--

“ZEHNIYA” JAMOASI – TURNIR GʻOLIBI

“ZEHNIYA” JAMOASI – TURNIR  GʻOLIBI
Chop etilgan 24 October, 2026

Joriy yilda O‘zbekiston musulmonlari idorasi xotin-qizlar bo‘limi tashabbusi bilan respublika otinoyilari o‘rtasida “Zakovat” intellektual turnirini o‘tkazish rejalashtirilgan edi. 

Yaqinda bo‘lib o‘tgan ushbu turnirning viloyat bosqichida eng bilimdon, kitobxon otinoyilardan iborat “Fiqh”, “Aqida”, “Zehniya” deb nomlangan uchta jamoa ishtirok etdi. Har bir guruhdan 6 nafardan ishtirokchi o‘zaro bahsga jalb etildi. Fiqh, aqida, siyrat mavzusidagi hamda mantiqiy savollar jamlangan konvertlar turnir hakamlar hay’ati raisi tomonidan ochildi. Har bir savolga tayyorlanish uchun berilgan 50 daqiqadan ishtirokchilar unumli foydalandilar.

Turnir jarayonida shu narsa aniq bo‘ldiki, otinoyilar nafaqat diniy tomondan yetarli bilimga ega bo‘libgina qolmay, dunyoviy bilimlarni ham egallaganliklari, shuningdek, bugungi kunda yurtimizda olib borilayotgan islohotlarning mazmun va mohiyati, ijtimoiy-siyosiy, madaniy-ma’rifiy sohalardagi yangiliklar, yutuqlardan ham xabardor ekanliklarni namoyish etdilar. Bahs jarayonlari juda qiziqarli va mazmunli o‘tdi.

D.Mamasoliyeva, S.Raxmonova, S.Yunusova, M.Jangirova, S.Mavlanova, M.Nazirova kabi ilmli, ma’rifatli, zukko otinoyilarni jamlagan “Zehniya” guruhi 28 ball to‘plab, birinchi o‘rinni egalladi. Gʻoliblar va ishtirok-chilar “Vaqf” xayriya jamoati fondining viloyat filiali rahbariyati va vakillikning xotin-qizlar bo‘limi tomonidan diplomlar va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.

Ayni kunlarda “Zehniya” jamoasi “Zakovat” intellektual turnirining joriy yilning noyabr oyida bo‘lib o‘tadigan respublika bosqichida ishtirok etish uchun hozirlik ko‘rmoqda.

Rahima ISKANDAROVA,  

viloyat bosh otinoyisi

Тегlar::