--

SIRDARYODA SUV TAQSIMOTI QAY DARAJADA?

SIRDARYODA SUV  TAQSIMOTI  QAY  DARAJADA?
Chop etilgan 21 October, 2026

Viloyatimizning qishloq xo‘jaligi va dehqonchilik salohiyati, eng avvalo, uning suv
resurslari va irrigatsiya-melioratsiya infratuzilmasiga bog‘liq. Mintaqada suv tanqisligi va iqlim o‘zgarishi kundan-kunga yaqqol sezilayotgan bir paytda yerlarning meliorativ holati, suv resurslaridan foydalanish samaradorligi hamma uchun birdek qiziq.
Quyi Sirdaryo irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi matbuot kotibi Jasur Muxtorovning taqdim etgan ma’lumotlarini tahlil qilar ekanmiz, hududiy irrigatsiya va melioratsiya tizimida erishilgan natijalar bilan birga yechimini kutayotgan jiddiy muammolar ham borligiga iqror bo‘ldik.
Viloyat hududida boshqarma nazorati ostida turgan jami 287 080 gektar sug‘oriladigan yer maydoni mavjud. Joriy sug‘orish mavsumida ushbu yerlarni suv bilan ta’minlash uchun 1 764 million m³ suv limiti ajratilishi belgilangan bo‘lib, amalda 1 545
million m³, ya’ni 88 foiziga suv yetkazib berildi. Ushbu ta`minot evaziga 909,56 ming gektar maydonda ekinlar sug‘orildi.
Ma’lumotlarda joriy yilda suv yetishmovchiligi sababli ekinlari zararlangan yoki hosildorligi pasaygan xo‘jaliklar qayd etilmagan.
Viloyat bo‘yicha jami 5 908 kilometr masofadagi irrigatsiya tarmoqlari mavjud. Shundan tuproq o‘zanli kanallar 3 396,2 kilometr (umumiy tarmoqning 57 foizi), beton qoplamali kanallar 1 404 kilometr, lotok tarmoqlari 1 057,9 kilometr, yopiq-yotiq tarmoqlar 49,5 kilometrni tashkil qiladi. Ko‘rinib turibdiki, kanallarning katta qismi tuproq o‘zanidan iborat. Shu sababli suvning dalagacha yetib borishida 25-30 foiz qismi yo‘qotilmoqda. Har uch litr suvning bir litri tuproqqa yutilib, isrof bo‘layotgani hozirgi suv tanqisligi davrida katta yo‘qotish hisoblanadi.
Tizimni boshqarish uchun 1 467
ta gidrotexnik inshoot va 1 059 ta
gidropost xizmat qilmoqda. Ulardan 1 400 ta inshoot va 1 009 ta gidropost soz holatda bo‘lsa, 67 ta inshoot va 50 ta gidropost ta’mirtalab holga kelib qolgan.
Suv yo‘qotishlarining oldini olish va infratuzilmani tiklash uchun muayyan mablag‘lar ham yo‘naltirilmoqda. Joriy yilda boshqarma faoliyatiga jami 16,5 milliard so‘m (12 millird so‘m mahalliy budjetdan kanallarni ta’mirlashga, 4,5 millird so‘m miqdoridagi mablag‘ respublika budjetidan suv tanqisligining oldini olishga) ajratildi. Ushbu mablag‘lar evaziga 12 kilometr masofadagi kanalni betonlashtirish, 50 kilometr masofadagi kanalni mexanizmlar bilan tozalash, 47 ta gidrotexnik inshoot va 152 ta gidropostni ta’mirlash rejalashtirilgan.
Shuningdek, 2024–2026-yillar davomida 241,4 kilometr kanallar betonlashtirilib, jami 34,7 million m³ suv iqtisod qilindi. Hozirda “Do‘stlik” kanalining 3,4 kilometr va “MASHKANAL”ning 15 kilometr masofadagi qismida betonlashtirish ishlari davom etmoqda.
Suv hisobini aniq yuritish maq-sadida 865 ta gidropostga “aqlli suv” hamda yirik nasoslarga 75 ta “nasos onlayn” monitoring qurilmalari o‘rnatilib, Suv xo‘jaligi vazirligining Vaziyatlar markaziga integratsiya qilingan. Kelgusida yana 1 436 ta “aqlli suv” qurilmasini o‘rnatish rejalashtirilgan.Sirdaryo yerlarining xususiyatidan kelib chiqib, tuz toplanishining oldini olish va sizot suvlari sathini me’yorda ushlash hal qiluvchi ahamiyatga ega.
Tahlillarga ko‘ra, viloyatdagi 287 ming gektarga yaqin sug‘o-riladigan yerlarning 17 735 gektari
sho‘rlanmagan, 224 286 gektaridan iborat yer kam sho‘rlangan, 42 413 gektar yer o‘rta sho‘rlangan, 2 646 gektar yer kuchli sho‘rlangan. Mirzaobod, Sardoba, Xovos tumanlarining yer maydonlari sho‘rlanishga moyilligi sababli meliorativ holatini doimiy nazorat ostida ushlab turish hamda sho‘rlanish darajalarini kamaytirish uchun barcha agromeliorativ tadbirlarni vaqtida va to‘liq bajarib turish talab qilinmoqda.
Guliston, Mirzaobod, Oqoltin,
Sayxunobod va Sirdaryo tumanlarida yer osti sizot suvlari sathi, Boyovut, Mirzaobod, Oqoltin va Sardoba tumanlarida esa sizot suvlari minerali-zatsiyasi me’yoriy ko‘rsatkichlardan yuqoriligi kuzatilgan. Buning bosh sababi kollektordrenaj tarmoqlarining nosozligi bilan ham bog‘liqdir.
Viloyatda jami 16 022 kilometr masofadagi kollektor-drenaj tarmog‘i mavjud. Shundan 7 804 kilometr ochiq kollektorlarning 3 045 kilometr qismi (39 foizi) qoniqarsiz, 8 218 km yopiq-yotiq drenajlarning 3 934 kilometr qismi (48 foizi) qoniqarsiz holatda. Bu jami qoniqarsiz tarmoqlar 6 979 kilometr, ya’ni butun 16 022 kilometrlik tarmoqning qariyb 43,6 foizi deganidir.
Xovos, Oqoltin, Mirzaobod va Sardoba tumanlaridagi 1 250 kilometr masofadagi yopiq-yotiq drenajlar qurilganiga 50–60 yil bo‘lgani sababli ularning ishchi holati deyarli yo‘qolgan. Melioratsiya sohasidagi eng achinarli holat ayrim xorijiy investorlar, klasterlar va tadbirkorlar tomonidan ochiq kollektor-drenaj tarmoqlarining o‘zboshimchalik bilan ko‘mib yuborilganidir. “Shinjon” usulida tomchilatib sug‘orishni joriy etish yoki dalalarni konturlash bahonasi bilan Sirdaryo meliorativ ekspeditsiyasining tegishli xulosasisiz necha kilometrlab zovurlar ko‘mib yuborilgan. Xususan, Mirzaobod tumanida “Mirzacho‘l agroklaster” MCHJ tomonidan 24,37 kilometr, “SIRDARYO JINGU” MCHJ tomonidan 19,09 kilometr, Xovos tumanida “RS Success Agro LLC” MCHJ tomonidan 16,3 kilometr masofada ochiq kollektorlar, Boyovut tumanida “Xusanbek Klaster” MCHJ va “Sirdaryo Jingo” MCHJ tomonidan 4,45 ki-lometr kollektorlar, Sayxunobod tumanida Xitoy investorlari tomonidan 0,5 kilometr masofadagi kollektor ko‘mib yuborilgan. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, zovurlarning loyihasiz va gidravlik hisobsiz ko‘milib ketishi suvning erkin oqishiga to‘sqinlik qilib, sizot suvlari sathining ko‘tarilishiga, tuproqlarning ikkilamchi sho‘rlanishiga hamda aholi tomorqalarining yaroqsiz holga kelishiga ham olib keladi. Shu sababli hozir investor va tadbirkorlarning omadi yurishadigan davrda bo‘lishimizdan qat’iy nazar ularga nisbatan tegishli choralar ko‘rilishi zarur.
Quyi Sirdaryo irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi va uning tizim tashkilotlariga joriy yil boshidan hisobot davriga qadar suv ta’minoti, limit, kanallar va drenaj masalalarida jami 362 ta murojaat kelib tushgan. Murojaatlarning 350 tasi (96,7 foizi) ijobiy hal etilgan, qolgan 12 tasiga huquqiy tushuntirishlar berilgan. Har bir qatra suv — rizq-rozi manbai. Tuproq o‘zanli kanallardagi 30 foizlik suv yo‘qotilishi hamda klaster va investorlarning zovurlarni o‘zboshimchalik bilan ko‘mib tashlashi kabi holatlarga qat’iy va murosasiz munosabat zarur. Milliardlab ajratilayotgan davlat mablag‘lari qog‘ozdagi hisobotlarda emas, balki dehqonning hosilida va yerning meliorativ barqarorligida o‘z aksini topmog‘i lozim.
Marjona HAYITBOYEVA

Marjona XAYITBOYEVA
Marjona XAYITBOYEVA
MUXBIR
Тегlar::