--

MAKTABLAR OSTONASIDA

MAKTABLAR  OSTONASIDA
Chop etilgan 19 August, 2026

Yangi o‘quv yili arafasida maktablarning nafaqat qabul jarayoni, balki o‘quvchilar uchun yaratilayotgan muhiti ham bugun muhim masala. Viloyatdagi 314 ta umumta’lim maktabida birinchi sinfga qabul davom etar ekan, jarayonni faqat qabul qilingan bolalar soni bilan emas, maktablarning yangi o‘quv yiliga qay darajada tayyorligi bilan ham baholash muhim.
Viloyat bo‘yicha birinchi sinfga 19 490 nafar o‘quvchini qabul qilish rejalashtirilgan. Bugungi kun holatiga 18 889 nafar bola birinchi sinfga qabul qilingan. Bu rejaning qariyb 97 foizi bajarilganini anglatadi. Qabul jarayoni 31-avgustga qadar davom etadi.
Viloyatimizning 8 ta tuman va shaharlarida qabul jarayonlari onlayn shaklda, 3 ta hududda esa an’anaviy tarzda tashkil etilgan. Bu, bir tomondan, ota-onalar uchun qulaylik yaratsa, ikkinchi tomondan, qabul jarayonining ochiqligi va nazoratini ta’minlashga xizmat qilishi kerak.
Biroq maktabga tayyorgarlik faqat hujjatlarni qabul qilish yoki sinflarni o‘quvchilar bilan to‘ldirishdan iborat emas. Hududdagi ayrim tuman va shahar maktablarni o‘rganishimiz jarayonida avvalo maktab hududining tozaligi, obodonligi, “Yashil makon” doirasidagi ishlar, kutubxonalar holati, sport maydonchalari, sinf xonalarining tayyorgarligi va ko‘rgazmali axborot vositalariga e’tibor qaratish muhim.
“Yashil makon”tashabbusi doirasida maktab hududlari-da daraxt va ko‘chatlar ekilishi ham alohida e’tibor talab qiladi. Biroq bu jarayonni faqat ekilgan ko‘chatlar soni bilan baholash yetarli emas. Zero, ko‘chat ekish – ishning boshlanishi, uni voyaga yetkazish esa muntazam mehnat va mas’uliyatni talab qiladi. Shu jihatdan maktab hududlaridagi yashil maydonlarning holati yangi o‘quv yiliga tayyorgarlikning muhim ko‘rsatkichlaridan biri bo‘lishi kerak.
Maktablarda kutubxonaning mavjudligi emas, undan o‘quvchilar foydalanayotgani, kitob fondining yangilanib borishi va birinchi sinf o‘quvchilari uchun qiziqarli adabiyotlar yetarliligi asosiy mezon bo‘lishi kerak. Masalan, Guliston shahridagi 8-maktabda kutubxona fondini boyitishga alohida e’tibor qaratilgan. Maktabga homiylar tomonidan 365 ta badiiy kitob sovg‘a qilingan bo‘lsa, kitob yarmarkasi orqali yana 232 ta kitob olib kelingan. Bu kabi tashabbuslar kutubxonani shunchaki mavjud xonadan o‘quvchilar muntazam foydalanadigan ma’rifiy maskanga aylantirish uchun muhim.
Mirzaobod tumanidagi 34 ta maktabda esa yangi o‘quv yili oldidan kutubxona fondini to‘ldirish ishlari davom ettirilgan. Respublika budjeti hisobidan 446 dona badiiy kitob yetkazib berilgan. Bundan tashqari, homiylar tomonidan 1 745 dona badiiy adabiyot taqdim etilgan.
Bu raqamlar bir qarashda oddiy ko‘rinishi mumkin. Aslida esa yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik faqat sinf xonalarini jihozlash yoki hududni obodonlashtirish bilan cheklanmaydi. O‘quvchining kitobga, sportga, tabiatga va maktab muhitiga munosabati ham shu jarayonda shakllanadi.
Sport maydonchalari masalasida esa maktablar imkoniyati bir xil emas. O‘rganish davomida ayrim maktablarda sport bilan shug‘ullanish uchun alohida maydon mavjud emasligi ham ko‘zga tashlanadi. Bunga ayrim maktablar hududining kichikligi, mavjud yer maydonining cheklangani yoki moliyaviy imkoniyat-larning yetarli emasligi sabab bo‘lishi mumkin.Yangi oʻquv yili arafasida esa bu holatni chetlab oʻtib boʻlmaydi.
Shuningdek, maktablarda Mustaqillik bayramiga bag‘ishlangan shior va ko‘rgazmalarning mazmuni, estetik ko‘rinishi, davlat ramzlarining to‘g‘ri joylashtirilishi, sinf xonalaridagi jihozlar va sanitariya holati ham yangi o‘quv yiliga tayyorgarlikning muhim ko‘rsatkichlardan biri ekanligini koʻrsatdi.
Eng muhimi, 19 490 nafar o‘quvchi uchun rejalash-tirilgan qabulning 18 889 nafari amalga oshirilgani – raqam jihatidan yuqori ko‘rsatkich. Ammo 97 foizlik
qabul natijasi maktablarning 97 foiz tayyor degani emas. Qabul jarayoni bilan bir vaqtda ta’lim muhi-tining sifati ham baholanishi kerak.
Hududdagi maktablar holatini ko‘zdan kechirar ekanmiz, masalaga faqat qabul ko‘rsatkichlari bilan emas, maktabdagi real sharoit nuqtayi nazaridan yondashdik.

Tozalik va obodonlik, ko‘kalamzorlashtirish, kutubxo-nalar, sport maydonchalari, sinfxonalar hamda xavfsizlik holati ham e’tibordan chetda qolmadi.
Yangi o‘quv yili eshik qoqmoqda. Endi vazifa faqat birinchi qo‘ng‘iroqqa tayyor turish emas, balki har bir birinchi sinf o‘quvchisi maktabga kirgan kunidan boshlab munosib, xavfsiz va zamonaviy ta’lim muhitiga tushishini ta’minlashdir.
Sevinch G‘aniyeva

Sevinch G‘ANIYEVA
Sevinch G‘ANIYEVA
MUXBIR
Тегlar::