--

SHAFFOFLIK, MOLIYAVIY INTIZOM VA TARAQQIYOT SARI YANA BIR QADAM

SHAFFOFLIK, MOLIYAVIY INTIZOM VA TARAQQIYOT SARI YANA BIR QADAM
Chop etilgan 6 October, 2026

Har qanday jamiyat va davlat taraqqiyotining muhim poydevori, shubhasiz, moliyaviy mas’uliyat, byudjet mablag‘laridan oqilona va maqsadli foydalanish. Shuningdek, davlat xarajatlarida mutlaq shaffoflikni ta’minlashga borib taqaladi. Sirdaryo viloyati soliq xizmati organlarining 2026-yil yanvar–sentyabr oylaridagi faoliyatiga nazar solar ekanmiz, bugungi kunda sohada moliyaviy intizomni mustahkamlash, har bir so‘m mablag‘ning hisob-kitobini qat’iy qo‘yish bosqichida jiddiy va tizimli ishlar amalga oshirilayotganiga guvoh bo‘lamiz.

Bugungi kunda Sirdaryo viloyati soliq xizmati organlari murakkab va mas’uliyatli vazifalarni bajarishga qurilgan yaxlit tizim sifatida faoliyat yuritmoqda. Viloyat miqyosida jami 12 ta yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan tuzilma faoliyat ko‘rsatayotgani uning qamrovi naqadar kengligidan dalolat beradi:

·                1 ta viloyat soliq boshqarmasi

·                8 ta tuman soliq inspeksiyasi

·                3 ta shahar soliq inspeksiyasi

2026-yilning 1-sentyabr holatiga ko‘ra, tizimda jami 456,75 nafar shtat birligi tasdiqlangan bo‘lib, shundan 112,25 nafari boshqarma hissasiga to‘g‘ri kelsa, 344,5 nafari hududiy inspeksiyalarda mehnat qilmoqda. Shtatlarning 329 nafarini asosiy, 127,75 nafarini esa yordamchi xodimlar tashkil etib, bu jamoaning sifatli va uzluksiz faoliyat ko‘rsatishi uchun zamin yaratmoqda.

Moliyaviy intizomning bosh mezoni — reja va amaliyot uyg‘unligidir. Joriy yilning to‘qqiz oyi mobaynida Sirdaryo viloyati soliq xizmati organlariga byudjet mablag‘lari hisobidan jami 55 949,3 million so‘m xarajatlar rejalashtirilgan edi. Ushbu mablag‘larning taqsimoti va ijrosi qat’iy tartibga solindi:

·                I guruh xarajatlari (ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlar) uchun rejadagi 44 238,2 million so‘mdan amalda 43 660,2 million so‘m kassa xarajatlari amalga oshirildi.

·                II guruh xarajatlari bo‘yicha belgilangan 10 753,1 million so‘mdan 10 672,3 million so‘m mablag‘ sarflandi.

·                IV guruh xarajatlari uchun esa 958,0 million so‘m rejalashtirilib, shundan 711,6 million so‘mi o‘zlashtirildi.

Natijada, hisobot davrida byudjet mablag‘lari hisobidan jami 55 044,1 million so‘m miqdorida kassa xarajatlari bajarildi. Bu raqamlar mablag‘larning asossiz yoki tartibsiz emas, balki katta tejamkorlik va ehtiyojdan kelib chiqqan holda yo‘naltirilganini ko‘rsatadi.

Davlat xarajatlarida shaffoflik faqatgina asosiy byudjet bilan chegaralanib qolmaydi. Viloyat soliq xizmati organlari boshqa mablag‘lar hisobidan ham samarali foydalanib kelmoqda. Jumladan, o‘tgan oylar mobaynida boshqa maxsus mablag‘lar hisobidan jami 6 980,9 million so‘m kassa xarajatlari amalga oshirildi. Buning salmoqli qismi bevosita xodimlarning faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va xizmat vazifalarini bajarishga yo‘naltirildi.

Shu bilan birga, Rivojlantirish jamg‘armasidan jami 340,7 million so‘m miqdorida xarajatlar amalga oshirilib, shundan IV guruh xarajatlariga ajratilgan 316,5 million so‘m moddiy-texnik bazani mustahkamlashga xizmat qildi. Jumladan, tizim faoliyatini yanada takomillashtirish maqsadida asosiy vositalar sifatida jami 12,8 million so‘mlik 2 dona geokollektor xarid qilindi.

IV guruh xarajatlari tarkibiga kiruvchi mablag‘larning sarflanishida ham qat’iy manzillilik saqlanib qoldi. Xususan:

·                24,8 foizi yoki 176,3 million so‘mi kommunal to‘lovlarga;

·                19,8 foizi yoki 140,6 million so‘mi internet va zamonaviy aloqa xizmatlariga;

·                16,8 foizi yoki 119,4 million so‘mi esa xizmat safari xarajatlariga yo‘naltirildi.

Aloqa va internet xizmatlariga sezilarli mablag‘larning sarflanayotgani soliq xizmati organlarining raqamli transformatsiya jarayonlariga qanchalik jiddiy yondashayotganini, hisob-kitoblarni avtomatlashtirish va soliq to‘lovchilarga masofadan turib sifatli xizmat ko‘rsatishni kuchaytirayotganini anglatadi.

Sirdaryo viloyati soliq xizmati organlarining 2026-yilning to‘qqiz oylik moliyaviy hisoboti davlat mablag‘larining har bir tiyini hisobda ekanligini, moliyaviy intizom buzilishlarining oldini olish va ochiqlikni ta’minlash borasida jiddiy qadamlar tashlanayotganini ko‘rsatadi. Shaffoflik — ishonch demakdir. Bugun Sirdaryo soliq tizimida erishilayotgan har bir moliyaviy natija viloyat iqtisodiy barqarorligini ta’minlashga qo‘shilayotgan munosib hissa bo‘lib xizmat qilmoqda.

 

Sh.Axmedova,

Sirdaryo viloyati soliq boshqarmasi

Buxgalteriya bo‘limi boshlig‘i.


Тегlar::