--

Alomatsiz kelgan sinov

Alomatsiz kelgan sinov
Chop etilgan 10 октябр, 2026

Ayrim kasalliklar hech qanday asoratlarsiz kirib keladi. Og‘riq bermaydi, kundalik hayotimizga xalaqit qilmaydi, hatto odam o‘zini butunlay sog‘lom his qilishi ham mumkin. Ammo tanamizda kasallik allaqachon boshlangan bo‘ladi. Onkologik kasalliklar ham shunday. Eng xavflisi — uning dastlabki bosqichlarida odam o‘zida jiddiy muammo borligini sezmasligi mumkin.

Viloyatimizda 2026-yilning olti oyida onkologik kasallik 217 nafar kishida ilk bor aniqlangan. Ularning atigi 9 nafari I bosqichda, 111 nafari II bosqichda aniqlangan bo‘lsa, 73 nafari III, 17 nafari esa IV bosqichga yetgandagina tashxis olgan. Ya’ni yangi aniqlangan bemorlarning qariyb 42 foizi kasallik ancha ilgarilab ketgan III–IV bosqichlarda shifokorga murojaat qilgan. Bu shunchaki raqam emas, uning ortida inson taqdiri, oila va kechikti-rilgan umidlar bor. 2025-yilning shu davrida ham 273 nafar yaqinda kelgan bemorning 117 nafari III–IV bosqichda aniqlangan. Bir yil o‘tdi, tibbiyot va diagnostika imkoniyatlari rivojlanmoqda, biroq muammo hanuz urchishda davom etmoqda. Bugun esa biz kasallikdan ko‘ra, ko‘proq unga bo‘lgan munosabatimiz haqida gapirishimiz kerak.

Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Sirdaryo viloyati filiali Palliativ bo‘limi shifokori Shahboz Ro‘zmatov bilan suhbatimiz davomida ham aynan shu jihatga e’tibor qaratildi. Uning aytishicha, ayrim bemorlar kasallik aniqlanganidan keyin ham vaqtni boy berib qo‘yadi. Kimdir tabibga murojaat qiladi, yana kimdir xorijdan davo izlab, turli joylarga sarson bo‘ladi. Vaholanki shu orada kasallik rivojlanishda davom etadi.

Onkologiya bo‘limida bemorlar bilan suhbatlashar ekanmiz, ko‘pchi-lik shifokorga kasallikning dastlabki belgilarida emas, balki uni endi e’ti-borsiz qoldirib bo‘lmaydigan darajaga yetgandagina kelishining guvohi bo‘ldik. Suhbatlashgan bemorlardan biri kasalligini o‘zi sezmagan. Tashxis ish joyidagi majburiy tibbiy ko‘rik davomida aniqlangan. Eng muhimi, kasallik hali I bosqichda edi. O‘z vaqtida operatsiya qilinib, davolangan bemorning bugungi holati yaxshi.

Agar o‘sha ko‘rik bo‘lmaganida-chi? Kasallik qancha vaqt yashirin davom etardi, buni hech kim bilmaydi. Ammo bir necha soatlik tibbiy ko‘rik uning hayotidagi eng muhim tekshiruvga aylandi. Demak, ko‘rikning ahamiyati faqat kasallikni tasdiqlashda emas, hali alomat bermagan xastalikni vaqtida aniqlashda ham muhimdir.

Yana bir bemorda kasallik I bosqichdayoq aniqlanib, o‘z vaqtida ko‘rsatilgan tibbiy yordam va operatsiya natijasida u tuzalgan. Ammo keyinchalik sog‘lig‘iga yetarlicha e’tibor bermay alkogol, gazli ichimliklar va nosog‘lom turmush tarzi tarzi natijasida holati yomonlashgan. Bugun esa u o‘sha kasallik bilan kurashmoqda, faqat bu safar tashxis III bosqichda. Bir paytlar erta aniqlangan kasallikni yenggan insonning bugungi holati sog‘liqni asrash davolanishdan keyin ham davom etishi kerakligini yana bir bor ko‘rsatmayotir.

Afsuski, kasallik aniqlangach, hamma ham darhol shifokorga murojaat qilavermaydi. Ayrimlar avval tabib yoki turli muqobil davolash usullariga umid bog‘laydi. Suhbatlashgan bemorlardan biri ham shunday yo‘l tutgan. Tashxis ma’lum bo‘lganidan keyin zarur tibbiy muolajani o‘z vaqtida olish o‘rniga bir muddat tabibga qatnagan. Bu orada esa kasallik tobora rivojlanib borgan. Oxir-oqibat shifokorga murojaat qilganida davolash ancha murakkab bosqichga kelib qolgani ma’lum boʻlgan. 

Kasallik aniqlangach, ayrim bemorlar darhol xorijdan davo izlashga tushishadi. Tahlillar, hujjatlar, yo‘l, mablag‘ — yana bir sarsonlik boshlanadi. Albatta, zarur bo‘lsa, xorijda davolanish imkoniyatidan foydalanish mumkin. Ammo nega jiddiy tashxis qo‘yilishi bilan darhol “chet elda davolansamgina tuzalaman,” degan fikrga boramiz? Axir bugun respublikamizning o‘zida ham onkologik kasalliklarni aniqlash, davolash va ayrim hollarda jarrohlik amaliyotlarini bajarish imkoniyatlari mavjud. Tibbiyot bir joyda to‘xtab qolmagan — davolash usullari, diagnostika imkoniyatlari tobora rivojlanmoqda, malakali mutaxassislar ham bor. Demak, avvalo o‘zimizdagi imkoniyatni to‘liq bilish, shifokor bilan maslahatlashish, zarur bo‘lsa, boshqa mutaxassisdan ikkinchi fikrni olish kerak. Xorij — yagona umid emas. Eng muhimi, kasallik aniqlanganda sarson bo‘lib, vaqt yo‘qotmasdan, ishonchli tibbiy yordamni o‘z vaqtida boshlash.

Shifokorning Yaponiyada malaka oshirish davridagi kuzatuvlari ham aynan shu jihatdan e’tiborga molik. U yerda kasallikni davolashdan oldin uni erta aniqlashga katta ahamiyat beriladi. Chunki kasallik og‘irlashgani sari nafaqat davolash murakkablashadi, balki uning moddiy qiymati ham ortib boradi. Shu sababli odamlar muntazam tibbiy ko‘rikdan o‘tishga odatlanishgan.

Bemor kasallikni erta aniqlab, davolanish imkoniyatini oshiradi, tibbiyot tizimi esa og‘ir bosqichga yetgan bemorni davolash uchun ko‘proq mablag‘ va resurs sarflashiga to‘g‘ri kelmaydi.

Ayniqsa, bugun onkologik kasalliklar yoshlar orasida ham uchrayotgani yanada jiddiyroq o‘ylashga majbur qiladi. Ilgari bunday tashxisni ko‘proq katta yoshdagi insonlar bilan bog‘lashga o‘rgangan edik. Bugun esa yosh bemorlarni ham ko‘ryapmiz. Bu holatda faqat tibbiyotni ayblab bo‘lmaydi. Chunki tibbiyot rivojlanmoqda. Zamonaviy diagnostika usullari paydo bo‘layotir. Texnika takomillashmoqda. Ammo eng zamonaviy apparat ham ko‘rikka kelmagan odamni tekshira olmaydi. Shifokor qancha malakali bo‘lmasin, bemor kasallikning ilk belgilarini e’tiborsiz qoldirib, yillar davomida murojaat qilmasa, daqiqalarni ortga qaytara olmaydi. Chunki saraton fursatni kutmaydi. O‘z vaqtida aniqlangan kasallik esa hukm emas, kurash uchun imkoniyatdir.

Sevinch G‘ANIYEVA

Muallif olgan suratlar

Sevinch G‘ANIYEVA
Sevinch G‘ANIYEVA
MUXBIR
Teglar::