--

Kasalni yashirsang, isitmasi oshkor qiladi

Kasalni yashirsang, isitmasi oshkor qiladi
Chop etilgan 8 October, 2026

Dono xalqimiz bejiz:  “Tozalik — sog‘lik garovi”, “Uyi tozaga gard yuqmas, gard yuqsa ham dard yuqmas”, degan maqollarni to‘qimagan. Oila borki, yeb-ichar bor, maishiy chiqindi bor. Mahallalar orastaligini ta’minlashda joylardagi “Toza hudud” davlat unitar korxonasi aholi joniga oro kirmoqda.
Korxonaning Mirzaobod tumani filiali rahbari Ilhom Hakimovga sim qoqib, tashkilot faoliyati bilan tanishmoqchi bo‘lganimizni aytganimizda, idoraga kelib yurmang, to‘g‘ri ish jarayoni ketayotgan hudud “Bog‘iston” mahallasiga keling, deb qoldilar. Rahbar bilan Yangiobod massividagi uylar oldida uchrashdik. “ISUZU” rusumli maxsus chiqindi tashuvchi mashinaga ishchilar yo‘l chetlaridagi qo‘qimlarni yuklagancha atrof-jonibni tozalab borardi.
Salom-alikdan keyin suhbatimiz qo‘r oldi. I.Hakimov korxonadagi haqiqiy ahvol bilan tanishtirganda mashhur qo‘shiqdagi “Dardim sig‘mas dunyoga” jumlasi xayolimizga keldi. Keling, yaxshisi faktlarga murojaat qilaylik. Rahbarning shahodat berishicha, filial xodimlari 14 mingdan ortiq aholiga xizmat qilarkan. Bular sirasiga 16 ta mahalla, joylardagi maktablar, maktabgacha ta’lim tashkilotlari hamda qishloq vrachlik punktlari kirarkan.
— Tasarrufimizdagi aholi punktlari xonadonlaridan haftada bir marta jadval asosida chiqindilarni yig‘ib olib ketamiz, — deydi I. Hakimov. — Biroq keyingi paytlarda yumushimizda kamchiliklar bolalab borayapti. Har kuni manzilimizga o‘nlab shikoyatlar tushmoqda. Sababi 10 ta chiqindi tashuvchi mashinalarimizdan 4 tasi nosoz. Hudud katta bo‘lganligi bois qolgan mashinalar ortiqcha yuklama bilan ishlamoqda. Yashirib nima qildik: chiqindilarni vaqtida olib chiqib ketishga ulgurmagan paytlarimiz ham bo‘layapti.
Darvoqe, tuman filialining alohida hisob raqami yo‘q. Tuman-shahar filiallarining moliyaviy  tomoni “Toza hudud” davlat unitar korxonalari (DUK) Sirdaryo viloyati boshqarmasi tomonidan boshqariladi. Ma’muriyat nosoz mashinalarni epaqaga keltirish uchun mablag‘ so‘rab, viloyat tashkilotiga ketma-ket bildirgilar yo‘llashiga qaramay natija bo‘lmayapti.
Muxbirga ro‘baro‘ kelgan rahbar dardini dasturxon qiladi, deganlaridek, yana ko‘p kamchiliklar ochilib ketdi. Korxona ishchilari avgust oyining maoshini kuni kecha olishibdi. Tuman hokimligidan ma’muriyat xodimlari uchun bittagina xona ajratilgan. Bu yerda rahbar va ikki nafar kompyuter operatori qisilishib ishlamoqda. Printer va klaviatura ham ta’mirtalab bo‘lib qolibdi.
— Chiqindilarni Yangiyer hududiga olib borib, to‘kamiz, — deydi maxsus chiqindi tashuvchi mashina haydovchisi Abduhoshim Qoraboyev. — Yo‘limiz ancha uzoq — 20-25 kilometr chiqadi. Qishli-qirovli kunlar kelib, qor-yomg‘irlar yog‘sa, chiqindixonaga kirish ham mushkul bo‘lib qoladi.
Yo‘llarning nosozligi chiqindi tashuvchi texnika vositalarining tez to‘kilib qolishiga sabab bo‘lmoqda. Muftasi, ballonlari, motor bilan korobkani ajratuvchi moslamasi va yana biz yaxshi anglamagan allambalo qismlari ishdan chiqayotgan ekan. Hatto filial tasarrufida chiqindi tashiydigan mashinalar uchun mo‘ljallangan garaj ham yo‘q ekan. Boshqa bir tashkilotning garajidan ijara asosida foydalanilar ekan.
Biz filialning debitor qarzdorligi, iste’molchilar bilan tuzilgan shartnomalar, ko‘rsatilgan xizmat uchun to‘lovlar haqida rahbardan so‘raganimizda, ertaga kompyuterdagi ma’lumotlarni ko‘tarib, anig‘ini aytaman, degan gapni qildi. Biz rozi bo‘ldik. Ertasiga Ilhom Hakimovga sim qoqqani-mizda: “Tag‘in men aytgan ma’lumotlarni dastak qilib, yuqoridagi rahbarlar ishdan bo‘shatib yubor-maydimi?“ degan xavotirli javobni eshitdik. Shu o‘rinda jamiyatimizda urchib borayotgan bir illatni aytib o‘tmasak, bo‘lmas. Ayrim rahbarlar rost so‘zlarni aytgan qo‘l ostidagi xodimlardan olabo‘ji yasab, qutulish yo‘llarini qidirishadi. Yopig‘liq qozonni yopiqligicha qoldiradigan xodimlarni yoqtirishadi. Bu turishda kamchiliklarimiz va muammolarimiz qanday hal bo‘ladi? Kasalni yashirgani bilan baribir kuni kelib, isitmasi oshkor qiladi-ku! Undan ko‘ra ochiqlangan kamchiliklarni birga o‘tirib, boshni boshga qo‘yib, yechish yo‘llarini qidirish kerak emasmi?!
Biz kun choshgohga yaqinlashganda I. Hakimovdan telefon orqali va’da qilingan raqamlarni so‘radik. “Internet yaxshi ishlamayapti, kompyu-terimiz ochmayapti. Yangilik bo‘lsa, o‘zim qo‘ng‘i-roq qilaman”, deya xayrlashdi. So‘ngra bir necha marta qilgan qo‘ng‘iroqlarimizga javob bo‘lmadi. Aftidan, yo internet ishlamagan, yo faktlar tanqid-bop bo‘lgan. Bo‘lgan gap shu.
Muhammadali AHMAD

Тегlar::