Jamiyat taraqqiyotini, avvalo, insonga bo‘lgan munosabat belgilaydi. Inson qadrini ulug‘lash, uning huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, ayniqsa, alohida e’tibor va ko‘makka muhtoj fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash bugungi ijtimoiy siyosatning muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda ijtimoiy himoya tizimini takomillashtirish, aholiga ijtimoiy xizmatlarni manzilli va sifatli ko‘rsatish, nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Bugungi kunda Guliston shahrida 5260 nafar nogironligi bo‘lgan shaxs istiqomat qiladi. Shundan 317 nafari I guruh, 3795 nafari II guruh, 413 nafari III guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda 735 nafari bolalikdan nogironligi bo‘lgan bolalarni tashkil etadi.
Shahar bo‘yicha 129 nafar nogironligi bo‘lgan shaxs sportga jalb qilingan.
Guliston shahridagi mavjud sport maktablarida 44 ta sport guruhi tashkil etilgan bo‘lib, shundan 4 tasi 2026-yilda tashkil etilgan. Ushbu guruhlarga 226 nafar sportchi jalb qilingan, ulardan 31 nafari 2026-yilda ERP sport platformasiga kiritilgan. Sportchilarga 31 nafar trener, jumladan, 2026-yilda 4 nafar trener biriktirilgan.
Bundan tashqari, 5 tashabbus.uz platformasi orqali 736 nafar nogironligi bo‘lgan shaxs ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Ularning 347 nafari adaptiv sportning 13 turi bo‘yicha o‘tkazilgan musobaqalarda ishtirok etishi ta’minlangan.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 30-apreldagi 253-sonli qaroriga muvofiq, Guliston shahrida 2026-yilning 8 oyi davomida 208 nafar muhtoj shaxs reabilitatsiyaning texnik vositalari hamda protez-ortopediya mahsulotlari bilan ta’minlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 8-maydagi “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning bandligini ta’minlash tizimini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-85-sonli farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida 2025-yil 1-iyul kuni Vazirlar Mahkamasining 405-sonli qarori qabul qilindi.
Qaror ijrosini ta’minlash maqsadida markaz mutaxassislari tomonidan Guliston shahrida istiqomat qiluvchi nogironligi bo‘lgan shaxslar orasidan tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalarining tavsiyasiga asosan mehnatga layoqatli 2123 nafar shaxsning ro‘yxati shakllantirildi. Ular bilan suhbatlar o‘tkazilib, hamkor tashkilotlar bilan birgalikda bandligini ta’minlash choralari ko‘rilmoqda.
Jumladan, 2026-yilning 8 oyi davomida 166 nafar nogironligi bo‘lgan shaxs ish bilan ta’minlandi.
Bu orqali fuqarolarning ijtimoiy faolligini oshirish, ularni doimiy daromad manbai bilan ta’minlash hamda jamiyatda munosib o‘rin egallashlariga ko‘mak berilmoqda.
2026-yil davomida PTКK komissiyasining 4 marta, IPTK komissiyasining 3 marta yig‘ilishi o‘tkazildi. Ularda 154 nafar alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolani ta’lim-tarbiyaga qamrab olish yuzasidan xulosalar hamda 7 nafar ruhiy salomatligida buzilishlar bo‘lgan shaxsni tegishli xizmatlarga jalb etish maqsadida taqdimnomalar berildi.
Shundan 40 nafar bolaga umumta’lim maktablaridagi inklyuziv sinflarga, 6 nafariga “Nurli maskan” ixtisoslashtirilgan maktab-internatlariga, 39 nafariga 15-sonli ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim tashkilotiga, 12 nafariga 10-sonli ixtisoslashtirilgan maktab-internatiga va 57 nafariga «Kunduzgi parvarish xizmati»ga yo‘llanma berish bo‘yicha xulosa berildi.
Nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash — bu faqat ijtimoiy yordam ko‘rsatish emas. Bu ularning mustaqilligi, jamiyatdagi faol ishtiroki, ta’lim olishi, kasb egallashi, mehnat qilishi va o‘z imkoniyatlarini namoyon etishi uchun teng sharoit yaratish demakdir.
Zero, jamiyatning insonparvarligi undagi eng himoyaga muhtoj insonlarga bo‘lgan munosabatda namoyon bo‘ladi.
Inson qadri ulug‘langan yurtda har bir inson e’tiborda, har bir taqdir e’zozda va har bir imkoniyat qadrli.
Tohir SHOMIROV,
Guliston shahar “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi direktori
NOGIRONLIGI BO‘LGAN SHAXSLAR UCHUN YARATILAYOTGAN IMKONIYATLAR
Chop etilgan
25 сентябр, 2026
33
Teglar::