Inson qadrini uluğlaş, unga ğamxörlik körsatiş bilangina emas, balki qobiliyatini yuzaga çiqariş, mehnatini qadrlaş va mustaqil hayotga intilişiga kömaklaşiş bilan ham namoyon böladi. Yangiyer şahridagi nogironligi bölgan şaxslar uçun ayollar “Ğamxörlik” markazida ana şu ezgu maqsad yölida işlar olib borilmoqda. Jamiyatning insonparvarligi, avvalo, kömak va qöllab-quvvatlaşga muhtoj insonlarga bölgan munosabatida namoyon böladi. Zero, har bir inson, uning jismoniy imkoniyatlari va hayotiy şaroitidan qat’i nazar e’tibor, mehr va munosib yaşaşga haqli.
Şahardagi nogironligi bölgan şaxslar markazida bugungi kunda 151 nafar ayol istiqomat qiladi. U yerda ularning kundalik parvarişi, tibbiy va ijtimoiy ehtiyojlarini ta’minlaş, ruhiy qöllab-quvvatlaş hamda jamiyatga moslaşişiga kömaklaşişga alohida e’tibor qaratilgan. Markaz faoliyatining muhim yönalişlaridan biri vasiylikka olingan ayollarning qiziqişi va qobiliyatlarini rivojlantiriş, ularga kasb-hunar örgatiş orqali ijtimoiy faolligini oşirişdir.
Ayni paytda 48 nafar ayol turli mehnat maşğulotlariga jalb etilgan. Jumladan, 5 nafar ayol töquvçilik va tikuvçilik, 4 nafari kaşta tikiş, 4 nafari uruğlardan turli san’at buyumlari yaratiş, 6 nafari pazandaçilik bilan
şuğullanadi. Şuningdek, 4 nafar ayol issiqxonada, 4 nafari parrandaçilik yönalişida faoliyat olib boradi. Gipsdan mahsulotlar yasaş va mozaika yaratiş böyiça 5 nafardan, dekorativ gullar tayyorlaş bilan 6 nafar, gulçilik bilan esa 5 nafar ayol band. Bu kabi maşğulotlar şunçaki vaqtni mazmunli ötkaziş vositasi emas, balki ayollarning qöl mehnatiga qiziqişini oşiriş, yangi könikmalarni egallaş, öziga bölgan işonçini mustahkamlaş va jamoaga moslaşiş uçun xizmat qiladi. Inson öz qöli bilan biror buyum yaratib, mehnati natijasini körganida öz imkoniyatlarini yanada çuqurroq anglay boşlaydi.
Markazda ayollarni mustaqil hayotga tayyorlaşga ham e’tibor qaratilmoqda. Hozirda 10 nafar ayol kiçik “Huzur” uylariga joylaştirilib, mentorlar kömagida mustaqil yaşaş könikmalarini özlaştirmoqda. Ularga kundalik yumuşlarni bajariş, öziga xizmat körsatiş va atrofdagilar bilan muloqot qiliş böyiça amaliy yordam berilmoqda. Yil davomida ayollarning holidan xabar oliş uçun kelgan ota-onalari va yaqinlari uçraşişlari, zaruratga köra esa, videomuloqot orqali suhbatlaşişlari mumkin. Çunki yaqinlar bilan aloqa insonning ruhiy holati va hayotga bölgan işonçini mustahkamlaşda muhim örin tutadi.
Markazda istiqomat qilayotgan ayollarning har biri öziga xos hayot yöli, keçinmalari va qiziqişlariga ega. Ularning hayot tarziga nazar taşlar ekanmiz, inson uçun mehr bilan birga e’tibor va imkoniyat ham naqadar zarurligini çuqurroq his etamiz.
Farida Esirgapova (ism-şariflar şartli) 1982-yilda Toşkent şahrining Yunusobod tumanida tuğilgan. U 2017-yildan buyon mazkur markazda yaşab kelmoqda. Farida opa kabi u yerda istiqomat qilayotgan ayollar uçun yaratilgan şaroitlar, kundalik parvariş va ijtimoiy qöllab-quvvatlaş alohida ahamiyatga ega. Şu bilan birga ularning şaxsiy qiziqişlarini örganiş, qobiliyatlarini rivojlantiriş va hayotda özlarini namoyon etişlari uçun imkoniyat yaratiş ham birdek kerak. Insonning hayoti faqat bugungi ehtiyojlari bilan çeklanmaydi. Uning istaklari, yaqinlari bilan munosabati va ertangi kunga bölgan umidi ham bor. Şu bois har bir yaşovçiga individual yondaşiş, uning fikri va ehtiyojlarini inobatga oliş markaz faoliyatining muhim mezonlaridan biri bölişi lozim. Farida opaning hayoti ham bizni ana şu jihatlar haqida öylaşga undaydi.
Markazdagi mehnat maşğulotlari ayollarning qobiliyatini yuzaga çiqariş uçun muhim imkoniyatdir. Biroq bu jarayonning samarasi faqat hunar örgatiş yoki turli buyumlar tayyorlaş bilan çeklanib qolmasligini şaroit taqozo qiladi.
Taşrifimiz davomida markazda ayollar tomonidan tikilgan, yasalgan va qöl mehnati orqali yaratilgan mahsulotlar e’tiborimizni tortdi. Ammo kuzatuv-larimizga köra, uşbu buyumlar ança vaqtdan buyon auksionga qöyilmagan va sotuvga çiqarilmagan. Vaholanki tayyorlangan mahsulotlarni körgazmalarda namoyiş etiş, sotuvga yaroqlilarini qonuniy va şaffof tartibda realizatsiya qiliş imkoniyatlarini körib çiqiş mumkin. Bu ayollarning mehnatini qadrlaş, ularni rağbatlantiriş va maşğulotlarning amaliy samarasini oşirişga xizmat qilgan bölardi.
Markaz binosining ayrim holatlari ham alohida e’tibor talab
qiladi. Taşrif davomida közga taşlangan kamçiliklar yaşaş şaroitlarini yanada yaxşilaş, binoning holatini mutaxassislar iştirokida örganiş va zarur ta’mirlaş işlarini rejalaştiriş muhimligini körsatadi. Albatta, markazda olib borilayotgan işlar, xodimlarning mehnati va ayollar uçun yaratilgan imkoniyatlarni e’tirof etiş zarur. Şu bilan birga mavjud kamçiliklarni ham oçiq körib çiqiş va ularni bartaraf etiş çoralarini belgilaş lozim. Zero, ğamxörlik bu nafaqat parvariş, balki qulay şaroit, e’zozlangan mehnat va kelajakka işonç demakdir. Inson qadrini uluğlaşga qaratilgan har qanday ezgu taşabbus aynan amaliy natijasi bilan ahamiyatlidir.
Diyora ISMOILOVA