Bugun taraqqiyot faqat yangi binolar, yirik loyihalar yoki iqtisodiy ko‘rsatkichlar bilan o‘lchanmaydi. Davlat rivojining asl mezoni – insonning qanday yashayot-gani, farzandining qanday ta’lim olayotgani, oilasining salomatligi, mehnatining qadrlanishi va kelajagiga qan-chalik ishonch bilan qarayotganidadir. Shu ma’noda, O‘zbekiston oldiga qo‘yilayotgan yangi strategik vazifalar mohiyatida inson qadrini yuksaltirish orqali mamlakat taraqqiyotining yangi bosqichini yaratish maqsadi mujassam.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning mamlakat mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbirda ilgari surgan yettita milliy dasturi aynan shu maqsadga xizmat qiladi. Bu tashabbuslar alohida-alohida yo‘nalishlar bo‘libgina qolmay, ta’limdan sog‘liqni saqlashgacha, iqtisodiyotdan ekologiyagacha, qonun ustuvorligidan mahalla va xalqaro munosabat-largacha bo‘lgan yaxlit taraqqiyot modelini ifodalaydi.
Yangi davrda mamlakatning eng katta boyligi – bilimli, malakali va raqobatbardosh inson. Shu bois ta’lim va kasbiy tayyorgarlikni kuchaytirish ustuvor vazifaga aylanmoqda. Maktabga tayyorgarlik qamrovini
kengaytirish, ta’lim sifatini xalqaro mezonlarga moslash-tirish, texnikumlarda zamonaviy va daromadli kasblarga o‘qitish yoshlarni mustaqil hayotga tayyorlashga xizmat qiladi. Universitetlarning xalqaro reytinglardagi mavqeini oshirish esa oliy ta’limning jahon ilmiy-ta’lim makoniga integratsiyasini jadallashtiradi.
Taraqqiyotning ikkinchi tayanchi – inson salomat-ligi. Tibbiyotda kasallikni oldini olishga ustuvor ahamiyat beriladi. Davlat tibbiy sug‘urtasini kengaytirish, sohaga ajratiladigan mablag‘ni oshirish, nufuzli klinikalarni jalb etish, farmatsevtika va biotexnologiyalarni rivojlantirish orqali zamonaviy va sifatli tibbiyot tizimi shakllantirish amalda ko‘zda tutilgan.
Uchinchi yo‘nalish esa iqtisodiyotni yangi texnolo-giyalar va yuqori mehnat unumdorligi asosida rivojlan-tirish. Yirik investitsiyalarni jalb etish, 2030-yilga borib yalpi ichki mahsulotni 300 milliard dollarga yetkazish, yuqori daromadli ish o‘rinlarini yaratish orqali aholi faro-vonligini oshirish ko‘zda tutilmoqda. Startap, venchur va sun’iy intellektni rivojlantirish esa yangi iqtisodiyotning muhim drayveriga aylanadi.
To‘rtinchi yo‘nalish – suv va tabiatni asrash. Suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish, yashil hududlarni ko‘paytirish, maktab, bog‘cha, shifoxona va ko‘p qavatli uylar atrofidagi yashil maydonlarni muhofaza qilishga alohida e’tibor berilishi ekologik siyosatning kundalik hayot bilan bevosita bog‘lanayotganini ko‘rsatadi. Beshinchi dastur qonun ustuvorligi va sud mustaqil-ligini mustahkamlashga qaratiladi. Jamiyat taraqqiyoti qonun ustuvorligisiz to‘liq bo‘la olmaydi. Shu sabab sud mustaqilligini mustahkamlash, fuqarolar va tadbirkorlarning huquqiy kafolatlarini kuchaytirish, jinoyatchilikning zamo-naviy ko‘rinishlariga qarshi kurashish bo‘yicha vazifalar ham alohida milliy dastur darajasiga ko‘tarilmoqda. Bu
jarayonda huquqiy madaniyatni maktabdan boshlab shakl-lantirish muhim. Chunki qonunni faqat jazodan qo‘rqib emas, jamiyat hayotining umumiy qoidasi sifatida hurmat qiladigan avlodni tarbiyalash uzoq muddatli taraqqiyotning eng mustahkam kafolatlaridan biridir.
Oltinchi yo‘nalishda mahalla islohotlarning asosiy manziliga aylanadi. Budjet, investitsiya va infratuzilma loyihalarini mahalla ehtiyojlari asosida belgilash davlat siyosatini aholining real talablariga yanada yaqinlashtiradi.
Yettinchi dastur tinchlik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni mustahkamlashni ko‘zda tutadi. Bu qadriyatlar mamlakat barqarorligi va taraqqiyotining muhim omilidir. O‘zbekistonning qo‘shnichilik va ochiq tashqi siyosati esa uzoq muddatli rivojlanish uchun zarur tashqi muhitni mustahkamlamoqda.
Yettita dastur mazmunan turli sohalarni qamrab olsa-da, ularni birlashtiruvchi bosh maqsad bitta – inson uchun munosib hayot sharoitini yaratish. Bilimli, sog‘lom, huquqi himoyalangan, munosib daromad topayotgan va kelajagiga ishonch bilan qarayotgan fuqaro – kuchli davlatning eng katta tayanchidir. Shu bois kelgu-si o‘n yillikni milliy yuksalish davriga aylantirish faqat belgilangan marralar bilan emas, ularni amalda ro‘yobga chiqarishdagi mas’uliyat, tashabbus va hamjihatlik bilan belgilanadi. Zero, taraqqiyotning haqiqiy mezoni raqamlardan ko‘ra, inson hayotidagi real o‘zgarishda o‘z aksini topadi.
Sevinch G‘ANIYEVA