Sanoat korxonasi uchun bino, uskuna yoki katta mablag‘ning o‘zi yetarli emas. Ularni boshqaradigan, texnologiyani tushunadigan, yangilik yaratadigan, ishlab chiqarish jarayonida yuzaga keladigan muammoga yechim topa oladigan mutaxassis kerak. Ayniqsa, ishlab chiqarish tobora murakkablashib, zamonaviy texnologiyalar kirib kelayotgan bir paytda muhandisga bo‘lgan ehtiyoj yanada ortmoqda. Ammo muhandisni tayyorlash bir kunda hal bo‘ladigan masala emas. Buning uchun maktabdagi qiziqishdan boshlab oliygohdagi ta’limgacha, auditoriyadagi nazariyadan korxonadagi amaliyotgacha bo‘lgan uzluksiz tizim zarur. Viloyatimizda shu tizimni shakllantirishga qanday e’tibor qaratilmoqda?
Toshkent kimyo-texnologiya instituti Yangiyer filialida bugun 19 ta bakalavriat ta’lim yo‘nalishi va 5 ta magistratura mutaxassisligi bo‘yicha 3 268 nafar talaba tahsil olmoqda. Talabalarning 1274 nafari, ya’ni 39 foizini viloyatimiz yoshlari tashkil etadi. Bu ko‘rsatkich viloyatimizning mutaxassislarga bo‘lgan ehtiyojini qondira oladimi?
Oliygohda 169 nafar professor-o‘qituvchi talabalarga ta’lim berishmoqda. Asosiy shtatda faoliyat yuritayotgan 98 nafar professor-o‘qituvchining 70 nafari ilmiy darajaga ega bo‘lib, bu 71,4 foizni tashkil etadi. Filialning ilmiy salo-hiyati ham 2021-yildagi 12 foizdan 2026-yilda 65 foizga yetgan.
Biroq zamonaviy muhandis uchun ilmiy salohiyatning o‘zi kifoya emas. Nazariy bilim ishlab chiqarishdagi haqiqiy jarayon bilan tutashmasa, uning amaliy qiymati cheklanishi mumkin. Shu bois filialda ta’limni ishlab chiqarish bilan bog‘lashga xizmat qiladigan imkoniyatlar ham kengayayotganini ko‘rish mumkin. Masalan, 2025-yilda filialga 10,7 million AQSH dollari qiymatida investitsiya jalb etilgan. Birgina “Energetika texnoparki”da Xitoyning “Tianjin Xianjin Power Supply Technology” kompaniyasidan 1 million AQSH dollari miqdorida investitsiya jalb qilinib, 6 xil turdagi akkumulyator ishlab chiqarilmoqda. Investitsiya kiritilgan barcha tashkilotlarda institut talabalari ham ishlab, ham o‘qimoqda. Bu esa talaba uchun nazariy bilimni bevosita ishlab chiqarish jarayonida sinab ko‘rish imkonini beradi.
Amaliyot uchun yaratilayotgan muhit faqat yirik korxonalar bilan cheklanmaydi. “Yoshlar sanoat texnoparki”da 5 milliard so‘mlik ishlab chiqarish maydoni va zarur jihozlar yaratilgan. Bu yerda 6 turdagi zamonaviy kichik ishlab chiqarish uskunalaridan foydalanish imkoniyati mavjud. Texnoparkning imkoniyatlari 150 nafargacha yoshni qamrab olishga mo‘ljallangan, bu yerda 20 dan ortiq turdagi oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish imkoniyati ham mavjud.
Bu jarayonning mantiqiy davomi — dual ta’lim. Talabalar uchun “Yoshlar sanoat texnoparki”, “Energetika texnoparki”, “Xovosdon-mahsulotlari” AJ, “Sirdaryo elektr tarmoqlari” AJ, “Eko Vud Plus” MChJ, “Tosh beton trans xizmat” MCHJ kabi korxonalarda 4+2 modeli asosida mashg‘ulotlar yo‘lga qo‘yilgan.
Hamkorlik ko‘lami ham kengayib bormoqda. 2019-2026-yillar davomi-da yirik ishlab chiqarish va sanoat korxonalari bilan 91 ta hamkorlik o‘rnatilgan. 2026-yilning o‘zida esa dual ta’lim asosida 178 ta korxona bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Natijada talabalarni ushbu ta’lim shakli bilan qamrab olish darajasi 76 foizni tashkil etgan. Biroq 76 foiz — yakuniy natija emas. 2026-2027-o‘quv yilida hamkor korxonalar sonini 200 taga, dual ta’lim qamrovini esa 100 foizga yetkazish rejalashtirilmoqda. Ya’ni, maqsad talabaning diplom olguncha nazariya bilan bir qatorda ishlab chiqarish muhitini ham puxta o‘zlashtirishidir.
Muhandislik yo‘nalishlariga qabul ko‘rsatkichlari ham oshgan.
O‘tgan yili 719 nafar yoshlar-muhandislik yo‘nalishlariga qabul qilingan bo‘lsa, bu yil ularning soni 741 nafarga yetgan. Bir yil ichida 22 nafarlik o‘sish kuzatilgan.
Filialning joriy yildagi yana bir natijasi — xalqaro standart talablariga muvofiqlik sertifikatini qo‘lga kiritgani. QACS Interna-tional xalqaro tashkiloti tomonidan o‘tkazilgan auditdan muvaffaqiyatli o‘tgan filial ISO 37001:2025 — “Korrupsiyaga qarshi boshqaruv tizimi” xalqaro standarti talab-lariga muvofiqlik sertifikatiga sazovor bo‘ldi.
Bularning barchasi muhandis tayyorlash uchun ta’lim muassasa-sining o‘zida imkoniyatlar kenga-yayotganini ko‘rsatadi. Ammo ishlab chiqarish korxonalarida hanuz xorijiy muhandislarga ehtiyoj sezilayotgan bir paytda mahalliy muhandislarni yetarli darajada tayyorlash uchun yana nimalarga e’tibor qaratish kerak? — Buning sabablaridan biri barcha maktablarda ham kimyo fanining amaliy tomoni yetarli darajada namoyon bo‘lmayot-ganida. Ko‘pincha fan nazariya bilan cheklanib qoladi. O‘quvchi kimyoning amaliy imkoniyatlarini ko‘rmasa, undan qanday mo‘jizalar yaratish mumkinligini his qilmasa, bu sohaga qiziqishi ham pasayadi. Shu bois endilikda maktablarda kimyo fani uchun zarur sharoitlar yaratilmoqda. Biz ham maktablar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yib, ularni kerakli jihozlar bilan ta’min-lash, amaliy mashg‘ulotlarni tashkil etish va o‘quvchilarni kimyoga qiziqtirishga e’tibor qaratmoqchimiz. Chunki kelajak muhandisini faqat oliygohda izlash noto‘g‘ri. Uning sohaga qiziqishi, avvalo, maktabda uyg‘onishi kerak, – deydi savolga javoban Toshkent kimyo-texnologiya instituti Yangiyer filiali direktori Zafar Hakimov.
Shu bois filialning kelgusidagi rejalarida viloyatdagi har bir tuman va shahardan bittadan maktabni otaliqqa olish, ularga moddiy va metodik ko‘mak ko‘rsatish belgilangan. Bunda maqsad faqat o‘quvchini oliygohga yo‘naltirish emas, balki unda muhandislikka qiziqishni amaliy mashg‘ulotlar orqali uyg‘otish.
O‘quvchi laboratoriyaga kirishi, tajriba o‘tkazishi, biror qurilmani ishlatib ko‘rishi, o‘z qo‘li bilan natija yarata olishi kerak. Shundagina u kimyoni faqat imtihon uchun o‘rganiladigan fan emas, balki yangi mahsulot, yangi texnologiya va yangi imkoniyat yaratish vositasi sifatida anglay boshlaydi. Chunki bugungi zavodga kecha diplom olgan emas, bugungi texnologiyani o‘zlashtirgan va uni amalda qo‘llay oladigan mutaxassis kerak.
Yangiyerning muhandislar oliygohi ham aynan shunday tamoyilga — bilimni amaliyot bilan bog‘lashga tayanmoqda.
Marjona HAYITBOYEVA