchun zarur sharoit to‘liq ta’minlanmagani kishini o‘ylantiradi.
Yaxshi yo‘l faqat asfaltdan iborat emas. Yo‘lning chetlari, xavfsizlik choralari, piyodalar va haydovchilar uchun qulayliklar ham uning bir qismi hisoblanadi.
Shuningdek, “Ahillik” mahallasiga tegishli yo‘llar ham ta’mirlansa, bu hudud aholisi uchun yana bir katta qulaylik bo‘lar edi.
Oqoltin tumanidagi o‘rganishlar bizga bir hududda, bir xil sharoitda yashab, mutlaqo boshqacha natija yaratayotgan insonlar borligini ko‘rsatib qo‘ydi. Biri kasb o‘rganib, boshqalarga yangi ish o‘rni yaratadi. Atrof-javonibni toza, ozoda tutadi. Boshqasi esa esa bor imkoniyatni ham qadrlamay, boqimandalikka rujo‘ qo‘yib, nolish bilan ovora.
Albatta, aholining haqli e’tirozlari eshitilishi va muammolar hal qilinishi shart. Ayniqsa, davlat mablag‘i hisobidan bajarilayotgan ishlar nazoratsiz qolmasligi kerak.
“Ko‘rkam diyor” mahallasida ham davlat mablag‘lari hisobidan amalga oshirilayotgan yirik loyihalar to‘liq va sifatli yakunlansa, mahalla faollari aholi bilan ishni kuchaytirsa, eng muhimi, har bir xonadon o‘z ostonasidan obodlikni boshlasa, bu hudud haqiqatan ham o‘z nomiga munosib ko‘rkam diyorga aylanadi. Aks holda esa faqat nomigina Ko‘rkam diyor hudud esa ko‘rkamlashmay qolaveradi.
Xurshida NISHONOVA