--

Salqinlikni Zomindan emas,  hovlimizdan izlaylik

Salqinlikni Zomindan emas,  hovlimizdan izlaylik
Chop etilgan 8 August, 2026

Afsuski, ayrim hollarda ko‘chat ekish bilan ish tugadi, deb o‘ylaymiz. Vaholanki, ekish — birinchi qadam, uni asrash esa asosiy vazifadir. Suv berilmagan, parvarish qilinmagan niholdan ertangi kun uchun soya ham, naf ham kutish qiyin. Shu bois har bir mahallada, har bir tashkilotda va har bir xonadonda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ekilgan ko‘chatlarni vaqtida parvarish qilishga jiddiy ahamiyat berishimiz lozim.

Bugun 42–45 darajali jazirama issiq ko‘pchilik uchun odatiy holdek qabul qilinmoqda. Ammo aslida bu oddiy issiq emas. Mutaxassislar bunday keskin harorat ko‘tarilishlarini iqlim o‘zgarishlari bilan bog‘liq harorat anomaliyasi sifatida baholamoqda.

Issiq kunlarda inson tabiiy ravishda salqin va bahavo maskanlarga intiladi. Ayniqsa, Zomin tog‘larining musaffo havosi, quyuq daraxtzorlari, sharsharalari va betakror tabiati tanga orom bag‘ishlaydi. Chunki u yerda inson tabiat bilan uyg‘unlikda yashaydi, har bir daraxt esa salqinlik va hayot manbai sifatida namoyon bo‘ladi.

Ammo nega biz salqinlikni faqat tog‘lardan izlashimiz kerak? Nega o‘zimiz yashayotgan mahalla, ko‘cha va hovlilarni ham ana shunday bahavo maskanlarga aylantirishga harakat qilmasligimiz kerak?

Axir bugun ekilgan har bir ko‘chat — ertangi kun uchun soya, toza havo va sog‘lom muhit demakdir.

Tabiat insonga yashash uchun barcha ne’matlarni bergan. Biroq yillar davomida yashil hududlarning qisqarishiga, daraxtlarning kamayishiga o‘zimiz sababchimiz-ku. Quyosh nurini kun bo‘yi yutib olgan asfalt va beton kechasi ham issiqlik tarqatib, havo haroratining yanada yuqori sezilishiga sabab bo‘lmoqda.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, katta shox-shabbali bir daraxt atrof-muhit haroratini pasaytirish, havoni tozalash va namlikni saqlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Daraxtlar havodagi chang va zararli moddalarni ushlab qoladi, kislorod ishlab chiqaradi, inson salomatligi uchun qulay mikroiqlim yaratadi.

Demak, daraxt — shunchaki ko‘kalamzorlik emas. U inson salomatligi, kelajak avlodning farovon hayoti va tabiat muvozanatining kafolatidir.

Ko‘cha bo‘ylariga, hovlilarga, bo‘sh yerlarga ekilgan har bir manzarali va soya beruvchi daraxt yillar o‘tib nafaqat uni ekkan insonga, balki butun jamiyatga xizmat qiladi.

Iqlim o‘zgarishi global muammo bo‘lishi mumkin. Ammo uning ta’sirini kamaytirish har birimizning oddiy, ammo mas’uliyatli harakatlarimizdan boshlanadi. Bir tup daraxt ekish, uni parvarish qilish va yashil hududlarni asrash — kelajak uchun qilingan eng savobli ishlardan biridir.

Adolat AHMADJANOVA

Adolat AHMADJANOVA
Adolat AHMADJANOVA
MUXBIR
Тегlar::