--

KASALLIK VA QASD

KASALLIK VA QASD
Chop etilgan 12 September, 2026

Har bir qadamni o‘ylab bosish “yetti o‘lchab, bir kesish” degan naqlga amal qilishni talab etadi. Chunki hayotda ba’zan birgina noto‘g‘ri qarorning oqibati inson taqdirini o‘zgartirib yuborishi mumkin.
Ijtimoiy muhitda ba’zi kimsalar g‘arazli maqsadlar yo‘lida boshqa-larning hayoti va salomatligiga ataylab zarar yetkazishdan qaytmay-digan jinoiy harakatlarni ham sodir etayotganini ko‘rib, eshitib turibmiz.
Ko‘pincha “faqat men” degan qarashni “egoizm” deb baholaymiz. Lekin “nega faqat men?” degan o‘y ortida xavf yashirin bo‘lishi mumkin. Buning oqibati ayrim hollarda inson hayoti va salomatligi bilan o‘lchanadi.
Masalan, jinsiy munosabat orqali yuqadigan kasalliklar, jumladan, tano-sil va OIV infeksiyasi bilan bog‘liq holatlar haqida o‘ylab ko‘raylik. Inson o‘z xatosining oqibatini anglab, davolanishi, ehtiyot choralarini ko‘rishi mumkin. Ammo o‘zining kasalligini bila turib, uni boshqa insonga yuqtirishga urinish – mutlaqo boshqa masala. Bu yerda gap faqat qonunbuzarlik haqida emas. Bu o‘zganing taqdiriga befarq qarash, inson hayotiga ongli ravishda daxl qilishdir.
Viloyatimizda 2025-yilning dastlabki olti oyida yuqoridagi kasalliklarni qasddan tarqatish holatlari 5 tani tashkil etgan. 2026-yilning shu davrida esa 21 taga yetgan. Ya’ni, holatlar soni 16 taga ko‘paygan. Boshqacha aytganda, bunday jinoyatlar 4,2 baravarga oshgan.
Hududlar kesimida esa bunday holatlar Guliston shahrida 6 taga, Shirin shahrida 3 taga, Boyovut va Oqoltin tumanlarida esa 2 taga ko‘paygan.
Nega kimdir o‘z xatosining oqibatini anglasa-da, boshqa inson-ning taqdiri haqida o‘ylamaydi?
Yana bir holatga e’tibor qara-taylik. Voyaga yetmagan shaxsni g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlarga jalb qilish holatlari 2025-yilning birinchi olti oyida 2 ta bo‘lgan bo‘lsa, joriy yilning shu davrida 4 taga yetgan. Bu 100 foizlik o‘sish, ya’ni holatlar 2 baravar ko‘paygan, degani. Raqamning o‘zi emas, uning ortida turgan voqeilik kishini cho‘chitadi. Gap hali hayotni to‘la anglab ulgurmagan, to‘g‘ri va noto‘g‘rini kattalardan o‘rganayotgan voyaga yetmagan bola haqida ketmoqda. Kimdir uning soddaligi, ishonuvchanligi yoki himoyasizligidan foydalangan.
Bu yerda mas’uliyatni bolaning zimmasiga yuklash emas, uni bunday xatti-harakatga boshlagan kishining mas’uliyati haqida o‘ylash muhim. Chunki voyaga yetmaganni g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlarga jalb qilish – faqat huquqiy muammo emas, balki kattaning bola oldidagi ma’naviy va insoniy mas’uliyatini unutganidan dalolatdir. Shuning uchun e’tiborni faqat sodir etilgan qilmishga emas, voyaga yetmaganni bunday xatti-harakatga jalb qilgan shaxsning maqsadiga ham qaratish lozim.
Qolaversa, 16 yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish holatlari 2025-yilning birinchi olti oyida 4 ta bo‘lgan bu ko‘rsatkich joriy yilning shu davrida 6 taga yetgan. Ya’ni, 50 foizga oshgan. Demak, 1,5 baravar ko‘paygan.
Nomusga tegish holatlari 8 tadan 5 taga tushgani, ya’ni 3 taga kamaygani ijobiy ko‘rsatkichdek ko‘rinadi. Ammo jinoyat statistikasida ayrim ko‘rsatkichlarning kamayishi muammo bartaraf etilganini anglatmaydi. Vaholanki bunday holatlarning birortasi ham e’tiborsiz qolmasligi, aksincha, barchamizni jiddiy chora ko‘rishga undashi lozim.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar chora ko‘rsin, deb chetda turish, e’tibor bermaslikdan osoni yo‘q. “Mening farzandim emas”, “mening mahallam emas”, “mening ishim emas”, degan beparvolik ertaga kech bo‘lishini anglatadi. Chunki jinoyatning oldini olish uni sodir etgan shaxsni jazolashdan ko‘ra arzonroq, osonroq va eng muhimi – bir inson taqdirini asrab qolish imkonini beradi.
Bugun befarq qarab o‘tilgan bir holat ertaga jinoyatga, jinoyat esa bir insonning buzilgan taqdiriga aylanishi mumkin.
Shu ma’noda keltirilayotgan raqamlar bizga qayerda xato qilayotganimizni ko‘rsatishi kerak.
Zero, jamiyatning sog‘lomligi jinoyat sodir bo‘lgandan keyin qancha odam jazolangani bilan emas, qancha insonni noto‘g‘ri yo‘ldan asrab qolganimiz bilan ham o‘lchanadi.
Bahrom BOYMURODOV
Maqola viloyat hokimligi Axborot xizmati bilan hamkorlikda tayyor-landi

Bahrom BOYMURODOV
Bahrom BOYMURODOV
BOSH MUHARRIR