--

“BU YERDA ORZULAR YASHAYDI”

“BU  YERDA ORZULAR  YASHAYDI”
Chop etilgan 17 сентябр, 2026

Yaqinda Guliston shahridagi Prezi-dent maktabida poytaxtdan tashrif buyurgan bir guruh taniqli ijodkorlar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Mehmonlarni Prezident maktabi direktori Rustam Azamatov va bilim maskani jamoasi kutib oldi. Ushbu maktab haqidagi ilk tasav-vur maktab qoshidagi dutorchilar dastasi ijrosidagi dilbar ohanglar zavqi bilan bilan boshlandi.
Uchrashuvni O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari, jurnalist va shoir, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Minhojiddin Mirzo ochdi.
— Aziz o‘quvchilar, yutimizning barcha hududlarida, shu jumladan, Sirdaryo vohasida ham mustaqillikning 35 yilligi shukuhi davom etayotgan ayni kunlarda sizlar bilan uchrashib turganimizdan behad xursandmiz, — dedi Minhojiddin Mirzo. — Bugun bu yerda orzular yashayotganiga guvoh bo‘layapman, chunki har biringizning qalbingizda bir olam orzu va umid bor. Bu yerda ta’lim – tarbiya olayotgan 165 nafar o‘quvchi misolida kelajakni ko‘rayapmiz. Bugun biz — ijodkorlar bu yerga she’r o‘qish uchungina emas, sizlar bilan suhbatlashish, yutuqlaringiz, ijodingiz bilan tanishish uchun kelganmiz.
Uchrashuv tashkilotchilaridan biri, maktab direktorining ma’naviy – ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Mahbuba Qarshiyeva bilim maskani o‘quvchilari orasida adabiyotga, she’riyatga ixlosi baland bo‘lgan yoshlar borligi haqida to‘xtaldi. Shundan so‘ng so‘z olgan O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, shoira Muhtarama Ulug‘ova ustozlar haqida so‘z yuritdi va Vatan haqidagi she’rini o‘qib berdi.
Bugungi kunda bilim maskanlarida ta’lim olayotgan o‘quvchilar orasida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, taniqli shoira Zulfiya Mo‘minova qalamiga mansub bo‘lgan “Bolaga kitob bering” sarlavhali she’rni o‘qimagan, uni yoddan bilmaydiganlar bo‘lmasa kerak. Uchrashuvda ishtirok etgan Zulfiya Mo‘minova ushbu bitigini o‘quvchilar bilan birgalikda aytganida tadbir qatnashchilari oyoqqa qalqdilar.
Shuningdek, tadbirda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zolari Fozil Jabborov, Alisher Nur va boshqalar ham so‘zga chiqib, Vatan, mustaqillik mavzularidagi she’rlaridan aytdilar.
Prezident maktabi o‘quvchilari o‘zlari suygan taniqli shoirlarning she’rlaridan hamda o‘z ijod namunalaridan o‘qib berdilar.
Tadbir so‘ngida o‘quvchilar mehmonlar-dan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.
Xolida PARDABOYEVA

Teglar::