--

JONLI TOMOŞA ZAVQI

JONLI TOMOŞA ZAVQI
Chop etilgan 6 ноября, 2026

Bugun telefonimzidagi birgina tugmani bosiş orqali istalgan kino yoki videoni tomoşa qiliş imkoniyatiga egamiz. Globallaşuv va texnologiyalar davri başariyat ahliga şunday beqiyos qulayliklarni taqdim etdi. Nega şunça qulay-liklardan voz keçgan holda, çipta sotib olib teatrga borişimiz kerak? Negaki u – tirik!
U şunçaki katta zal, çiroqlar örnatilgan şift, ulkan qizil pardalar va sahna qarşisidagi örindiqlardan iborat emas. Bu dargoh – millat közgusi. Unda tarix jonlanadi, kelajak va jamiyat muammolari sahnada böy körsatadi. U insonni har doim özligini anglaşga hamda ezgulikka çorlaydi.
Çunonçi, teatrning bu “tirik” jozibasi nafaqat tomoşabinlarni, balki aktyorning özini ham “mast” qilib qöyadi. Tomoşabinlar faqatgina çiroqlar öçgaç hukmron böladigan zim-ziyolikni hamda pardalar oçilişi bilanoq boşlanadigan spektaklni körişadi. Lekin sahna ortidaçi? Aktyorlar har bir sahna körinişining kölamiga qarab, haftalab, hatto oylab uyqusiz tunlarni boşdan keçirişadi. Yod olingan dialoglar, ssenariy matnlari qayta-qayta takrorlanadi. Bu jarayonda ularning oila a’zolari eng birinçi tomoşabinlarga aylanişadi. Ular aktyorning heç qanday grimsiz, bezaklarsiz holatida ham mahoratini baholovçi ilk muxlislaridir.
Spektakl boşlanişiga qadar ular ustozlaridan duo olib, “Yuzimiz yoruğ bölsin”, deyişadi. Hayajonni bosiş uçun çuqur nafas olib, ikki yuziga sekin urib qöyişadi. Sahnaga çiqiş oldidan buyrak usti bezlari qonga öta yuqori miqdorda adrenalin va “stress gormoni” bölmiş kortizol moddasini işlab  çiqaradi. Bu moddalar tomirlarni qisqartirib, yurak urişini daqiqasiga 100-110 taga yetkazadi. Ikki soatlik spektakl davomida aktyor göyoki oğir jismoniy jangga kirgandek yoki bir neça kilometrlik marafonni yugurib ötgandek energiya sarflaydi. Tana omon qoliş rejasi bilan işlayotgan bir paytda, aktyor özining haqiqiy şaxsiyatini, ismini va barça ğamtaşvişlarini unutib, sahnada butunlay özgaça bir insonning qismati bilan yaşay boşlaydi. Hatto yetti yot begona bölgan hamkasbining boşini silab, çin dildan “bolam”, deya oladi.
Tirik sahnaning örnini heç qaysi virtual olamdagi tomoşalar egallay olmaydi. Qaysidir ma’noda ommalaşişi mumkin, ammo undagi zavq-u şavqni, yaşira olmay gulduros qarsak-larni çalişdagi hislarni ijtimoiy tarmoqlar bera olmaydi. Aynan mana şunday halol, jonli mehnat va betakror hayajonni his qiliş uçun ham teatrga borişga, u yerda tirik san’at bilan birga nafas olişga arziydi.
 Aziza ŞODMONQULOVA,
Halima Xudoyberdiyeva nomidagi ijod maktabi
“Yoş ijodkorlar” tögaragi a’zosi

Теги::