--

“100 KITOB HAQIDA KITOB”

“100 KITOB HAQIDA KITOB”
Chop etilgan 7 октября, 2026

Yoshlarning qanday kitobni tanlashida yaqin maslahatchi

Bugun nima ko‘p, kitob ko‘p. Kutubxonalaru kitob do‘konlarining javonlari turfa kitoblar bilan to‘la. Mutolaani taomilga aylantirish yo‘lida turgan yosh o‘qirmanlarning oldida “qanday kitob-larni o‘qisam ekan?”, degan bir savol ko‘ndalang bo‘lib turadi. Chunki kitob tanlashda ham gap ko‘p. Ingliz yozuvchisi Genri Fildingning yaxshi bir gapi bor: “Yomon kitoblar xuddi yomon do‘stlarga o‘xshab kishini buzadi”. Yoshlar ana shu xavfdan ehtiyot bo‘lishlari kerak. Albatta, mazkur yo‘nalishda yosh kitobxonlarga ota-onalari, o‘qituvchilari yaqindan yordam berishadi.
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi yosh kitobxonlarga yordam berish maqsadida yangi loyihani boshladi. “Ma’naviyat” nashriyotida
“100 kitob haqida kitob” deb nomlangan to‘plamni nashrdan chiqardi. Kitob markaz rahbari Otabek Xasanovning “Millat ilm va mutolaa bilan taraqqiy etadi” so‘zboshisi bilan ochiladi. Unda shunday so‘zlar bitilgan: “Kitobxonlik madaniyati — bu faqat o‘qish emas, balki tanlash, anglash, solishtirish va eng muhimi, tafakkur qilish madaniyatidir”.
Kitobning antiqaligi shundan iboratki, unda yosh kitobxonlar o‘qishi shart bo‘lgan 100 ta kitob tavsiya qilinadi. Har bir kitobni o‘qirman teranroq tushunishi uchun qo‘sh sahifada “Kitobning qisqa-cha mazmuni”, “Asarning o‘quvchiga beradigan ma’naviy ozuqasi” hamda “Asar yuzasidan savollar” maqolalari orqali atroflicha ma’lumot berilgan. Bu ma’lumotlar o‘qirmanni o‘zi tanlagan kitoblarni tushunib mutolaa qilishga chorlaydi. Har bir qo‘sh sahifada tavsiya etilayotgan kitob-ning rasmi, kitob haqida qisqacha ma’lumot (kitob nomi, muallifi, qaysi alifboda (kirill yoki lotin) bitilgani darj etilgan. Ilk tavsiya etilgan ikki kitob Prezidentimizning “Hozirgi zamon va Yangi O`zbekiston” hamda “Yangi O‘zbekiston strategiyasi” kitoblaridir.
So‘ngra o‘zbek, qardosh xalqlar va jahon adbiyotining durdona asarlari haqida ma’lumotlar beriladi. Tavsiya qilingan asarlar orasida Sohibqiron Amir Temur, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Alixonto‘ra Sog‘uniy, Abdulla
Qodiriy, Cho‘lpon, Abdulla Qahhor, Maqsud Shayxzoda, Mirkarim Osim, Said Ahmad, Asqad
Muxtor, Odil Yoqubov, Pirimqul Qodirov, Shuhrat,
Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Shukur Xolmir-zayev, O‘lmas Umarbekov, O‘tkir Hoshimov, Murod Muhammad Do‘st, Erkin A’zam, Xurshid Davron, Tog‘ay Murod, Nazar Eshonqul kabi milliy adabiyotimiz namoyandalari asarlari, Sa’diy Sheroziy, Ibn Arabshoh, Rui Gonsales de Klavixo, Arminiy Vamberi, Lev Tolstoy, Fyodor Dostoyevskiy, Chingiz Aytmatov, Erix Mariya Remark kabi qardosh xalqlar va jahon adabiyoti vakillarining asarlari bor.
Kitobning ichki bezagi nihoyatda ko‘rimli. To‘plam “Ma’naviyat” nashriyotida 3 000 nusxada chop etilgan.
Mamlakatimiz Prezidentining kitob zarvara-g‘idagi ushbu purma’no aytimi butun millatimizni kitobxonlikka chorlaydi. “Insoniyat dunyosining buyuk bir mash’alasi, ma’naviyat chirog‘i bor. Bu chiroqning boshqalardan farqi shuki, u insoniyat ongi va tafakkurini yoritadi, qalbi, vijdonini uyg‘otadi, odamiylik hissini kuchaytiradi. Bugun O‘zbekistonning yangi Uyg‘onish davrini yaratishga kirishgan ekanmiz, har bir yurtdoshimizning qalbi va ongida ana shunday ma’naviyat shu’lasi porlashi va u bizni ezgu ishlarga undab, yuksak mas’uliyat tuyg‘usi bilan yashashga da’vat etishi zarur”.
Topib aytilgan fikr.
M. AHMEDOV

Теги::