Oqoltin tumanining “Andijon” mahallasida yashovchi Hayitgul Botirova salkam bir asrga yaqin 98-yillik hayoti davomida qancha voqealarga guvoh bo‘lganini, adog‘iga yetib bo‘lmaydi. Uning hayoti bir qarashda oddiy mehnatkash ayolning umr yo‘lidek ko‘rinadi. Ammo suhbatlashib, boshidan kechirganlarini tinglar ekanmiz, o‘sha xonadonda bir necha davrning tarixi yashayotganini his qildik. Ikkinchi jahon urushi yillari, Mirzacho‘lning o‘zlashtirilishi, mashaqqatli mehnat, katta oila, far-zand ayriliqlari va bugungi tinch kunlar — barchasi Hayitgul momoning xotiralarida bir-biri bilan tutashib ketgan.
Hayitgul momo asli Jizzaxning Forish qishlog‘idan. Taqdir taqozosi bilan Mirzacho‘lni o‘zlashtirish yillarida Sirdaryo zaminiga oilasi bilan kelib
qolgan. Umr yo‘li esa urush yillarining og‘ir sinovlari bilan chambarchas bog‘liq. Turmush o‘rtog‘i Mamarajab Botirov urushda qatnashgan, frontdan qaytgach, Hayitgul momo bilan oila qurgan. Momo esa front ortida mehnat qilgan, urushning og‘irligini yelkasida ko‘targan minglab o‘zbek ayollaridan biri bo‘lgan.
Ikkinchi jahon urushi nihoyasiga yetdi, ammo undan qolgan asoratlarchi?..
G‘alaba bilan uyiga qaytgan askarlar oldida endi och-nahor oilani boqish, dalalarni obod qilishdek yana bir mashaqqatli kurash turardi. Hayitgul momo va Mamarajab ota ham shu zahmatli yo‘ldan bordilar. Turli sohalarda mehnat qildi, xo‘jaliklarda brigada boshlig‘i sifatida faoliyat ko‘rsatdi.
Hayitgul momo va Mamarajab ota 12 nafar farzandni voyaga yetkazdilar. Afsuski, hayot ularning barchasini voyaga yetkazib, ota-onasi atrofida ulg‘ayishiga imkon bermadi. Farzandlarining ayrim-lari turli sabablar bilan yoshligida vafot etishdi. Ota-ona uchun bu yo‘qotishlarning har biri alohida dard edi.
Ammo Hayitgul momo boshidan kechiradigan eng og‘ir sinov hali oldinda edi. O‘g‘li Nuriddin endigina yigit yoshiga yetganida afg‘on urushiga safarbar etildi. Kechagina uyida yurgan, ota-onasining ko‘ziga qarab turgan farzand bir zumda uzoq va xavfli yurtga jo‘nab ketdi. Ona yuragi esa farzandining ortidan ketdi. Evohki, oradan bir yil o‘tib, urushga ketgan o‘g‘lining tobuti uyiga keltirildi. Bunday ayriliqqa chidash qiyin edi, ammo onaizor bardosh bera oldi.
Hayitgul momo bu xotiralarni bugun ham ko‘zlarida yosh bilan eslaydi. Qo‘liga o‘g‘lining suratini olib, uning yuzlari, sochlarini silaydi. Go‘yo suratdagi farzandi tirikdek… Ona qo‘li esa yillar o‘tsa-da, o‘sha farzandining boshini silashdan to‘xtamagandek. Ba’zan yurak-dagi alam so‘zga sig‘maydi. Momo sovuq urushni o‘zicha qarg‘ab ham qo‘yadi. Chunki u urushning nomini kitoblardan o‘qib emas, o‘z farzandining tobuti orqali tanigan edi.
Uning xonadonida esa Mamarajab otaning ham, Nuriddin akaning ham urushdagi xizmatlari uchun berilgan medallar turibdi. Bu medallar oddiy metall parchalari emas. Ularning har birida bir insonning umri, mehnati, jasorati, ayriliqlari va xalq oldidagi xizmati mujassam. Biri Ikkinchi jahon urushidan qaytgan askarning, yana biri afg‘on urushida jonini fido qilgan yigitning xotirasini saqlab turibdi.
Bugun Hayitgul momoning besh nafar qizi va bir nafar o‘g‘li hayot. Farzandlari, nevaralar-u chevaralari atrofida. Ammo ona qalbida Nuriddin akaning o‘rni hamon o‘zgarmagan. Yillar vaqtni oldinga olib ketadi, lekin ona yuragidagi farzand dog‘ini o‘chira olmaydi.
Hayitgul momoning o‘zi ham 2025-yilda Ikkinchi jahon urushining
80 yilligi munosabati bilan faxriy medal bilan taqdirlandi. Bu mukofot birgina keksa momoga berilgan medal emas, aslida front ortida tun-u kun mehnat qilgan, g‘alabani yaqinlashtirgan, urush-ning butun og‘irligini yelkasida ko‘targan onalarga ko‘rsatilgan ehtiromdir.
Bugun biz tinch tonglarni oddiy holdek qabul qilamiz. Farzandlarimiz maktabga boradi, oilalarimiz dasturxon atrofida jam bo‘lishadi. Ammo bu tinchlikning ortida kimlarningdir yoshligi, sog‘lig‘i, hatto farzandining umri yotganini har doim ham o‘ylayvermaymiz.
Bugun Hayitgul momo singari insonlarning nomi vaqt o‘tishi bilan shunchaki moziy sahifalarida qolib ketmasligi kerak. Ularning hayoti, jasorati, mehnati va boshdan kechir-ganlari avloddan avlodga yetkazilishi zarur. Chunki o‘tmish faqat sanalar va raqamlardan iborat emas. Tarix Hayitgul momoning ko‘z yoshida, Mamarajab otaning medallarida, afg‘on urushiga ketib, qaytib kelmagan Nuriddin aka kabilarning suratida ham yashaydi.
Sevinch NIYOZBEK QIZI
Tirik tarixning so‘nmas xotirasi
Chop etilgan
2 October, 2026
36
Тегlar::