Qo‘g‘irchoqlar tili — bolalar tushunadigan eng samimiy va ta’sirchan tildir. Sahnada gapirayotgan har bir qahramon kichkintoyga yaxshilik va yomonlik o‘rtasidagi farqni sodda, ammo unutilmas tarzda o‘rgatadi.
Teatr — bu shunchaki sahna emas. U inson qalbini ezgulikka chorlaydigan, yaxshilik va yomonlik, haqiqat va yolg‘on o‘rtasidagi chegarani anglatadigan, fikrlashga, mulohaza qilishga undaydigan hayot maktabidir. Ayniqsa, bolalikda teatr bilan tanishgan farzandning dunyoqarashi, ma’naviy olami va kitobga mehri butunlay boshqacha shakllanadi.
Ana shunday ezgu maqsadlar yo‘lida Sirdaryo viloyati musiqali drama teatrida yana bir quvonarli voqea yuz berdi. Viloyat tarixida ilk bor qo‘g‘irchoq teatri o‘z eshiklarini tomoshabin bolajonlar uchun ochdi. Bu nafaqat madaniy hayotdagi muhim yangilik, balki kelajak avlod ma’naviyatiga qaratilgan muhim qadam sifatida ahamiyat kasb etadi.
Ma’lumki, Sirdaryo viloyati musiqali drama teatri 1984-yilda foydalanishga topshirilgan. Bino tarkibida qo‘g‘irchoq teatri uchun alohida mini zal ham qurilgan bo‘lsa-da, shu kungacha undan amalda foydalanilmagan.
— Teatrimizda qo‘g‘irchoq teatri
uchun maxsus joy avvaldan mavjud edi— deydi teatr aktyori Qandiyor Rustamov.— Ammo u yillar davo-mida ishlatilmagan. Teatrga Dilmurod Tojiboyev rahbar bo‘lib kelgach, shu kungacha yig‘ilishlar o‘tkaziladigan mini zal to‘liq qayta ta’mirlandi. Zamonaviy sahna jihozlari, yoritish tizimlari o‘rnatilib, u qo‘g‘irchoq teatri talablariga mos holga keltirildi.
Yangi sahnaning ilk namoyishi sifatida bolajonlarga bag‘ishlangan “A’lochilik siri” spektakli namoyish etildi. Asarning mazmuni sodda bo‘lsa-da, unda chuqur hayotiy g‘oyalar mujassam. Har bir insonning jamiyatda o‘z o‘rni va vazifasi borligi, turli sinovlardan faqat bilim, kitob va ezgulik orqali munosib o‘tish mumkinligi ta’sirchan obrazlar orqali yoritilgan.
— Qo‘g‘irchoq teatrini tashkil etish va
sahna asarlarini tayyor-lash uchun jamoamiz 51-mavsum ta’tiliga qaramasdan sidqidildan mehnat qildi, — deydi Sirdaryo viloyati musiqali drama teatri direktori Dilmurod Tojiboyev. — Biz teatr orqali yosh avlod qalbiga ezgu g‘oyalarni singdirishni maqsad qilganmiz. Yaqin kunlarda bolajonlar uchun “Maymunjonli tort” spektaklini ham sahnalashtirishni rejalashtirganmiz.
Bugun axborot texnologiyalari va qo‘l telefoni hayotimizning ajralmas qismiga aylangan bir paytda teatrning tarbiyaviy ahamiyati katta ekanligini chuqur anglamog‘imiz lozim.
Qo‘g‘irchoq spektakllari bolani nafaqat zavqlantiradi, balki uni mustaqil fikrlashga, kitobga mehr qo‘yishga, mehnatsevarlik va halollik kabi insoniy fazilatlarni qadrlashga o‘rgatadi. Bu esa hech qanday elektron qurilma bera olmaydigan ma’naviy ta’sirdir.
Afsuski, bugun oramizda qachon oxirgi marta teatrga borganini eslay olmaydiganlar ham talaygina. Holbuki, teatr insonni kundalik tashvishlardan bir muddat uzoqlashtirib, uni hayot haqida chuqurroq mushohada qilishga undaydi. Sahnadagi har bir voqea, har bir obraz tomoshabinni o‘z hayotiga nazar tashlashga, xulosa chiqarishga chorlaydi.
Viloyatda ilk qo‘g‘irchoq teatrining ish boshlashi madaniy hayotimizdagi muhim voqeadir. Bu maskan bolalar uchun nafaqat qiziqarli dam olish joyi, balki ularning qalbiga ezgulik urug‘ini qadaydigan, ma’naviy kamolot sari yetaklaydigan tarbiya maktabiga aylanishiga ishonamiz.
Xurshida NISHONOVA
EZGULIK TARBIYASI —QO‘GʻIRCHOQLAR TILIDA
Chop etilgan
6 August, 2026
3
Тегlar::