--

Bilim va malaka barqaror biznesni yaratadi

Bilim va malaka barqaror biznesni yaratadi
Chop etilgan 2 October, 2026

Bugun kichik biznes nafaqat daromad manbai, balki yangi ish o‘rinlari, aholi farovonligi va hudud iqtisodiy taraqqiyotining muhim omiliga aylanmoqda. Sirdaryo viloyatida ham tadbirkorlik faolligi tobora kengayib, sanoat, qishloq xo‘jaligi, savdo va xizmat ko‘rsatish sohalarida yangi imkoniyatlar paydo bo‘layotir.
Bugun zamonaviy tadbirkor uchun “qancha pul topdim?” degan savolning o‘zi kifoya emas. “Qancha foyda qoldi?”, “Pul oqimi qanday?”, “Qaysi xarajatni qisqartirish mumkin?”, “Olingan kredit o‘zini oqlaydimi?” kabi savollarga ham javob bo‘lishi kerak.
Viloyatda qishloq xo‘jaligi, sanoat va xizmat ko‘rsatish sohalari kichik biznes uchun katta imkoniyatlar yaratmoqda. Ayniqsa, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, saqlash, qadoqlash va tayyor mahsulot sifatida bozorga chiqarish yangi tadbirkorlik loyihalari uchun istiqbolli yo‘nalishlardan hisoblanadi.
Biroq bunday loyihalarni amalga oshirishda tadbirkor faqat mahsulot ishlab chiqarishni emas, balki uning iqtisodiy samaradorligini ham hisoblay olishi zarur. Investitsiya hajmi, ishlab chiqarish xarajatlari, mahsulot tannarxi, sotuv hajmi va mablag‘ning qaytish muddati oldindan hisob-kitob qilinmasa, biznesda moliyaviy xavf ortishi mumkin.
Shu nuqtai nazardan kichik biznesni qo‘llab-quvvatlashda faqat moliyaviy resurs ajratishning o‘zi yetarli emas. Moliya bilan birga bilim ham berilishi kerak.
Tadbirkorlar uchun qisqa muddatli amaliy kurslar tashkil etish, ularda pul oqimini boshqarish, biznes xarajatlarini tahlil qilish, tannarxni hisoblash, kredit yukini baholash va investitsiya loyihala-rining samaradorligini aniqlash kabi mavzularni o‘rgatish muhim.
Bu borada Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi kabi ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda “Moliyaviy savodxon tadbirkor” singari amaliy dasturlarni joriy etish yaxshi natija berishi mumkin. Eng muhimi, tadbirkor faqat nazariy bilim emas, balki o‘z biznesi misolida hisob-kitob qilishni o‘rganishi lozim.
Bugun tadbirkorlik ta’limiga munosabatni ham o‘zgartirish vaqti keldi. Tadbirkorga faqat biznesni qanday boshlashni emas, balki uni qanday boshqarish, moliyaviy xavflarni qanday kamaytirish va barqaror o‘sishni qanday ta’minlashni o‘rgatish zarur.
Viloyatimizda kichik biznesni rivojlantirishning samarali formulasi, bizningcha, “bilim - moliya - bozor - boshqaruv - o‘sish” tamoyiliga asoslanishi kerak. Chunki moliyaviy resursning o‘zi imko-niyat bo‘lsa, undan samarali foydalanishni biladigan tadbirkor ana shu imkoniyatni natijaga aylantiradi.
Xulosa shuki, moliyaviy savodxon tadbirkor - mablag‘ni jalb qila oladigan emas, balki uni to‘g‘ri boshqarib, barqaror natijaga aylantira oladigan tadbirkordir. Sirdaryoda “moliya + bilim + raqamli ko‘nikma + bozor” yondashuvini kuchaytirish esa nafaqat alohida tadbirkor, balki
butun hudud iqtisodiy salohiyatini yuksaltirishga xizmat qiladi.
Orzumurod QODIROV,
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi Sirdaryo viloyati hududiy filiali bosh mutaxassisi

Тегlar::