--

KADRLAR MALAKASI OSHYAPTI. NATIJA-CHI?

KADRLAR MALAKASI OSHYAPTI. NATIJA-CHI?
Chop etilgan 7 октября, 2026

Davlat xizmatchisi uchun bilim va malaka — shunchaki shaxsiy ustunlik emas. Bu, avvalo, fuqaroga ko‘rsatilayotgan xizmat sifati, qabul qilinayotgan qarorning asosliligi va boshqaruv samaradorligida namoyon bo‘ladi. Shu nuqtayi nazardan qaraganda, kadrlar salohiyatini oshirish masalasi har qanday hudud, xususan, Guliston shahri uchun ham dolzarb vazifalardan biridir.
Bugun davlat xizmatchisi o‘zgarib borayotgan talablar bilan birga o‘zini ham yangilab borishi kerak. Yangi texnologiyalar, raqamli xizmatlar, zamonaviy boshqaruv usullari, aholi bilan muloqot madaniyati, tahliliy yondashuv — bularning barchasi uning kundalik faoliyatida aks etishi lozim.
Guliston shahar hokimligida bu yo‘nalishda muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Xodimlar uchun seminar, trening va master-klasslar tashkil etilib, respublika darajasidagi davlat organlari va tashkilotlar bilan tajriba almashishga ham e’tibor qaratilmoqda.
Ammo o‘tkazilgan seminar va treninglar xodimning ish uslubini qay darajada o‘zgartiryapti?
Zero, malaka oshirishni tadbirlar soni bilan o‘lchab bo‘lmaydi. Bir yilda qancha seminar o‘tkazilgani emas, undan keyin xodim qanday ishlay boshlagani muhim. Fuqaroning murojaatiga tezroq va aniqroq javob berildimi? Qaror qabul qilishda tahlil kuchaydimi? Ortiqcha qog‘ozbozlik qisqardimi? Muammoning sababi o‘rganilib, uni bartaraf etish bo‘yicha taklif berildimi?
Aslida, kadrlar bilan ishlashda asosiy mezon ham shu bo‘lishi kerak. Masalan, yangi texnologiyalar bilan tanishgan xodim ulardan amaliyotda foydalanmasa, treningning samarasi qog‘ozda qolib ketadi. Zamonaviy boshqaruv usullari o‘rganilgan bo‘lsa-yu, qaror qabul qilishda avvalgi yondashuv saqlanib qolsa, bu bilimning amaliyotga ta’siri sezilmaydi. Tajriba almashishdan maqsad ham shunchaki boshqa tashkilotlar faoliyati bilan tanishish emas, balki eng yaxshi usullarni o‘z ishiga tatbiq etishdir.
Rahbar xodimdan faqat topshiriqni bajarishni emas, mustaqil fikrlashni, taklif berishni, muammoni oldindan ko‘ra bilishni talab qilishi ham kerak. Chunki zamonaviy davlat xizmatida ijrochining tezkorligi bilan bir qatorda, uning tahliliy fikrlashi va mas’uliyati ham muhim.
Kadrlar salohiyatini oshirish masalasida yana bir jihat bor. Barcha xodimlarni bir xil dastur asosida o‘qitishdan ko‘ra, ularning vazifasi va ehtiyojiga qarab yondashish samaraliroq. Bugungi xodimga raqamli texnologiyalar bo‘yicha bilim kerak bo‘lsa, boshqasiga aholi bilan muloqot, yana biriga loyihalarni boshqarish yoki tahliliy hujjat tayyorlash ko‘nikmasi zarur bo‘lishi mumkin.
Gulistonning ertangi qiyofasi, avvalo, bugun qabul qilinayotgan qarorlarga bog‘liq. Qarorlarni esa odamlar qabul qiladi. Shu ma’noda, kadrga kiritilgan sarmoya — shahar kelajagiga kiritilgan sarmoyadir.
Kadrlar malakasi oshyapti. Endi bu o‘zgarish fuqaroning hayotida, xizmat sifatining oshishida va shahar boshqaruvida qay darajada ko‘rinadi? Masalaning eng muhim mezoni ham shu.
Abdulrazoq Quvatov,
Guliston shahar hokimining maslahatchisi

Теги::