--

Endi gap ko‘chat ekishda emas, uni asrab qolishda

Endi gap ko‘chat ekishda emas, uni asrab qolishda
Chop etilgan 10 октября, 2026

“Yashil makon” umummilliy loyihasini yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan yangi vazifalar koʻkalam-zorlashtirishga boʻlgan yonda-shuvni oʻzgartirmoqda.

Joriy yilning 23-sentyabr kuni Prezidentimiz tomonidan “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirishda mahallalar rolini kuchaytirish va hududlarning yashillik darajasini tubdan oshirishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-206-sonli Farmoni imzolandi.

Hujjatda koʻkalamzorlashtirish ishlari faqat mavsumiy ravishda koʻchat ekish bilan cheklanmasligi, balki har bir hududning ehtiyojidan kelib chiqqan holda rejalashtirilishi, moliyalashtirilishi, raqamli nazorat qilinishi va jamoatchilik ishtirokida amalga oshirilishi nazarda tutil-gan.  Bu, avvalo, “koʻchat ekildi — vazifa bajarildi” degan yondashuvdan voz kechish zarurligini anglatadi. Chunki ekologik samara koʻchatlar soni bilan emas, ularning qanchasi rivoj olib, yillar davomida sogʻlom oʻsishi bilan belgilanadi.

Farmonning muhim jihatlaridan biri — “3-30-300” xalqaro stan-dartini joriy etish. Unga koʻra, har bir inson uchun uchta daraxt, 30 foiz daraxt soyasi va 300 metr atrofida yashil hudud boʻlishini ta’minlash koʻzda tutilmoqda. Bu talabni oddiy raqamlar yigʻindisi sifatida emas, balki shaharsozlik va mahalla muhitini qayta koʻrib chiqish vazifasi sifatida baholash lozim.

Masalan, mahallada koʻchat ekish uchun boʻsh joy topishning oʻzi yetarli emas. Daraxt qaysi turda boʻladi? Uning iqlim va tuproq sharoitiga mosligi qanday? Suv bilan ta’minlash imkoniyati bormi? Kelgusida uni parvarish qilish uchun kim mas’ul boʻladi? Piyodalar yoʻlaklari, avtomobil yoʻllari va kommunikasiyalar bilan bogʻliq masalalar qanday hal etiladi?

Ana shu savollarga oldindan javob berilmas ekan, katta miqdorda koʻchat ekishning oʻzi kutilgan ekologik natijani bermasligi mumkin.

Shuningdek, 2026-yil kuz mavsumida viloyat hududlarida jami 9 million 536,4 ming tup koʻchat va qalamcha ekish rejalashtirilgan.

Bu raqamning oʻziyoq ish koʻlamini koʻrsatib turibdi. Rejaning eng katta qismi  5 million 235 ming tup koʻchat qishloq va suv xoʻjaligi sohasi hisobiga toʻgʻri keladi. Ijtimoiy sohaga 1 million 851,8 ming tup, qurilish sohasiga 1 million 422,6 ming tup, iqtisodiy sohaga esa 468 ming tup koʻchat belgilangan.

 Bundan tashqari, viloyat boshqarma va tashkilotlari tomonidan 1 million 873 mingta koʻchat ekish rejasi tasdiqlangan. Biroq reja bilan uni amal-ga oshirish imkoniyati oʻrtasida hali jiddiy farq bor.

Ayni paytda viloyatda 1 million 223,8 ming tup, ya’ni umumiy rejaning 12,8 foiziga teng koʻchat zaxirasi yaratilgan. Demak, rejani toʻliq bajarish uchun yana 8 million 312,6 ming tup koʻchat talab etiladi.

Bu raqamlar mas’ul tashkilotlar oldida turgan vazifaning naqadar katta ekanini koʻrsatadi. Farmonga muvofiq 1-oktyabrdan boshlab yashil hududlarni belgilash, yerlarni tayyorlash, koʻchat va butalar zaxirasini shakllantirish ishlari yoʻlga qoʻyilishi kerak.

Viloyatda koʻchat ekish tadbirlarini 10-noyabrdan boshlash belgilanganini hisobga olsak, oldinda turgan vaqtdan samarali foydalanish muhim.

Aks holda koʻchatlar soni koʻpaygani bilan ularni saqlab qolish uchun sarflanadigan suv va mablagʻ miqdori ham ortib borishi mumkin.

Farmonga muvofiq viloyatimizda  2030-yilga qadar  18 ta yashil bogʻlar tashkil etish vazifasi belgilangan.

Yana bir muhim maqsad  2030-yilga qadar har bir tuman va shaharda kamida 5 tadan, umumiy uzunligi 10 kilometrdan kam boʻlma-gan soyali sayr koʻchalarini tashkil qilish.

Bu vazifalar shahar va tumanlarning qiyofasini oʻzgartirish bilan birga aholi uchun piyoda yurish, dam olish va ochiq havoda vaqt oʻtkazish imko-niyatlarini ham kengaytiradi. Biroq bu yerda ham asosiy mezon faqat obyektlar soni emas, ularning aholi uchun haqiqiy foyda keltirishi boʻlishi kerak. Yangi yondashuvning eng muhim tomoni — mahallaning roli kuchayishi.“Yashil mahalla” loyihasi, “Mahallani yashillashtirish” paketi, hududlar kesimida “Yashil dastur”larni ishlab chiqish, “Yashil lot” tizimi, mikrooʻrmonlar va “Yashil sun’iy intellekt” platformasi kabi mexanizmlar orqali koʻkalamzorlashtirish jarayonida davlat idoralari bilan bir qatorda aholining ham ishtiroki kuchaytiriladi. Bu amaliyotda har bir mahalla oʻz hududining ekologik holatiga e’tibor qaratishi, muammoli nuqtalarni aniqlashi va yashil hududlarni saqlashda bevosita ishtirok etishiga zamin yaratadi.

Aslida  daraxtni ekishdan koʻra, uni asrab qolish koʻproq mehnat talab qiladi. Shuning uchun mahallada “kim ekishi kerak?” degan savol bilan birga “kim parvarish qiladi?” degan masala ham aniq belgilanishi zarur.

“yashil makon”ning birinchi shartiga ko‘ra, 1-oktyabrdan respublikada tozalik va ozodalik boʻyicha ikki oylik tadbir oʻtkazilishi ham bejiz emas.

Ariq, zovur va kanallarni chiqindilardan toza-lash, aholi yashash joylari, mahallalar, koʻp qavatli uylar atrofi, ijtimoiy obyektlar, avtomobil yoʻllari va boshqa jamoat joylarini obodonlashtirish bilan birga maishiy va qurilish chiqindilarini oʻz vaqtida olib chiqib ketish belgilangan. Ayniqsa, kuzgi koʻchat ekish mavsumi oldidan yerlarni tayyorlash, sugʻorish tizimlarini yaratish va zarur agrotexnik tadbirlarni amalga oshirish koʻchatlarning keyingi taqdirini belgilaydi.

Demak, tozalik va koʻkalamzorlashtirishni bir-biridan ajratib boʻlmaydi. Chiqindiga toʻlgan, suvi oqmaydigan yoki qarovsiz hududda barqaror yashil muhit yaratish qiyin.

“Yashil makon”ning yangi bosqichida eng muhim vazifa raqamlarni bajarish emas, balki raqamlar ortida real ekologik natija yaratishdir.

9,5 million tupdan ortiq koʻchat ekish bu  katta maqsad. Ammo uning haqiqiy samarasi bir necha yildan keyin namoyon boʻladi. Qancha koʻchat rivoj oldi? Qanchasi qurib qoldi? Qaysi hududda yashillik darajasi oshdi? Suvdan qanchalik tejamkor foydalanildi? Aholi uchun qancha yangi yashil hudud paydo boʻldi? Ana shu savollarga javob beradigan nazorat tizimi “Yashil makon”ning natijadorligini belgi-laydi. Albatta, bu masalalar jamoat vakillari hamda  OAV vakillari kuzatuvida ham boʻladi. 

Zero, bugun ekilgan har bir daraxt  ertangi kunning soyasi, toza havosi va ekologik barqarorligi demakdir.

Xurshida NISHONOVA

Xurshida NISHONOVA
Xurshida NISHONOVA
BO‘LIM MUHARRIRI
Теги::