--

XALQ QALBIDA ASRALGAN SO‘ZLAR

XALQ QALBIDA ASRALGAN SO‘ZLAR
Chop etilgan 20 июля, 2026

Tomorqamizdagi shaftoli daraxti ostida o‘sgan atirgul boshqalardan farq qiladi. U himoyani his qilgandek yayrab-yashnaydi, iforini erkin taratadi. Ona tilimizda ham shunday so‘zlar bor – ular xalq tafakkuri va badiiy ijod bag‘rida asralgani uchun jozibador. O‘zbekiston xalq shoiri To‘ra Sulaymon she’rlari ana shu so‘zlarning jonli bo‘stonidir.
O‘z navbatida tilimizda shunday so‘zlar borki, ular nafaqat kundalik muomalada, balki ayrim hollarda keng iste’moldan chiqib borayotgan yoki lug‘atlarda qisman aks etgan bo‘ladi. Bu esa xalq tilining lug‘atlardan ham keng va serqirra ekanini ko‘rsatadi. Ana shu so‘zlar orqali biz ham o‘z tilimiz “iforini”, erkin baralla tarata olamiz.
To‘ra Sulaymon ijodida ana shunday kam qo‘llaniladigan, xalq tili va ayrim shevalarda saqlanib kelayotgan, ba’zan esa mualliflik-majoziy ma’no kasb etgan so‘zlar mahorat bilan qo‘llanganini kuzatish mumkin.
Shoir ijodining xalqchilligi shundaki, u xalq tilida mavjud, ammo kam qo‘llaniladigan so‘zlardan yuksak badiiy satrlar yarata oladi. Masalan, “Bo‘lmas” nomli she’rida to‘lan, “Yaxshi” sarlavhali she’rida xonazot, “Boshlama” va “Guldasta” she’rlarida yo‘rtoq atamalari ot turlarini ifodalash uchun qo‘llanilgan. Izohli lug‘atlarda faqat “yo‘rtoq” so‘ziga (O‘zbek tilining izohli lug‘ati. 6-jild. Toshkent: “Gʻafur Gʻulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi”, 2022. 320-bet. Manbada aynan To‘ra Sulaymonning “Qorasoch” dostonidan parcha asosida) sharh berilgan bo‘lsa-da, qolgan atamalar xalq dilida yashab kelmoqda.
Shoirning “Bo‘ston kezaman” sarlavhali she’rida esa, quyidagi misralar mavjud:
Cho‘l chekinar va lekin chekinmaklik menda yo‘q,
Na sho‘ri, na taftidan o‘kinmaklik menda yo‘q.
Sahro qaysarligiga cho‘qinmaklik menda yo‘q,
Tekin gulzor ishqida suqinmaklik menda yo‘q,
Shodon kun o‘tkazarman sho‘x jarang torim bilan.
Bu yerda “suqinmaklik” so‘zi fe’l asosida yasalgan mualliflik ot bo‘lib, har joyga, har ishga o‘zini suqish ma’nosini ifoda etadi. Bu shakldagi so‘z she’riy matnda kam uchraydigan va o‘ziga xos uslubiy ta’sirga ega birlik sifatida namoyon bo‘lib, shoir lirik qahramonining har qanday tayyor ne’matga suqilmaydigan, or-nomusli va mustaqil tabiatini ochib beradi. Chinakam shoir so‘zga jon bag‘ishlaydi. U oddiy tovushlar yig‘indisini yurakning titrog‘iga, inson ruhining aks-sadosiga aylantiradi. Shuning uchun ham ba’zi misralarni o‘qiganda ko‘z emas, avvalo qalb yig‘laydi.
Shoir ijodida ayrim so‘zlar lug‘atda qayd etilgan ma’nodan tashqari, mualliflik-majoziy ma’noda ham qo‘llaniladi. Masalan, “Jahongashta” nomli dostonidan olingan “Qaydasan?” parchasida
Bolamning ketidan bolam, deb edim,
Bog‘imda qulf urgan lolam, deb edim,
Buzilmas qo‘rg‘onim, qal’am, deb edim,
Sen bo‘lsang, bo‘lmagay nolam, deb edim,
Suqsurim, suluvim, so‘nam qaydasan?..
hamda “Yo‘qlov” sarlavhali she’rida
Nomlari tildan tushmas ustodim – o‘lmaganim,
Uchma qush bo‘lgan o‘g‘lim – yerga ko‘milmaganim...
Ko‘zi hali tuproqqa to‘lib ulgurmaganim,
Suyib, suyanguligim, so‘nam yotibdi bunda...
deya nola chekadi. Bu she’rlarda uchraydigan “so‘nam” so‘zi izohli lug‘atda “so‘na” shaklida keltirilib, hasharot va ayrim qush turlarini anglatuvchi so‘z sifatida izohlangan (Yuqoridagi manba. 4-jild. 807-bet).
Biroq mazkur she’rlarda u farzand obraziga ko‘chirilib, mehr, dard va yo‘qotish ramzi sifatida qo‘llanilgan. Farzandni yo‘qotgan ota yoki onaning iztirobini ba’zan yuzlab jumlalar ham ifodalay olmaydi. Ammo shoirning birgina “so‘nam” degan murojaati yurakning eng nozik torlarini chertadi. Chunki bu so‘zda sog‘inch ham bor, armon ham bor, qaytmaydigan vaqt oldidagi insonning ojizligi ham mujassam.
Shoir ijodining o‘ziga xosligi shundaki, u oddiy va xalqona so‘zlar orqali chuqur falsafiy mazmunni ifoda etadi. Ixchamgina she’rda butun bir hayot manzarasi, inson, jamiyat va tabiat uyg‘unligi aks etadi. Shoir so‘zlarni turli ma’no qirralarida jilolantira oladi va shu orqali o‘quvchida ona tilimiz boyligiga nisbatan qiziqish uyg‘otadi.
To‘ra Sulaymonning she’rlari xalq tili qatlamlarida saqlanib kelayotgan ko‘plab so‘zlarning badiiy hayotda yashashda davom etayotganini ko‘rsatadi. Bu boylikni asrab-avaylash, uni kelajak avlodlarga sof, go‘zal, jozibador holda yetkazish esa barchamizning burchimizdir.
Bahrom BOYMURODOV

Теги::